Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mutolaa: Siz hamon o‘shasiz… Hikoya

Muhammad Ismoil

 - Ahmad aka, Sizni tashqarida bir ayol kutib turibdi. Birga o‘qiganmiz, deyapti. Kiring, desam kirmadi.

- Kim ekan?

- Otini aytmadi. Shoshilib turibman, dedi.

Erinibgina tashqariga chiqdim.

Mening xonamdan kirish- chiqish eshigi ancha olis, shuning o‘ziga ish vaqtimning qanchasi ketib qolishini qizg‘anib istamaygina borardim.

Tashqarida esa meni kutib… Ziyoda turar edi.

- Iye, Ziyoda?

- Tanimadingizmi?

- Yaxshimisiz?

- O‘zingizdan so‘rasak.

- Rahmat! Qani ichkariga kiraylik.

- Ey, yo‘q, shoshilib turibman. Yarim soatdan keyin samolyotim uchadi. Men bir nafasga, ko‘rib ketay degan edim. Birga o‘qigan kursdoshlarni sog‘indim. Biz tomonga, Farg‘ona taraflarga bormaysizlar ham.

- Ha, bir marta borib bo‘larimiz bo‘lgan.

- Ey, qo‘ying shu gaplarni.

- Juda o‘zgarib ketibsiz. Hatto tanib olish qiyin.

- Rostdanmi?

- Bilmadim. Menda bir rasmingiz bor. Balki shunga qarayverganimdanmi, tasavvurimda boshqacha o‘rnashib qolibsiz. Go‘yo hech narsa o‘zgarmaganday. Lekin, mana, oradan o‘n besh yil vaqt o‘tibdi.

- Ha, hammasi birpasda o‘tib ketdi.

- O‘zingiz nima ishlar bilan bandsiz?

- Ishlayapman. O‘qishni bitirib borgach, 3- 4 yil uyda o‘tirdim. Keyin ishga tushib ketdim.

- Yuring, chetroqqa chiqaylik.

- Yaxshisi, meni aeroportga kuzatib qo‘yaqoling.

- Bugun qolmaysizmi?

- Yo‘q. Bu yerda Hulkarnikida turdim. Asli kecha ish bilan keluvdim. Hulkarni eslaysizmi? Biz bilan o‘qigan.

- Eslayman, bo‘yi uzun, qoracha qizmi?

- Ha, o‘sha. Kecha tong otguncha gaplashib chiqdik. Hamma kursdoshlarni esladik. Sizning ham qulog‘ingiz rosa qizigandir.

- Siz eslaysiz-u, qizimaydimi?

- Sizni rosa ko‘p esladik.

- Men… Siz meni hech qachon eslamasangiz kerak deb yuraman. Agar qolishingizning iloji bo‘lmasa, qani, chiqing mashinaga.

- Afsuski, iloji yo‘q.

- Nega afsus deyapsiz?

- Aytaveraymi?

- Aytmasangiz ishonmayman.

- Aytsam ham ishonmaysiz!

- Ishonmayman? Uch- to‘rt yil orqangizdan soyaday ergashib yurdim. Qishlog‘ingizga borib, qancha kuchuklarga talandim. Bir marta qarab qo‘yishingizga yillab zor bo‘lib, orziqib yurdim. Hali-hanuzgacha qiz bola ham shuncha mag‘rur bo‘ladimi deb, hayratdan yoqa ushlab yursam-u, afsus chekishingizga ishonamanmi?

- Men, bir paytlar Sizni izlab kelishni aqlimga sig‘dirolmasdim. Rosti, kelishim mutlaqo tasodif. Sizning bu yerda ishlashingizni kecha Hulkardan eshitdim. Keyin yarim soat vaqt bor ekan-u, dedim-da, taksi to‘xtatsam, darrov olib keldi. Rosti, eshik oldidan qaytib ketmoqchi ham bo‘ldim. Lekin ketmadim.

