Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mutolaa: Hayot go‘zal! Hikoya

Anton Chexov

Hayot vaqti-vaqti bilan yoqimsiz narsa bo‘lib tuyulishi mumkin, lekin uni sayqallashtirish juda oson. Buning uchun 200 000 rubl yutib olish, biror bir nufuzli mukofot, masalan “Oq Burgut”ni qo‘lga kiritish, go‘zal ayolga uylanish, beg‘araz inson bo‘lishgina yetarli emas – bu ne’matlarning bari tezda yo‘qoladi, buziladi va odatga aylanib qoladi.

O‘zingizni uzluksiz baxtli his qilish uchun hatto alamli va qayg‘uli lahzalarda ham - a) boriga qanoat qilish; b) ong bilan “bundan ham battar bo‘lishi mumkin edi” deya astoydil quvonish kerak.

Bu unchalik qiyin emas: mabodo cho‘ntagingizdagi gugurt qutisi yonib ketsa, cho‘ntagingizda porox yashigi bo‘lmaganligiga xursand bo‘lib, falakka minnatdorchilik bildiring.

Mabodo dala hovlingizga kambag‘al qarindoshlaringiz mehmon bo‘lib kelguday bo‘lsa, rangingizni oqartirmang, balki g‘alaba qozongan kishidek tantana bilan: “Yaxshiyam,  bu politsiyachilar emas!” deb xitob qiling.

Barmog‘ingizga zirapcha kirib ketsa, xursand bo‘ling, yaxshiki u ko‘zingizga kirmabdi.

Mabodo ayolingiz yoki qaynopangiz fortepianoda o‘ynasa, o‘zingizni yo‘qotmang va shoqollarning ingrashi yoki mushuklarning miyovlashini emas, balki ijro tinglayotganingizdan xursand bo‘lib o‘zingizni qo‘yarga joy topa olmang.

Siz to‘nkaga tortilgan ot emasligingizdan, lozimligidan ziyod qo‘yiladigan “vergul” bo‘lmaganingizdan, lo‘lilar yetaklab yuradigan ayiq yoki cho‘chqa, yoki eshak yo taxtakana emasligingizdan quvoning...

Cho‘loq, ko‘r, kar, soqov, vabo tekkan kimsa bo‘lmagaganingizdan xursand bo‘ling....

Ayni vaqtda sud majlisida sudlanuvchi sifatida o‘tirmaganingizga, qarshingizda kreditorni ko‘rmayotganingizga va u bilan qalam haqi to‘g‘risida shavq bilan gapirmayotganingiz uchun shukurlar bildiring.

Agar siz unchalik uzoq bo‘lmagan joylar (surgun joyi haqida kesatiq bilan aytilgan ibora)da yashasangiz, undan ham olis joylarga borib qolmaganingizni o‘ylab xursand bo‘lmaysizmi?

Mabodo tishingiz og‘riyotgan bo‘lsa, qolgan barcha tishlaringiz og‘rimayotganidan xursand bo‘ling.

“Grajdanin” romanini o‘qimaslik, kanalizatsiya bochkasida o‘tirmaslik, birdaniga uchta xotinga uylanmaslik imkoningiz borligidan quvoning...

Agar sizni politsiya bo‘limiga olib borishsa, jahannamga yetaklab bormaganligingizdan xursand bo‘ling.

Agar sizni qayin shoxi bilan savalashsa, oyoqlaringizni likillatib: "Qanday baxtlimanki, qichitqi bilan savalashmayapti”, deng.

Mabodo xotiningiz sizga xiyonat qilsa, u vatanga xoinlik qilmaganidan xursand bo‘ling.

Va hokazo... maslahatlarimga amal qil ey odam bolasi, shunda umring uzluksiz shod-xurramliklarga to‘ladi.

Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.