Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mutaxassislar talabalarga soliq va bojxona imtiyozlari xususida tushuncha berdi

Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida viloyat hokimligi va bojxona boshqarmasi hamkorligida “Yurtimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xorijga eksport qilish tartibi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Unda talabalarga viloyat bojxona boshqarmasining tashqi savdo operatsiyalarini monitoring qilish va bojxona statistikasi bo‘limi katta inspektori A.Haqqulov tomonidan so‘nggi yillarda bojxona sohasida qabul qilingan me’yoriy hujjatlarning mazmun-mohiyati haqida tushunchalar berildi.

Ta’kidlandiki, sohada bugun xavflarni avtomatlashtirilgan boshqarish tizimi amaliyotga joriy etildi. 2018 yil 1 dekabrdan boshlab “sariq”va “qizil” yo‘laklar, 2019 yil 1 martdan boshlab “yashil” va “ko‘k” yo‘laklar ishga tushirildi.

Prezidentimizning 2019 yil 27 iyundagi “Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan joriy yil 1 oktyabrdan boshlab asbest, ko‘mir, yog‘och va taxta mahsulotlari, uglevodorod, soya, kungaboqar va kunjut urug‘lari, yog‘-moy, shakar xomashyosi tovarlari importida qo‘shilgan qiymat solig‘idan imtiyozlar bekor qilindi.

Davra suhbati doirasida talaba-yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularni qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlashga qaritilgan imtiyozli kreditlar xususida ham ma’lumot berildi.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.