Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mutolaa: Vidolashuv xati.

Gabriel Garsia Markes

Og‘ir saraton kasalligiga chalingan kolumbiyalik buyuk yozuvchi Gabriel Garsia Markes umrining oxirida o‘quvchilarga ushbu xayrlashish maktubini qoldirgan.

"Agar Parvardigor bir lahzaga lattadan qilingan qo‘g‘irchoq ekanligimni unutib, menga ozgina hayot in’om etganda edi, ehtimol men xayolimga kelgan hamma fikrni bayon qilmagan bo‘lardim; men nima deyayotganim haqida ko‘proq o‘ylagan bo‘lardim.

Men buyumlarni ularning qiymati uchun emas, balki ahamiyati uchun qadrlagan  bo‘lardim.

Yopiq ko‘zlar bilan o‘tkazgan har bir daqiqam oltmish soniya yorug‘likdan mahrum bo‘lish ekanligini idrok qilib, kam uxlab, ko‘proq orzu qilardim.

Boshqalar erinsa-da, men yurardim, boshqalar uxlaganda uyg‘oq bo‘lardim, ular gapirganda tinglar edim.

Shokoladli muzqaymoqdan rohatlanishimni bilganingizda edi.

Agar Robbim menga ozgina umr bersa, oddiygina kiyinardim, quyoshning birinchi nurlari bilan uyg‘onib, nafaqat tanamni, balki ruhimni ham yayratardim.

Xudoyim, agar ozgina vaqtim bo‘lsa, nafratimni muzga kishanlab, quyosh paydo bo‘lishini kutar edim. Men Van Gog singari yulduzlar huzurida rasm chizib, Benedettining she’rlarini o‘qib orzuga berilardim va Serra qo‘shig‘i mening Oy nuridagi serenadam bo‘lar edi.

Tikanlari azobi va gulbarglarining alvon o‘pichini tatib ko‘rish uchun atirgullarni ko‘z yoshlarim bilan siypab o‘tardim.

Xudoyim, agar yana jindakkina umrim bo‘lganda edi... Men yaqinlarimga ularni sevaman deb aytmaslik uchun bir kunni ham o‘tkazib yubormasdim. Men har bir ayolni va har bir erkakni ularni sevishimga ishontirar edim, muhabbat og‘ushida sevib yashagan bo‘lardim.

Keksayganda sevishni to‘xtatishadi deb o‘ylagan odamlarga ularning qanchalik nohaq ekanliklarini isbotlagan bo‘lardim: aksincha, ular sevishda to‘xtagani uchun qarishadi.

Bolaga qanot berib, o‘zim unga uchishni o‘rgatgan bo‘lardim.

Keksalarga o‘lim qarilikdan emas, balki beparvolikdan kelib chiqishini uqtirgan bo‘lardim.

Axir men ham ko‘p narsani sizdan o‘rgandim, odamlar.

Chinakam baxt uni yerda kutayotganini bila turib, har bir kishi tog‘ cho‘qqisida yashashni xohlashini tushunib oldim.

Inson boshqa kishiga faqat oyoqqa turishga yordam berish uchun unga yuqoridan pastga qarashga haqi borligini tushundim.

Men sizdan juda ko‘p narsalarni o‘rgandim, odamlar, rostini aytsam, bundan endi foyda yo‘q, chunki sandiqlarimni to‘ldirib, men bu dunyoni tark etyapman". 

Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.