- Ziyoda, bir gap aytaymi? Men sizdan keyin sizni sevganchalik hech kimni sevmadim. Yashirmayman. Hayot ekan, ko‘pchilik bilan tanishishga va uchrashishga to‘g‘ri keldi, lekin qalbim hech kimga ro‘yxushlik bermadi. Men hayotda boshqa sizning muhabbatingiz qarshisida azoblanganchalik, azoblanmadim. Aslida, birovning qarshisida butun vujud bilan iztirob chekish, qayg‘uga cho‘kish, hayajonlanish, quvonish ham Xudoning marhamati ekan. Xudo menga mana shu marhamatni qayta ato qilmadi. Ziyoda, bilasizmi, men buni o‘sha paytda sezmagandim. Buni yillar o‘tib, xuddi amaldor odam amalidan ketgach, birin-ketin hamma imtiyozlaridan mahrum bo‘layotganini sezgani singari, yuragim bo‘shab qolayotganida sezdim.

- Ahmad aka, qo‘ying shu gaplarni. Sizning afsuslanishga hech qanday asosingiz yo‘q, men eshitdim, yaxshi yashayotgan ekansiz.

- To‘g‘ri, Xudoga shukur, yaxshi yashayapman. Lekin shoir aytganday: “Yurak sanchib qo‘yar ba’zida”…

- Men ham o‘qishni bitirib borgach, turmushga chiqdim. To‘g‘risi, dastlabki uch-to‘rt yil bilinmay o‘tdi. Hech narsadan afsuslanganim yo‘q. Farzandlar ko‘rdim. O‘qish davrlarimni esladim. Sizning ustingizdan, boshqalar ustidan kulardim. Men o‘zimni g‘alaba qozonganday his qilardim. Yillar o‘tdi. Jigarim shishib, uzoq vaqt yotib qoldim. Qorong‘u kunlarim o‘shanda boshlandi. Dadam vafot etdilar. Oyimning bir qo‘l, bir oyoqlari ishlamay qoldi. Bu siz bilan so‘nggi bor uchrashganimizning yettinchi yili edi. O‘shanda ilk bor naqadar yolg‘iz ekanligimni his qildim. Meni hech kim sevmasligini, dardlarimni eshitadigan odam yo‘qligini, erimning menga begonaday befarqligini, uning muhabbatini qozonolmaganimni sezdim. Dardlarimni aytishga, bir chora istaganimda yo‘l ko‘rsatadigan odam yonimda yo‘qligidan qanchalik qiynalganimni bilsangiz edi…

- Ziyoda, nahotki shu gaplarni siz aytayotgan bo‘lsangiz?

- Ha, hayot odamning tilini burro qilib qo‘yarkan. Bilasiz, avvallari juda kamgap edim. Kecha Hulkar ham, ”Gapga shunchalik usta bo‘lib ketibsanki…”, deb hayron bo‘ldi. Bular hammasi o‘sha yettinchi yildan so‘ng boshlandi. Axir, hayot sekin-sekin qadam tashlarkan-u, juda tez o‘tib ketarkan. Nega men umrimni, meni sevgan, men uchun jonini ayamaydigan kishiga hadya qilmadim? Uning uchun o‘g‘illar tug‘ib bermadim. Bir umr uning xizmatini qilmadim. Men o‘ylab qarasam, o‘z turmush o‘rtog‘imga kasalligimdagina emas, sog‘ayganimda ham kerak emas ekanman. Xudoga shukur, farzandlarimiz bor. Turmushimiz osoyishta. Nolimasam ham bo‘ladi. Lekin men hozir sizga aytayotgan gaplar keyingi besh-olti yil mobaynida meni qattiq qiynagan, o‘ylantirgan gaplar. Bu gaplarni baribir aytishim kerak edi. Aytmasam, sizning oldingizda qarzdor ekanligimni tan olmagan, uzr so‘rashim lozim bo‘lgan paytda uzr so‘ramagan odamday xijolat tortaveraman. Endi bu gaplarning balki foydasi yo‘qdir.

