Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Munosabat: “Samarqandga muzey-qo‘riqxona albatta kerak”

11 fevral kuni saytimizda muzeyshunos Mahmudxon Yunusovning “Samarqandga muzey-qo‘riqxona kerakmi? Agar kerak bo‘lsa hukumat qarori ijrosini ta’minlash zarur” sarlavhasi maqolasi e’lon qilingan edi. Viloyat madaniy meros boshqarmasidan mazkur maqolaga munosabat bildirildi. Unda maqolada keltirilgan bir qator mavzularga izoh berilgan.

Ijtimoiy tarmoqda e’lon qilingan “Samarqandga muzey-qo‘riqxona kerakmi?” mavzusi yuzasidan e’lon qilingan maqolasi yuzasidan Samarqand viloyati Madaniy meros boshqarmasi  muzeylarni rivojlantirish, yodgorliklarni muzeylashtirish va milliy muzey fondi davlat katologini yuritish bo‘yicha mutaxassisi Ziyodulla Nasimov quyidagicha munosabat bildiradi:

“Birinchidan, muzey-qo‘riqxona o‘zi nima degan savolga javob bermoqchiman. Tarixiy-madaniy qo‘riqxona va u bilan bog‘liq tabiiy landshaft tarkibiga kiruvchi moddiy madaniy meros ob’yektlarida muzeylar yaratilib, shuningdek, tarixiy-madaniy qo‘riqxona hududida ilgari udum bo‘lgan an’anaviy xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyatlar tiklangan tarixiy-madaniy hududlar muzey-qo‘riqxonalar hisoblanadi.

 “Samarqand – madaniyatlar chorrahasi” nomi bilan YuNESKO Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand shahrining tarixiy markazi muzey-qo‘riqxonasi hisoblanadi.

 

 O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-martdagi “Moddiy madaniy meros obektlari va YuNESKOning umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlar muhofazasini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 119-sonli qarorining 9-ilovasiga muvofiq “Samarqand” davlat muzey-qo‘riqxonasining qo‘riqlanadigan tegralarining chegarasi tasdiqlangan.

 Mazkur qarorning 7-bandi bilan davlat muzey-qo‘riqxonalari qo‘riqlanadigan tegralaridagi yerlar ushbu tegralarda joylashgan yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar ixtiyorida qoldirilgan.

 Muzey-qo‘riqxona hududidagi moddiy madaniy meros ob’yektlari tevarak atrofidagi tarixiy muhit bilan birga asralishi, tarixiy-madaniy qo‘riqxona hududining yaxlitligi, shuningdek, mazkur hudud chegaralarida qurilish va xo‘jalik faoliyatini tartibga solib turilishidagi asrashga doir ishlarda vakolatli organ (Madaniy meros agentligi va uning hududiy boshqarmalari) tomonidan davlat nazorati o‘rnatiladi.

 Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-dekabrdagi “Moddiy madaniy meros obektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4068-son qarorining 9-bandi bilan “Samarqand davlat birlashgan tarixiy-me’moriy va badiiy muzey-qo‘riqxonasi” ya’ni davlat muassasasining nomi “Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi” etib qayta nomlangan.

 Davlat muassasasi hisoblangan “Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi” Samarqand – madaniyatlar chorrahasi” nomi bilan YuNESKO Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand shahrining tarixiy markazida asrashga doir ishlar bilan shug‘ullanib, tashkilot vakolatiga ob’yektlarni qo‘riqlanishini ta’minlash kirmaydi.

 Muzey-qo‘riqxona hududlarini qo‘riqlash ishlari Madaniy meros agentligining hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshirilib, moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlarida, alohida muhofaza qilinadigan Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlarda ob’yektlarni qurish, buzish va obodonlashtirish ishlarining loyihalari madaniy meros agentligi bilan majburiy tartibda kelishish belgilangan.

 Uchinchidan, muzey sohasiga oid qonun va qonunosti hujjatlarga asosan “Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi” davlat muassasasi hisoblanadi, faoliyat turiga uning filiallari hisoblangan Samarqand shahridagi “Mirzo Ulug‘bek muzeyi-majmuasi”, “Sadriddin Ayniy uy-muzeyi”, “Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyi”, “Xoja Abdulaziz Abdurasulov uy muzeyi”, “Samarqand viloyat o‘lkashunoslik muzeyi”, “Afrosiyob-Samarqand shahar tarixiy muzeyi” va “O‘zbekiston Madaniyati tarixi davlat muzeyi”, Kattaqo‘rg‘on shahridagi “Kattaqo‘rg‘on shahar tarixi muzeyi”, Ishtixon tumanidagi “Ishtixon tumani tarixi muzeyi”, Qo‘shrabot tumanidagi “Yergash Jumanbulbul o‘g‘li yodgorligi muzeyi”, Paxtachi tumanidagi “Paxtachi tumani tarixi muzeyi”larining faoliyatini muvofiqlashtirish, ular ustidan nazorat o‘rnatish hamda muzeylarda saqlanayotgan eksponatlarni asrab-avaylash, foydalanish (ko‘rgazma qilish), ularni ilmiy tadqiq qilish va boshqa vazifalar kiradi.

 To‘rtinchidan, moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’yekti hisoblangan “Ashratxona” maqbarasi bizgacha yetib kelgan holati bo‘yicha konservatsiya qilingan. Sodda qilib aytganda ob’yektni konservatsiya qilish muzeylashtirish deyiladi. Bunday ob’yektlar osmon ostidagi muzey hisoblanadi.

Beshinchidan, “Samarqandga muzey-qo‘riqxona kerakmi?” degan savolga “Ha, kerak” deb javob beramiz. Chunki muzey-qo‘riqxonalar ichki va xorijiy turizmning asosiy bo‘g‘ini hisoblanadi. Nomlanishi bir xil bo‘lishi mumkin, faqat davlat muassasasi hisoblangan “Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi” (viloyat bosh muzey ma’muriyati) hamda “Samarqand – madaniyatlar chorrahasi” nomi bilan (YuNESKO Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan) Samarqand shahrining tarixiy markazi muzey-qo‘riqxonasi (tarixiy hudud)ning farqiga borish kerak xolos! Yuqorida aytilganidek, tarixiy hudud yoki madaniy meros ob’yektlarining asrashga doir ishlari yuzasidan xulosalar berish muzey xodimining vakolatiga kirmasligini ta’kidlab o‘tmoqchiman.

 Xulosa o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-maydagi PQ-4730-son Qarorining 3-bandiga asosan Samarqand viloyat Madaniyat boshqarmasiga 1121 ta hamda “Samarqand muzey-qo‘riqxonasi"ga 13 ta moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’yektlari operativ boshqaruv huquqi bilan o‘tkazilgan.

 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-apreldagi PF-6199-son Farmonining 8-bandiga asosan Samarqand viloyati Madaniyat boshqarmasi tasarrufidagi moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’yektlari Madaniy meros agentligining Samarqand viloyati Madaniy meros boshqarmasiga operativ boshqaruv huquqi bilan qaytariladi. Foydalanilmayotgan ob’yektlar "Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi"dan hududiy madaniy meros boshqarmasiga qaytariladi".