Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mutasaddi mas’uliyatni ham bilishi kerak

Xalq deputatlari viloyat Kengashining Ijtimoiy-madaniy sohani rivojlantirish, oila, xotin-qizlar va yoshlar masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi Mirzo Ixtiyorov bilan suhbat.

- Siz rahbarlik qilayotgan doimiy komissiyaning joriy yilgi faoliyatidan ko‘nglingiz to‘ldimi? Nimalardan qoniqmadingiz?

- Doimiy komissiya xalq deputatlari viloyat Kengashining ikkinchi sessiyasida tasdiqlangan ish rejasi asosida faoliyat olib bordi. O‘z navbatida, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Senatning tegishli qo‘mitalari bilan hamkorlikda ishladik.

Masalan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga viloyatdan saylangan deputatlar bilan karantin cheklovlariga amal qilinishi, maxsus davolash markazlarida bemorlar va tibbiyot xodimlariga yaratilgan sharoitlar, ajratilayotgan mablag‘larning maqsadli va manzilli sarflanishi jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganildi.

Bundan tashqari, oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari, kirish imtihonlarida abituriyentlarga yaratilayotgan sharoitlarni yaxshilash, test topshirish jarayonlarining shaffofligini ta’minlashda viloyatdagi oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari doimiy komissiya a’zolari tomonidan senator va jamoatchilik vakillari hamkorligida nazorat qilib borildi.

Senatning tegishli qo‘mitasi bilan viloyat dehqon bozorlarida “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi qonun ijrosini o‘rganib chiqdik.

Albatta, o‘rganilgan masalalar parlament palatalarining tegishli yig‘ilishlarida muhokama qilindi. Aniqlangan kamchiliklar belgilangan tartibda hal qilindi.

Biroq bu bilan doimiy komissiyamiz faoliyatidan ko‘nglim to‘ldi, deb aytolmayman. Sababi, ijtimoiy-madaniy sohadagi keng ko‘lamli islohotlar, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, ularning bandligini ta’minlash, turmush darajasini yaxshilash borasidagi ishlarni o‘rganish, bu boradagi muammo va kamchiliklarni bartaraf qilish imkoniyatlaridan yetarli darajada foydalanmadik.

- Xalq deputatlari viloyat Kengashida eng faol deputat aniqlansa, doimiy komissiyangizda kim bu nomga loyiq, deb hisoblaysiz?

- Amaldagi chaqiriqqa saylangan viloyat Kengashi deputatlari muammoli masalalarni ko‘tarib chiqayotganligi, ijro hokimiyati oldiga vazifa va masalalarni qo‘yayotganligi bilan avvalgilardan ajralib turibdi. Deputatlar o‘zlari saylangan saylov okrug hududidagi yillar davomida yechimini kutib kelayotgan muammoli masalalarni hal qilishda faollik ko‘rsatayotgani ham jamoatchilikka ayon.

Qayd qilish lozimki, bu borada saylovchilar bilan doimiy muloqot yo‘lga qo‘yilganligi, deputatlik so‘rovi institutidan unumli foydalanilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, doimiy komissiya a’zolari tomonidan muammoli masalalarni hal qilish maqsadida mahalliy hokimliklar, turli idora va tashkilotlar, boshqarmalarga 100 ga yaqin deputatlik so‘rovi chiqarilgan.

Misol uchun, Sarvinoz Najmiddinova (18 ta), Gulnora Alimova (17 ta), Nilufar Nurmatova (17 ta) eng ko‘p deputatlik so‘rovini chiqargan.

Doimiy komissiyamizning Senat a’zoligiga saylangan deputat Rustam Xolmurodov viloyat Kengashi sessiyalarida ta’lim sifatini yaxshilash, yoshlar bandligini ta’minlash, xotin-qizlar va oila masalalariga oid takliflari bilan ko‘pchilik deputatlarimizga ibrat bo‘lmoqda.

Biroq Erkin Nurboyev va Sarvinoz Najmiddinovalar shu kunga qadar o‘zlari saylangan hududdagi ahvol haqida viloyat Kengashi sessiyasida tasdiqlangan anketa savollariga javob berishmagan.

- Yil davomida boshqarma boshlig‘i, o‘rinbosari yoki tuman hokimlaridan kimlarning faoliyati bo‘yicha hisobotini eshitgansizlar? Ulardan qaysi soha rahbarlari qayta hisob berdi yoki qaysi birlarining bergan ma’lumotlaridan doimiy komissiya deputatlarining ko‘ngli to‘lmadi?

- Biror mas’ulning hisobotidan ko‘nglimiz to‘lmadi, deb jamoatchilikka oshkor qilishim qaysidir ma’noda noo‘rin, deb bilaman. Ammo shunday holat yuz berganda tegishli tavsiyalarni berib, hisobotini qayta eshitgan vaqtlarimiz ham bo‘ldi.

Ma’lumot o‘rnida aytishim mumkin, viloyat sog‘liqni saqlash hamda xalq ta’limi boshqarmasi mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan hisobot eshituvlari eng ko‘p tortishuv va munozaralarga sabab bo‘ldi. Xabaringiz bor, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosarining hisoboti keyinchalik xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasida ham keskin e’tirozlarga sabab bo‘ldi.

Aytmoqchi bo‘lganim, har bir rahbar nafaqat sessiyaga, balki doimiy komissiya yig‘ilishiga ham alohida mas’uliyat bilan tayyorgarlik ko‘rishi kerak. Negaki, u har biri 50-60 ming saylovchi ishonch bildirgan, vakil bo‘lishga munosib ko‘rilgan xalq noiblari oldida hisob beradi.

- Doimiy komissiyaning kelgusi yilgi rejalari haqida nima deya olaysiz?

- Yillik rejaga asosan komissiyamiz a’zolari yoshlarni sog‘lomlashtirish, ularning jismoniy tarbiya va sportga bo‘lgan munosabati, ta’lim maskanlarida o‘quvchilarni sportga jalb qilish borasidagi ishlarning ahvolini o‘rganadi.

Masala yuzasidan tegishli takliflar, tavsiyalar ishlab chiqilib, ijroga qaratildi. Ijtimoiy sohada o‘zgarish, yangilik kiritish, zamonaviy yondashuvlarni talab qiladigan sohalar ko‘p. Shu bois, kelgusi yil ko‘proq nazorat-tahlil faoliyatiga e’tibor qaratishni rajalashtirganmiz.

Yuqorida aytdim, Qonunchilik palatasi va Senat bilan bir nechta masalani o‘rgandik, natijalari parlamentda muhokama qilindi. Bu qaysidir ma’noda tajriba orttirishimiz, jamoatchilik va Kengash nazoratining farqli jihatlarini, qonuniy asoslarini puxta o‘rganishimizga xizmat qildi.

Yo.MARQAYeV suhbatlashdi.