- Ziyoda, unda nega bu gaplarni aytyapsiz?

- Yo‘q, men hech narsani o‘zgartirmoqchi emasman. Sizning oldingizga tasodifan kirib qoldim. Bu gaplarning balki sizga hech aloqasi yo‘qdir. Bu gaplar – mening dardlarim, armonlarim.

- Rahmat, meni odam qatoriga qo‘shib shuncha gaplarni aytganingiz uchun.

- Nega unday deysiz? Men sizni o‘shanda ham hurmat qilardim.

- O‘shanda hurmat qilishingizga arzirdim.

- Hozir-chi?

- Hozir ham sizni ko‘p o‘ylayman. Lekin sizni sevganchalik hech kimni seva olmadim. Sizni unutishga ko‘p bora harakat qildim. Ko‘p qizlarning orqasidan yugurdim. Rostini aytsam, hech kim meni sizchalik yugurtirgani yo‘q. Hech kim meni sizchalik qiynagani, iztirobga solgani yo‘q. Men bir kuni muhabbat bobida armonim qolmadi desam, buni ishonch bilan aytgan bo‘laman. Lekin meni qiynayotgan eng dahshatli narsa: hatto sizni ham bugun, balki o‘sha davrlarda sevganimchalik sevolmayman. Balki bu gaplarimni aytmasligim kerak edi. Lekin men ham inson qadrini bugun his qilolmay qoldimmi, degan qo‘rquvdaman. Sizni sevgan paytimda siz bir mo‘’jiza edingiz. Endi ko‘zimga hech kim mo‘’jiza bo‘lib ko‘rinmay qoldi. Endi meni hech kim hayratga solmay qo‘ydi. Bu men uchun fojia emasmi?

- Ha, haqiqiy muhabbat insonga bir marta berilar ekan. U kelganida, undan yuz o‘girmaslik, unga mardlik bilan peshvoz chiqish kerak ekan. Men o‘shanda undan yuz o‘girdim. Qalbimning o‘sha muhabbat yashashi kerak bo‘lgan joyi, hali-hamon kemtik. Uni hech narsa bilan to‘ldirolmadim. U yuragimdagi tubsiz choh kabi uvillaydi. Butun umrim mana shu chohni to‘ldirish bilan o‘tdi. O‘zimni quvnoq tutishga, hayotda hech qanday kamu-ko‘st yo‘q odamday yashashga harakat qildim, lekin bu chohni, bu kemtikni to‘ldirolmadim. Odam boshqalarga o‘zini boshqacha qilib ko‘rsatishi mumkin ekan-u, lekin o‘z oldida o‘zini boshqacha, ya’ni baxtli qilib ko‘rsatolmas ekan. Men oxiri yengildim va hayotdagi hamma omadsizliklarim, baxtsizliklarim, sho‘rpeshonaligimni mana shu muhabbatga, men o‘zim tashlab ketgan muhabbatning yo‘qligidan, meni suyamagan, qalbimga malham bo‘lmagan, shodlantirmagan, yuksakliklar sari yetaklamagan muhabbatning yo‘qligidan ko‘ra boshladim. Lekin nima qilay, umr insonga bir marotaba berilar ekan. Biz esa bu umrni o‘tab bo‘ldik. O‘taganda ham noshudlarcha o‘tab bo‘ldik. – Ziyodaning ko‘zlaridan marjon-marjon yosh tomchilari oqib tusha boshladi.

