Mutolaa: Qassob boboning iti. Hajviya
Ne’mat Aminov
Ola g‘unajinimiz bu yil ham qisir qoldi. Dadam: “Endi bo‘lmadi. Bolalarim, oqqa yetamiz deb ko‘zlaringiz oqarayozdi, bu zormondani so‘yib joyiga joy qilamiz”, dedi. Erta bozor degan kuni uyimizga qassob keldi...
Mol so‘yadigan kishi juda salobatli bo‘ladi derdilar, unchalik emaskan: qora tirinka yaktakli, harakatlari chaqqongina chol. O‘siq qoshlari va soqol-mo‘ylovi oppoq. To‘g‘ri, ko‘zlari bir oz ola, yana shu ola joyiga andak qon quyilgan. Men u kishi bilan hayiqmasdan ko‘rishdim. Ha-da, hech qo‘rqadigan joyi yo‘q. O‘zlari ham juda sho‘x ekanlar, har gapga bir kuldiradilar. Choy-nondan keyin dadam g‘unajinni yetaklab kelishga buyurdilar. O‘zlari bostirma ostida ketmon bilan chuqur qazishga kirishdilar. O‘tpoyaga qarab ketdim. Yo‘l-yo‘lakay, bir paytlar ko‘zimga balodek ko‘ringan g‘unajinning rahmini yeb borardim. Yuragim achishib, ko‘zlarimdan yosh to‘kildi. Jonivorni yetaklab qaytganimda, qassob bobo to‘rt buklangan shod xurjundan kir bir latta olib, bellariga osdilar. Bu xalatlari bo‘lsa kerak. Keyin ikki-uchta pichoq olib, qo‘rg‘oshin rangidagi temirga “xish-xish etib” qayray boshladilar. Titroq qo‘llarim bilan g‘unajinning ipini dadamga tutqazdimu, orqaga chekindim. Bostirma yonidagi og‘ilda ko‘zlarimni chirt yumib quloq solib turdim. Bir payt qassob bobomning “hah” deganlari-yu, “gurs” etgan ovoz, yana bir ozdan keyin qattiq xirillash eshitildi. Uvv! Etim uvishib ketdi.
Og‘ildan qo‘rqa-pisa chiqqanimda qassob bobo go‘shtidan terisini ayirayotgan edilar. Negadir qo‘rquvlarim asta-sekin yo‘qoldi.
— Beri kel, bolam, — dedi qassob bobo, — ma, mana bu oyog‘ini tutib tur.
Shunda ham qo‘rqmadim. U kishiga ko‘maklashaverdim. Dadam, oyim ham bizga yordamlashdilar. Qassob bobo qattiq yo‘talib, bir chetga tupurgach:
— Kelin, issiq suv tayyorlang, — dedilar. Oyim: “xo‘p, mana… hozir”, deganlaricha oshxona tomon ketdilar. Shu asnoda dadam ham topshiriq oldilar.
— Toshvoy, qonni singdirishga bir oz latta, ichak-chovoqqa tog‘ora keltirsangiz.
— Xo‘p, xo‘p!
Qassob bobo atrofga bir qarab oldilarda quymichga pichoq soldilar. Qo‘yning kallasidek go‘sht kesib olib yaqinginadagi xurjunlarining ochiq turgan ko‘ziga itqitdilar.
Hayron bo‘lib qaradim.
— Hayron bo‘lmang, bolam, chap biqinida harom mag‘zi bo‘ladi, shuni itimga kesib oldim.
— Itingiz bormi, bobo?
— Ha, bolam, itim bor. Otimi, oti Ko‘ktoy!
— Nomi yaxshi ekan, zo‘rdir-a?
Qassob bobo itlarini maqtay-maqtay gardandan, shonadan, yana bir-ikki yerdan “harom joy”larini olib xurjunga tashladilar. Dadam bilan oyim issiq suv va latta olib kelishdi. Qassob bobo negadir endi “harom joyni” topa olmay qoldilar. Birpasda go‘sht uch bo‘lakka ajratilib, ayvon shiftiga qoqilgan ilgakka osildi. Qassob bobo: “Mana bu, qo‘shnimiz — Hamroboyga” deb ikki kilocha go‘shtni alohida matoga o‘radilar. Qon chuquridan allanimalarni pichoq uchi bilan oldilar. Keyin ichak-chovoqlar bilan o‘rarkanlar: “Mana bular itimizga”, dedilar. Hammasi xurjunga joylashtirildi. Qarasam, mening shu yerlarda ivirsib yurgan Olaparimga hech narsa qolmaydigan.
— Qassob bobo, “harom joylardan” mening itimga ham kesib bering, hay…
— Obbo, bolam-ey, bolam, — dedilar qassob bobo, bir dadamga, bir oyimga qarab — sening iting anavi chuqurdagi qondan ham bemalol to‘yadi.
Hech nima demadim. So‘ng o‘ylab ketdim. Qassoblarning itiga mazza-da, yemishi faqat go‘sht. Mening Olaparimga shuncha go‘sht bo‘lsa bormi? E-ha…
Qassob bobo ikki ko‘zi to‘lgan xurjunni dadam yechib kelgan eshagi ustiga tashlayotib, tayinladilar:
— Go‘shtni laryokka topshirib pullab olgach, ertaga o‘g‘ilchani yuboring, qo‘shnidan go‘shtning pulini olib beraman.
Ikki kundan keyin qassob bobonikiga bordim. To‘g‘risi, puldan ham ko‘proq Ko‘ktoyni ko‘rish orzusida edim. Tashqari hovliga kirishim bilan ayvon ostida tumshug‘ini oldingi oyoqlariga tirab yotgan, bir qulog‘i kesilgan itga ko‘zim tushdi. Qiziq, mening kelganimni ham sezmadi-e. Ichkaridan atlas ko‘ylak kiygan semizgina bir juvon chiqdi. (Qassob boboning qizlari degan edim, keyin bilsam, xotinlari ekan). U qo‘lidagi tovoqqa solingan suyaklarni it oldiga keltirib to‘kdi-yu, menga e’tibor ham bermasdan ichkariga kirib ketdi. It suyak g‘ajishga tushdi. Shunda Ko‘ktoyni ko‘rdim. Bu it emas… Agar shu it bo‘lsa mening Olaparimni sher desa bo‘ladi. Qorni ichiga botib ketgan, junlari iflos, qovurg‘alari bilinib turibdi. Shu ham it bo‘ldimi?.. Yo‘q, bu it emas, anchayin bir kuchuk… E, to‘xta, kecha qassob bobo mol so‘yganlarida “harom joyi” deb olgan go‘shtlarida sira suyak yo‘q edi-ku… Essiz go‘sht, essiz go‘sht! Agar shuncha go‘sht mening Olaparimga bo‘lsa edi… Eh-a!..
Ichkari darvozadan ikki qadam yurib ovoz berdim:
— Ho, qassob bobo!