Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mutolaa: Avtomobil kutib turganda...

O. Genri

Qorong‘u tushishi bilan parkning bu sokin burchagiga oddiygina kulrang ko‘ylak kiygan qiz yana keldi. U o‘rindiqqa o‘tirdi va hali chamasi yarim soatlar kunduz yorug‘ligida o‘qish mumkinligi bois kitobni ochdi.

Takrorlaymiz: u shunchaki bichimi va uslubining benuqsonligi ko‘zga tashlanmaydigan odmigina kulrang ko‘ylak kiygan edi. Sallasimon shlyapasining siyrak to‘r pardasi sipo yuziga tushib turardi. Qiz bu yerga kecha ham, bir kun oldin ham bir vaqtning o‘zida kelar va buni biladigan bir kimsa bo‘lardi.

Buni bilgan yigit bu arzandaning rahm-shafqatidan umidvor bo‘lib, baxtli tasodif qurbongohida qurbonliklar keltirib aylanib yurardi. Uning taqvosi taqdirlandi – qiz sahifani ag‘darib ochayozgandi, kitob uning qo‘lidan sirg‘alib tushdi va o‘rindiqdan ikki qadamcha nariga uchib ketdi.

Yigit bir soniyani ham boy bermasdan shosha-pisha yorqin jild tomon yugurdi, u jamoat joylarda ildiz otgan uslubga qat’iy rioya qilgan holda xushmuomalalik va umid ila uni qizga uzatdi. Yoqimli ovozda u odatiy kirish mavzusi - yer yuzidagi ko‘plab baxtsizliklar sababkori ob-havo haqida so‘z ochishga jur’at etdi va qismatini kutib, o‘rnida qotib qoldi.

Qiz sekin uning kamtarona, ozoda kostyumi va unchalik ifodali bo‘lmagan yuziga qaradi.

- O‘tirishingiz mumkin, agar istasangiz, - dedi u yo‘g‘on ovozda bamaylixotir. – Rost, men o‘tirishingizni xohlardim. Baribir qorong‘u tushdi, endi o‘qish qiyin. Suhbatlashishni afzal ko‘raman.

Tasodif asiri bajonidil o‘rindiqqa cho‘kdi.

- Bilasizmi? - dedi u, odatda ma’ruzachilar yig‘ilishni ochadigan ohangda, - siz men ko‘rgan eng ajoyib qiz ekanligingizni bilasizmi? Kecha sizdan ko‘zimni uzolmadim. Yoki kimdir go‘zal ko‘zlaringiz jinnisi bo‘lib qolganini sezmadingizmi, oyimqiz?

- Kim bo‘lsangiz ham, - dedi qiz muz ohangda, - iltimos, ro‘parangizda xonim o‘tirganini unutmang. Menga qarata aytgan so‘zlaringiz uchun sizni kechiraman, bu xatoingiz, shubhasiz, o‘zingiz davrangiz odamlari uchun tabiiy bo‘lishi mumkin. Men sizni o‘tirishga taklif qildim; agar taklifim meni “oyimqiz” deb chaqirishga imkon beradigan bo‘lsa, uni qaytarib olganim bo‘lsin.

- Xudo haqi meni kechiring, -  yolvordi yigit. Uning yuzidagi mag‘rurlik o‘rnini kamtarlik va pushaymonlik ifodasi egalladi. – Men yanglishdim... aytmoqchimanki, odatda parkdagi qizlar... siz buni bilmaysiz albatta... lekin...

- Bu mavzuni qo‘yib turaylik. Albatta men buni bilaman. Yaxshisi menga ularning har biri o‘z yo‘lida o‘tib ketayotgan mana bu odamlar haqida aytib bersangiz. Nega ular bunchalik shoshiladi? Ular baxtlimikan?

- Ha, ularni kuzatish juda qiziq, - g‘o‘ldiradi yigit va nihoyat suhbatdoshining kayfiyatini tushunib olganiga qaror qildi. – Hayotning ajoyib siri... Kimdir kechki ovqatga shoshayapti, boshqalari esa.. hm... boshqa joylarga. Ularning qanday yashashi juda qiziq bo‘lsa kerak...

- Menga qiziq emas, - dedi qiz. – Men unchalik qiziquvchan emasman. Bu yerga faqat insoniyatning ulug‘, hayajonli yuragiga bir muddat bo‘lsa ham yaqinroq bo‘lish uchun kelaman. Umrim undan shu qadar yiroqki, uning urishini sira eshitmayman. Siz bilan nega bunday gaplashayotganimni fahmlab olayotgan bo‘lsangiz kerak, janob...

- Parkensteker, - dedi yigit va qiz ham o‘zini tanishtiradi degan umidda unga savol nazari bilan qaradi.

