Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mutaxassis tavsiyasi: Siz iste’mol qilayotgan taomda qancha energiya bor?

Inson bajarayotgan mehnat faoliyati turiga qarab bir kunda oziq-ovqat mahsulotlaridan olinadigan energiya miqdori quyidagi guruhlarga bo‘linadi:

Birinchi guruh – aqliy mehnat bilan shug‘ullanuvchilar, bularga korxona, tashkilot, muassasa rahbarlari, meditsina xodimlari, pedagoglar, fan arboblari, ish yurituvchilar, kotib(a)lar hamda mehnati asab tizimi  bilan bog‘liq ishlovchi xodimlar.

Ikkinchi guruh – yengil jismoniy mehnat bilan shug‘ullanuvchi ishchilar, bularga muxandis-texnik ishchilar, avtomatlashtirilgan jarayonlar bilan band ishchilar, radioelektron va soatsozlik bilan shug‘ullanuvchilar, tikuvchilar, agronomlar, xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar, aloqa va telegraf ishchilari, jismoniy tarbiya instruktorlari va trenerlar.

Uchinchi guruh – mehnat og‘irligi o‘rtacha bo‘lgan ishchilar, ya’ni slesarlar, kimyogarlar, turli xildagi transport haydovchilari, oziq-ovqat sanoatida ishlovchilar, ovqatlanish korxonalari ishchilari, temir yo‘lchilar, ko‘tarish-transport mexanizm mashinistlari, avtotransport ishchilari, oziq-ovqat tovarlari sotuvchilari, pooligrafistlar.

To‘rtinchi guruh – og‘ir jismoniy mehnat bilan shug‘ullanuvchi ishchilar bularga qishloq xo‘jaligi ishchilari va mexanizatorlar, qurilish, tog‘-kon, neft-gaz sanoati, metallurg va quyuvchilar, sellyuloz – qog‘oz va taxtani qayta ishlash va qurilish materiallari sanoati ishchilari kiradi.

Beshinchi guruh – o‘ta og‘ir jismoniy mehnat bilan band bo‘lgan yer osti ishlari bilan band bo‘lgan tog‘ ishchilari, daraxt kesuvchi va yiqituvchilar, yer kovlovchilar, mexanizatsiyalashmagan mehnatdagi yuk tashuvchilar, beton quyuvchilar hamda mexanizatsiyalashmagan joylarda qurilish materiallari ishlab chiqarishda band bo‘lgan ishchilar.

Har bir mehnat intensivlik guruhi o‘z navbatida yoshi jihatidan uchta kategoriyaga bo‘linadi, ya’ni 18-29, 30-39, 40-59 yoshlarga. Lekin yoshidan qat’i nazar kishilarning ovqatlanish ratsionida oqsil moddasi yetishmovchiligi ovqat hazm qilish funksiyasini ishlashini yomonlashtiradi. Boshqa ozuqaviy moddalarning hazm bo‘lish jarayoni qoidalari buziladi, ishlash qobiliyati kuchsizlanadi, infeksiyaga qarshiligi kamayadi, kasalliklarni tuzilishi sekinlashadi hamda operatsiya yoki travm (shikastlanish)dan so‘ng ularni bitishi sekinlashadi.

Sut yog‘lari A, D va A vitaminlari manbai hisoblanadi. O‘simlik yog‘larida E vitamini mavjud.

O‘simlik moylarini asosiy manbai sifatida o‘simlik moylari (99,9 foiz), yunon yong‘og‘i (53-60 foiz), so‘li (6,4 foiz), grechixa yormalari, hayvonot yog‘larini manbai sifatida esa sariyog‘ (72-82 foiz), smetana (30 foiz), pishloq (15-30 foiz), kolbasa (20-40 foiz) kabi mahsulotlar xizmat qiladi.

Oziq-ovqatlar bilan oddiy va murakkab uglevodlar hamda hazm bo‘ladigan va hazm bo‘lmaydigan uglevodlar organizmga qabul qilinadi. Murakkab uglevodlarga kraxmal, glikogen, kletchatka va pektin kiradi. Kletchatka va pektin muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ular organizmda hazm bo‘lmaydi va energetik qiymatga ega emas. Biroq bu ballast moddalar organizmdan toksinlarni o‘ziga biriktirib olib, tanadan tozalaydi. Uglevodlarni ovqatlanishda yetishmasligi organizmda oqsil va yog‘larning almashinuvi va oqsil sarfi buzilishiga olib keladi. Uglevodlarni me’yoridan ortiq iste’mol qilish esa moddalar almashinuvining buzilishiga va bir qator kasalliklarning rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun ham fiziologik me’yorlarga asosan oqsil, yog‘ va uglevodlarning nisbati 1:1:4 deb qabul qilingan.

Uglevodlar ham inson uchun kerakli energiyaning asosiy manbai bo‘lib, ular oziq-ovqat mahsulotlarida shakar, kraxmal yoki kletchatka holatida bo‘ladi. Organizm uglevodlarni asosan o‘simlik mahsulotlaridan: non, yormalar, kartoshka, sabzavotlar, mevalar va rezavorlardan oladi.

Shakar va boshqa shirinliklarni, ayniqsa, bolalar ovqatlanish ratsioniga me’yorda qo‘shish kerak. Chunki ular oshqozonda so‘lak ajralishini kamaytiradi, natijada bolalarda ishtaha bo‘g‘iladi.

Navbatdagi maqolada kalsiy, fosfor elementlari xosiyati xususida fikrlashamiz.

Abdumalik Xudoyberdiyev,

Najmiddin Mo‘minov,

dotsentlar.