Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mutolaa: Hayot ortida. Hikoya (qisqartirilgan)

Maksim Gorkiy

Kuzning ma’yus yomg‘iri to‘xtovsiz derazalarga urilar, oynalar ortida harakatsiz zich zulmatdan boshqa hech narsa ko‘rinmaydi. Go‘yo biron bir narsadan shikoyat qilganday, yomg‘irning muloyim ovozi bilan birga xira osmonni ham, yerni ham zulmatda qoldirib, tashqarida harakat va hayot borligini eslatib shiftlardan suv oqardi.

Yashil abajurli lampa yoritib turgan xonada stol yonidagi chuqur kursida baland bo‘yli soch-soqoli oqargan odam, chimirilgan qoshlari ostidagi katta-katta kulrang ko‘zlarini deraza ortidagi zulmatdan uzmasdan o‘tirardi. Uning ajin bosgan, quruq, uzun yuzi harakatsiz, lablari qattiq siqilgan, go‘yo allaqanday kuch uni stuldan yulib olib, ruhga sovuqlik va hasrat soladigan zulmatga tashlashidan qo‘rqqandek, barmoqlari bilan kursi yondorini ushlab turardi. Derazadan shamol kirib, chiroq alangasi titraydi va g‘alati soyalar jimgina xona devorlari bo‘ylab harakatlanadi – bir olam shaklsiz, yarimshaffof, titroq sharpalar...

Stol yonida o‘tirgan kishi, o‘zini qamrab olgan o‘ylariga bu sharpalar harakatidan javob izlayotgandek ularga tikiladi. Xonasining har burchagidan yolg‘izlikning qora ko‘zlari unga qaraydi, atrofdagi barcha narsa qorong‘ulikka singib odatiy shaklini yo‘qotadi.

U yorug‘lik va hayot qaynoq bo‘lgan joylarga borishni xohlaydi, lekin u og‘ir tabiatli, murosa qila olmaydigan odam, boshqalarni tinglashga aslo qarshi emas, lekin o‘zi ham ko‘p gapirishni lozim topmaydi, chunki so‘z fikrning barcha ma’no nozikliklarini aniq yetkazish uchun nafaqat faqir bo‘lishi, balki hech bo‘lmaganda voqelikni soddalashtirib, inson qalbiga og‘ir ta’sir qoldirmasdan aytilishi kerak, deb uylardi.

Mehmonxonalardagi odamlar orasida u aniq memento mori (bu yerda o‘limni eslatish – tahr.). Har doimgi diqqatli qarashlari va u bilan suhbat qurish urinishlaridan xalos bo‘lish maqsadida qilgan sovuq tabassumlari uchun uni yoqtirishmaydi. Tanishlari ham unga toqat qilishi va usiz o‘zini erkinroq his qilishini biladi. Ular uni juda ko‘p o‘ylaydigan odam deb bilishini, shubhasini o‘ziga xoslikka enish istagi sifatida qabul qilishini, hamma va hamma narsaga shubha bilan qarashini, alamli mensimaslikda gumon qilinishni biladi.

Bularning barchasi uni kamsitmaydi va odamlarning unga nisbatan noo‘rin qarashlaridan qaytarishni xohlamaydi. Ularning o‘ylashlari va qilgan yumushlari o‘ziga munosibligiga, faqatgina vaqt insonni asta-sekin o‘zgartirishiga va hech bir mulohaza unga hatto, zararli bo‘lgan odatlarini ham o‘zgartirishga majbur qila olmasligiga amin. Shubhasiz, har bir inson o‘zi erishgan narsalariga loyiqdir – biroq, taqdir belgilab qo‘yganidan ko‘ra baxtsiz bo‘lishni yaxshi ko‘radigan odamlar bor – u bu toifadagi odamlarga mansub va hayot ortida qolib ketganligi uchun hech kimni ayblamaydi...

Shunga ham qaramay, u odamlarning oldiga borar edi, garchi u ularni,  ular uni tushunmasa ham borgan bo‘lardi. Odatda ular bir-biriga yolg‘on gapirish, kundalik hayotdan uzoq bo‘lgan narsalar haqida suhbat qurish uchun guruhlarga yig‘ilishadi. Boshqalarga bilimi va aql porlatishiga imkon berishadi va bir muncha vaqt bir-biri oldida maqtanishadi. Bu barcha ulfatlar uchun odatli bo‘lgani kabi riyokoronadir ham.

Ushbu og‘zaki musobaqalar, qarorlarning ohangraboligi, sun’iy g‘ayrat  – bularning barchasi bayramona liboslar. Odamlar ularni yoshligida g‘amlab qo‘yib, yangilamasdan butun umri davomida ular bilan yashaydi, shu sabab insoniy qarashlarning ko‘pi titilib, eskirib ketgan. Har qanday g‘araz o‘tmish qoldiqlarining bir parchasi ekanligini, idrok qanchalik erkin bo‘lsa inson shunchalik boy bo‘lishini unutmaslik lozim.

