Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mustahkam voqeasi teskari effekt berdimi?!

Samarqandlik Mustahkamning “Turmush o‘rtog‘imni kechirdim”, deb e’lon qilgan videolavhasi ijtimoiy tarmoqlarda turli munosabatlarni uyg‘otdi. Ular orasida salbiy fikrlar salmoqli qismni tashkil qiladi.

Hatto fikrlar orasida Mustahkam kimningdir bosimi ostida shunday qarorga kelgani ehtimoli ham ta’kidlanmoqda. Ushbu videolavhadan keyin bu haqda ayol bilan bir necha blogerlar suhbat uyushtirishga ham ulgurdi. Ushbu videolarda Mustahkam kamera qarshisida ancha erkin fikr bildirayotganini, qarashlarini o‘ziga ishongan holda namoyon etayotganini kuzatish mumkin.

Nima bo‘lgan taqdirda ham Mustahkamning bugungi holati, bu taxlit chiqishi aslida ko‘pchiligimiz uchun biz ko‘nikkan, o‘rgangan holat, desak adashmaymiz. Biz ushbu maqolada bo‘lib o‘tgan voqeaning aybdorlari-yu, aybsizlari, oiladagi o‘zaro nizolaru, yarashuvlarning mohiyatiga yetib olmoqchi emasmiz. Zero, buning tagiga yetishning imkoni ham, iloji ham yo‘q. Fakt aniq edi, u keng jamoatchilikka namoyish etildi, zo‘ravonlik barchada salbiy hissiyotlarni junbushga keltirdi, ammo… Ammo oradan ko‘p o‘tmay voqea boshqacha tus oldi va u ham o‘z navbatida odamlarda negativ fikrlarni uyg‘otdi.

Xo‘sh, voqealarning bu taxlit odamlarga yetkazilishi qanday natijani keltirib chiqardi? Zo‘ravonlik haqdagi tushunchalarimiz qaysi tomonga  o‘zgardi-yu, voqea ishtirokchilari bu oshkoralikdan qanday naf ko‘rdi?

- Mustahkam singari kelinlar bugungi jamiyatimizda juda ko‘pchilikni tashkil qiladi, - deydi psixolog, SamDU psixologiya kafedrasi o‘qituvchisi Musharraf Salohiddinova. - Hali shaxs sifatida shakllanmagan, 16 yo 17 yoshida turmushga chiqqan bu kabi qizlar oilaviy hayotini o‘zining asosiy olami deb biladi. To‘g‘ri, ular uy-ro‘zg‘or yumushlarida, ehtimol bolaga qarashdagi tajribasi shakllanib, yaxshilanib borar, ammo o‘zini o‘zi rivojlantirishga e’tibor qaratmagani tufayli ijtimoiylashish kabi jarayondan chetda qolib ketaveradi. Qo‘lida hunari, yo kasbi bo‘lmagach, o‘ziga nisbatan ishonchi ham haminqadar. Tasavvur qiling, doim kattalar homiyligida (ya’ni, eri, qaynota-qaynona) yashab kelayotgan ayol birdan ko‘chaga chiqarib qo‘yilsa, u qanday ahvolga tushadi? Bugun Mustahkamning videolarida men o‘zgardim, fikrim shakllandi, qabilidagi fikrlarni eshitgan bo‘lsangiz kerak. To‘g‘ri, u bilan ruhshunoslar ishlagan, unga motivatsion mashg‘ulotlar o‘tilgandir, ehtimol. U shu mashg‘ulotlar ta’siridangina faqat og‘zaki fikrlarni bildiryapti. Ya’ni, maktab o‘quvchisi yod olgan narsasini aytib berganday, o‘rganganlarini aytyapti, xolos. Hali uning mustaqil shaxs sifatida shakllanishi uchun yillar kerak.

U o‘sha payti zo‘ravonlikka chiday olmay, yosh bola singari «seni aytib beraman!» deya unga yordam bermoqchi bo‘lgan insonlarga bor dardini aytdi, ammo vaqt o‘tgani sayin o‘zi ko‘nikkan olam uning ustuni ekanligi kabi tushunchasidan xalos bo‘lgani yo‘q.  Shuning uchun ham o‘ziga qulay yo‘lni tanlashga harakat qilyapti, xolos.

Alohida ta’kidlashni istardim, bu kabi voqealarni qo‘ni-qo‘shnisida eshitib yursa-da, ammo befarq qaraydigan insonlar nega virtual olamda bu qadar isyon ko‘tardi? Axir qo‘shnisinikida sodir bo‘lganini bilsa-da, bir og‘iz tanbeh berishga harakat qilmasdi-ku u. Gap shundaki, ushbu voqea tobora virtuallashayotgan bizning jamiyatdagi ilk shov-shuvli voqealardan biri edi. Shuning uchun odamlar unga yordam berishga oshiqdi, zo‘ravonlikka nisbatan nafrat paydo bo‘ldi.

Lekin endigi holat-chi? Uning kechirishi bu voqeani yuragiga yaqin olgan odamlarga qanday ta’sir ko‘rsatish mumkin? Afsuski, bu voqea zo‘ravonlikka murosasizlik kayfiyatini shakllantirish o‘rniga teskari effekt, ya’ni natija keltirib chiqardi. Xususan, erkaklar orasida, mana, qo‘lidan nima keldi, baribir qaytadi ayol, degan tushuncha shakllansa, ayollarda shunchalik kaltaklangan ayol kechirdiku, men kechirsam nima bo‘pti, degan tushuncha yanayam kuchliroq singishib qoladi. Buni ijtimoiy tarmoqlardagi «er-xotin ishiga ahmoq aralashadi» qabilidagi juda ko‘p bildirilayotgan fikrlardan ham bilsa bo‘ladi. Bu iboraning odamlar ongida yanada mustahkamlanishiga sharoit yaratildi, xolos.

Ha, butun dunyoda zo‘ravonlik masalasi bilan bu haqda yaxshi xabardor mutaxassislardan iborat tegishli idoralar shug‘ullanishi bejiz emas. Biz esa hamon hamma masalada eng yaxshi mutaxassis singari «pandnoma» ruhida ish ko‘rayotganimiz ham bor gap.

Gulruh Mo‘minova.