- Ziyodaxon, qo‘ying yig‘lamang. Yuragimizda, hali-hamon shuncha dard bor ekan, demak muhabbat ham bor. Bizning xatoyimiz biz o‘z muhabbatimiz g‘alaba qozonishi uchun kurashmadik. Biz yengildik. Endi, yillar o‘tsa ham, umr degan dushman, bizning ustimizdan qozongan g‘alabasi tufayli zulmini, jabrini o‘tqazib kelyapti. Agar, shunday bo‘lishini oldindan bilganida, so‘nggi tomchi qonim qolguncha kurashgan bo‘lardim. Aniq bilaman, men siz bilan bo‘lganimda, siz menga kuch berardingiz, madad berardingiz va biz birgalikda, bizlar hozir tushimizga ham kirmagan baxtlarga erishardik. Lekin unday bo‘lmadi. Qanoti singan qush uchishga yaramaganday, juda erta safdan chiqib ketdik. Hozir esa, uchish haqida o‘ylamaymiz ham. Hayot esa faqat uchishdan iborat.

- Ahmad aka, men sizning oldingizga haqiqatan ham bekor kelibman. Men sizni baxtli odam deb yurardim. Bu xayol taskin berardi. Va sizni mendan biroz begonalashtirardi. Endi esa, bildimki, siz ham men singari o‘ylar ekansiz. Men singari qiynalar ekansiz. Siz mening suyangan tog‘im edingiz, endi bilsam, siz ham men singari bir suyanchiqqa muhtoj ekansiz. Iltimos, g‘am chekmang, pushaymon bo‘lmang, azoblanmang. Men sizni yaxshi ko‘raman.

- Rahmat, Ziyoda! Men ham sizni sevaman! So‘nggi nafasimgacha sevaman! Hayotimga eng nurli lahzalarni hadya etgan inson sifatida xotirlayman. Siz bilan kechirgan o‘sha uch yil butun umrimga tatiydi. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas. Men hayotimda bir marta sevdim va mana shu sevgi bilan o‘taman.

- Men buni sizdan talab qilganim yo‘q. Aytdim-ku, tasodifan…

- Yo‘q, yo‘q, kelganingizdan, Sizni ko‘rganimdan juda xursandman. Siz hali-hamon sizni sevishimni sezmaganingizda kelmasdingiz. Sizni muhabbat yetaklab keldi..

- Nahotki mening kelishim…

- Yo‘q, yo‘q, Ziyoda, umuman… men aytmoqchimanki, hayotimda bo‘lganingiz, qachonlardir sevishga qodir qilganingiz va meni uch yil bir marta qarab qo‘yishingizga zor qilganingiz va tunu kun sizni o‘ylab azob chekkanligim uchun sizga rahmat. Axir, men birovni bir kun ham sevolmay o‘tib ketishim mumkin edi-ku.

- Balki, harakat qilib ko‘rmagandirsiz…

- Ziyoda, keling, bir shoir aytganiday, “o‘tmish bilan kulib vidolashaylik”.

- Yaxshisi, o‘tmishni unutmaylik.

- Unutib bo‘ladimi?!

- Balki telefonlasharmiz… - dedi Ziyoda yuziga biroz tabassum yuritib.

- Albatta, keling yaxshisi barini boshidan boshlaymiz.

- Hayot bizdan har kuni jasorat kutib, o‘z tonglarini ottirmoqda. Hayot hali naqadar shirin.

- Yo‘q, unday demang… Mana, aeroportga ham keldik. Hamma yo‘lovchilar ro‘yxatdan o‘tib bo‘lishibdi.

- Xayr, yaxshi boring, Ziyoda.

- Xayr! (Ziyoda xayrlashish uchun qo‘l uzatadi).

- Umrimda birinchi bor qo‘lingizni ushlashim.

- Boshqa ushlamaysiz ham, – dedi u qat’iy. Negadir u bir lahzada boshqacha odamga aylanib qolganday edi.

- Unday demang.

- Boshqa ko‘rishmaymiz ham. Telefonlashmaymiz ham. Izlab ham bormang…

- Unday demang… Siz mening hayotimdagi eng ardoqli insonsiz.

- Xayr. Sizga aytadigan oxirgi so‘zim shu. Xayr!

Ziyoda shart burildi-da, tez-tez yurib ketdi.

Mening lablarim esa titrardi: “Siz hamon o‘shasiz…”