Hayot davom etadi, u har doim harakatda, uni eski mezonlar bilan  o‘lchab tushuna olmay qolish oson. Kishilar buni tushunmaydi, shu sabab ular bir-birlarini bilmaydi, hamma bir-biriga begona, beparvo, qattiq ko‘ngil va bir-biriga juda e’tiborsiz...

Ularning sevimli suhbat mavzusi – siyosat, adabiyot, san’at va ular bu haqda suhbat quradigan bo‘lsa, ularni eshitish mumkin. Biroq suhbat mavzusi Inson bo‘ladigan bo‘lsa, bu qanchaliq og‘riqli! Bu muhokamalardagi safro, kinoya, g‘azab, befarqlik va birovlarni tushunish istagining kamligi...

Odamlar boshqalarni tushunmasa-da, hech bo‘lmaganda jimgina bir-birlarini hurmat qilishni o‘rganarmikin? Dunyoda insondan boshqa hech qanday sirli mavjudot yo‘qligini va faqat inson hodisalar mezoni va hayot yaratuvchisi ekanligini anglab olarmikin?

Bir vaqtlar u odamlarga yaqinlashishga, ularning doirasiga kirishga va boshqalar kabi yashashga harakat qildi. Bu murosani talab qilardi, ammo u bunga qodir emas edi. U o‘zini qiziqtirmaydigan narsalarga qiziqishi, ko‘pincha boshqalar singari bo‘lish uchun o‘z ruhini bukishi kerak edi. O‘zini axloqli va ziyoli sifatlagan odamlar ushbu vasfni mustahkamlash bilan ovora bo‘lib, boshqalarga befarq va sovuq munosabatda edi.

Har bir kishining hayoti – birovlar uchun oshkor bo‘lishidan qo‘rqadigan sir, boshqalari esa taxmin qilishni istamaydi, ular bir-biri bilan faqat so‘zlar orqali bog‘langan holda yashaydi, har bir inson o‘zida butun bir tuyg‘u va fikrlar dunyosini olib yuradi, ular bilan xastalanib yashaydi, yashaydi va o‘z fikrini bayon qila olmasdan halok bo‘ladi. Hammaga havo kabi tanish bo‘lgan hayot yolg‘oni ko‘payib, odamlarni biri-biridan judo qiladi.

Ammo ba’zida shunday holatlar bo‘ladiki, odamlar orasida bo‘lish juda yaxshi va hayot sehrli jozibaga to‘la, qalb yangi hayajonli lahzalarga umid qilib to‘lganida olis kelajakdagi ezgu, buyuk narsaga umid nurlari porlaydi va inson qalbida ehtirosli fikrlar va hissiyotlarning yorqin kamalagi o‘ynaydi. Bu lahzalar bor, lekin juda oz. Ular “bizning saroblarimiz” bo‘lsa-da, ular bilan yashash mumkin. Endi o‘zini hayot ortida tashlab qo‘ygan kishi uchun bu hayotga hech narsasiz qaytish juda kech. Juda kech va u o‘zi bilan nima olib keladi? O‘zining yarim oqargan sochlariyu, xira fikrlari va odamlarga bo‘lgan ishonchsizliginimi? Bu bilan yaxshi qabul qilishmaydi.

Endi u bilan birlashishga kuchi yo‘q, o‘zidan uzoqlashgan hayotiga achinadi. Miyasini yuklab qo‘ygan barcha fikrlari oxir-oqibat bitta sodda va ravshan, haqoratli darajada oddiy va aniq savolga quyiladi:

“Nega men o‘zimni boshqa odamlardan ko‘ra ruhan aqlli, vijdonli, kuchliroq deb bildim va ular bilan mustahkam aloqa o‘rtana olmadim, ular orasida yashashni bilmadim?”

...Yomg‘ir derazalarga uriladi – va zulmat unga qaraydi.

“Xatolarimga ishonch hosil qilish uchun hayotimni yashab o‘tdim va uch o‘n yillik davomida o‘ylab, savolimning mohiyatiga yetdim – nega men o‘zimni boshqalardan ustun deb bildim?”

Yomg‘ir va zulmat...

“Ha, hayot o‘ziga xizmat qilishni istamaydiganlarni jazolashni biladi...”

Yarim shaffof soyalar xona devorlari bo‘ylab jimgina harakatlanadi. Har yoqda yolg‘izlik, motam kuyini eslatib shiftlardan suv oqadi...

Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.