- Yo‘q, - dedi qiz nozik barmog‘ini biroz ko‘tarib va jilmaydi. – U juda mashhur. Xizmatkorim shlyapasidagi mana bu to‘r parda meni yashirin nom bilan yurishimga xizmat qiladi. Haydovchimning har safar menga qarashini bilsangiz edi, uning qarashlarini sezmayapman deb o‘ylaydi. Ochig‘ini aytaman: hammaga ham aytib bo‘lmaydigan besh oltita familiya bor; mening ism-sharifim ulardan biri. Bularning hammasini faqat sizga aytayapman janob Stekenpot.

- Parkensteker, - kamtarona tuzatdi yigit.

- Janob Parkensteker, men umrimda bir marta boylikning manfur yarqirashi va “yuqori ijtimoiy mavqe” deb ataladigan tushunchalar buzmagan oddiy odam bilan gaplashmoqchi edim. Oh, pullardan qanchalik charchaganimni bilsangiz edi – har doim pul, har joyda pul, pul! Atrofimdagi har bir kishining hammasi bir maqomda qo‘g‘irchoq kabi raqsga tushadi. Men o‘yin-kulgidan, olmoslardan, sayohatlardan, jamiyatdan, har qanday hashamatdan charchadim.

- Men, - dedi yigit ikkilanib, - pul yaxshi narsa bo‘lsa kerak, deb o‘ylashga moyil bo‘lganman.

- Mablag‘larning yetarliligi albatta yomon emas. Lekin agar shuncha millioningiz bo‘lsayu,.. - u umidsizlik bilan davom etdi. - Safarlar, ziyofatlar, bazmlar, teatrlar – bularning hammasi to‘lib-toshgan boylik bilan bezatilgan bir xillik, eskilik, meni zeriktirib qo‘ydi. Ba’zida stakanimdagi shampan vinosidagi muzning chirsillashi ham meni aqldan ozdirayotgandek go‘yo...

- Men har doim yuqori jamiyatdagi boy kishilar hayotini o‘qish va eshitishga qiziqaman. Biroz xudbin bo‘lsam kerak, lekin hamma narsa to‘g‘risida aniq ma’lumotga ega bo‘lishni ma’qul ko‘raman. Bilishimcha, shampan vinosi shishalarda muzlatiladi, muz to‘g‘ridan-to‘g‘ri stakanlarga solinmaydi.

Uning so‘zlari qizni chin yurakdan hayratda qoldirdi shekilli, u ohangdor kulib yubordi.

- E’tiboringiz uchun, - tushuntira ketdi u kamsitilgan ohangda, - bizga o‘xshagan sinf odamlari ko‘pincha o‘rnatilgan urf-odatlarni buzishni o‘zimizga ermak qilib olganmiz. Shampanga muz qo‘yish ham aynan so‘nggi paytlarning rusumiga kirgan. Tatar shahzodasi sharafiga uyushtirilgan Uoldorfdagi tushlikdan beri bu odat tusiga kirdi. Tez orada bu injiqlik ham boshqasiga almashtiriladi. Bir hafta oldin Medison-avenyusidagi kechki ovqatda har bir jihoz yonida zaytun yeyish uchun kiyilishi lozim bo‘lgan yashil qo‘lqoplar qo‘yilgan edi.

- Ha, keng jamoatchilik uchun bu nozikliklar, yuqori jamiyatning ermaklari tushunarsiz bo‘lib qolmoqda, - tan oldi yigit kamtarlik bilan.

- Ba’zan, - boshini biroz qimirlatdi qiz uning bilimsizlik iqrorini qabul qilganday, - ba’zida men agar seva olsam, faqat quyi tabaqadagi odamni sevgan bo‘lardim, deb o‘ylayman. Albatta, agar u tekinxo‘r bo‘lmasa. Lekin albatta boylik va zodagonlik talablari mening havas va bu ishtiyoqimdan kuchliroq. Masalan, hozir ikkitasi meni tinch qo‘ymayapti. Ulardan biri Germaniya knyazligi gersogi. Men uning shafqatsizligi ortidan aqldan ozgan xotini borligidan shubha qilaman. Yana bir da’vogar ingliz markizi, u o‘taketgan rasmiyatchi va ehtiyotkor, shuning uchun men gersogning shafqatsizligini afzal ko‘raman. Lekin bularning barchasini sizga aytib berishga meni nima undayatpi, janob Pokensteker.

— Parkensteker, - deyarli eshitilmas ming‘irladi yigit. - Rostini aytsam, ishonchingizni qanchalik qadrlashimni tasavvur qila olmaysiz.

Qiz unga ular orasidagi ijtimoiy mevqedagi farqni ta’kidlaganday xotirjam, befarq qarab qo‘ydi.

- Kasbingiz nima janob Parkensteker? – so‘radi u.

- Juda oddiy kasb. Lekin hayotda muvaffaqiyatga erishishimga umid qilaman. Siz quyi tabaqadagi odamni sevishingiz mumkinligini jiddiy aytdingizmi?

- Ha, albatta. Lekin men “seva olsam” deb aytdim. Gersog bilan Markizni unutmang. Agar odamning o‘zi yoqsa, hech bir kasb menga past ko‘rinmagan bo‘lardi.

- Men restoranda ishlayman, -dedi janob Parkensteker. Qiz biroz seskanib ketdi.

- Har holda ofitsiant bo‘lmasangiz kerak, - so‘radi u deyarli iltijo qilib. - Mehnatning aybi yo‘q, lekin... har kimga xizmat qilish... meni tushunayotgandirsiz...

- Yo‘q men ofitsiant emasman. G‘aznachiman... Men ko‘chaning narigi tomonidagi restoranda g‘aznachiman. Yigit “Restoran” yozuvining elektr harflari porlab turgan tomon ko‘rsatdi.

Qiz bilagidagi nozik ishlangan mittigina soatga ko‘z tashladi-da, shosha-pisha o‘rnidan turdi. U kitobni yelkasiga osilgan kitob zo‘rg‘a sig‘adigan nafis sumkachaga solib qo‘ydi.

- Nega hozir ishda emassiz? – so‘radi qiz.

- Bugun tungi smenadaman, - dedi yigit. – Yana bir soat vaqtim bor. Bu bizning oxirgi uchrashuvimiz emas, shunday emasmi? Men umid qila olamanmi?

- Bilmadim. Bo‘lishi mumkin. Balkim bu injiqligim boshqa qaytarilmas. Men shoshilishim kerak. Kechki ovqat, keyin teatr lojasi, afsuski, yana o‘sha ajralmas muhit. Bu yerda kelayotganingizda park yaqinidagi burchakda turgan oppoq mashinani ko‘rgandirsiz.

- G‘ildiraklari qizil, shundaymi? – so‘radi yigit o‘ychan qoshlarini chimirib.

- Ha. Men har doim shu mashinada kelaman. Sizni bilmaslikda ayblamayman, lekin siz odatda mashinalarda o‘z egalarining monogramma (ismi, otasining ismi va familiyasi bosh harflaridan tuzilgan bezak shaklidagi shartli belgi)lari bo‘lishidan xabardor bo‘lsangiz kerak. Haydovchim Per meni kirishda kutayapti. U vaqtimni bog‘ning narigi tomonidagi do‘konlarda o‘tkazayotganimga amin. Hatto o‘z haydovchilarimizni ham aldashga majbur qiladigan hayot kishanlarini tasavvur eta olasizmi? Xayr.

- Juda qorong‘u bo‘lib qoldi, - dedi janob Parkensteker,  - bog‘da har xil odamlar yuradi. Ruxsat bersangiz sizni kuzatib qo‘ysam...

- Agar mening xohishlarim bilan hisoblashmoqchi bo‘lsangiz, - dedi qiz qat’iyat bilan, - ketganimdan so‘ng yana o‘n daqiqa shu o‘rindiqda qolasiz. Yaxshi qoling.

U viqor bilan tez xiyobon zulmati tomon yo‘l oldi. Yigit uning mashina turgan burchak tomon ketayotgan ozg‘in qiyofasiga tikilib qoldi. Keyin hech ikkilanmasdan xiyonatkorona daraxt va butalar ostiga yashirinib, uni bir soniya ham ko‘zdan qochirmasdan qiz yurgan yo‘lda yondash holda yura boshladi.

Burchakka yetgan qiz boshini oq mashina tomon burdi, unga qisqa ko‘z tashladi-da, yonidan o‘tib ketib ko‘chani kesib o‘tdi. Yigit park yaqinida to‘xtab turgan taksi soyasida turib qizning har bir harakatini kuzatib turaverdi. Qarama-qarshi yo‘lakka qadam qo‘ygan qiz peshtaxtasi porlab turgan to‘liq shishadan qilingan restoran eshigini ochib kirdi. Bu yorqin peshtaxtalari oq rangga bo‘yalgan, arzon va shinamgina restoranlardan biri edi. Qiz butun restoranni aylanib o‘tib, uning tubida g‘oyib bo‘ldi va to‘satdan shlyapa va to‘r pardasiz paydo bo‘ldi.

Old oynali eshik ortida kassa turardi. Kassa ortida o‘tirgan sarg‘ish sochli qiz qat’iyat bilan soatiga qaradi va kursidan tusha boshladi. Uning o‘rnini kulrang libosli qiz egalladi.

Yigit qo‘llarini cho‘ntakiga solib, sekin orqasiga yurdi. Burchakda u bexosdan yerda yotgan kichkina jildga qoqilib ketdi. Yorqin muqovadagi jild qiz o‘qigan kitob edi, yigit uni qo‘liga olib kitobning nomini o‘qidi. “Shahrizodaning yangi ertaklari” muallifining ismi Stivenson. U kitobni maysa ustiga tushirib yubordi va bir zum qotib qoldi. Keyin oq mashinaga yaqinlashdi, eshigini ochib o‘tirdi-da, yostiqqa suyanib, haydovchiga uch og‘iz so‘z aytdi:

- Anri, klubga haydang.

Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.