Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Muttahamlik zanjirini uzish kerak

– Menga qara, agar to‘yingga ishxonamdagilarni aytmasang, men ham bormayman. Ularning jiyanlari to‘y bo‘lganda borganman, axir. Sharmanda qiladigan bo‘lsang, opa, dema meni.

– Bu nima deganingiz? O‘zingiz guvohsiz-ku, 5 yil Rossiyada, 2 yil qozoqda ishlab, topganim bel og‘rig‘i bo‘ldi. Bitta o‘g‘ilni uylantirish uchun buncha odamga ziyofat berolmayman. Shusiz ham qarzga to‘y qilyapman.

– Bu meni qiziqtirmaydi. To‘y ko‘pchilik bilan bo‘ladi. Eplasang qil, bo‘lmasa...

O‘sha kuni Samandar akaning boshi qattiq og‘ridi.  Maslahat oshi jon bozoriga aylanib ketdi. To‘ylarining boshida turadigan ota-onasi o‘tib ketishgan, tug‘ishganlari esa uni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga jarlikka itarishmoqda. Shunday qilib, u opasining ishxonasidan 10 kishini, bundan tashqari, uning qudalari, ammayu xolalarini ham aytadigan, ayollarga mato qo‘yadigan bo‘ldi. Akasi va ukasi ulfatlarini, singlisi dugonalarini ro‘yxatga kiritishni unutishmadi. Bir tarafda xotinining qarindoshlari, ularni xafa qilib bo‘larmidi, hech bo‘lmaganda, o‘zinikilarga qilganicha sarpo qilishi kerak. Hali mahalladoshlari bor. Ular ham Samandar akani har ko‘rganida, “To‘ylasharkanmiz-da”, deya ro‘yxatga kiritishiga ishora qilishadi. “Nimalar bo‘lyapti o‘zi, – xayolidan o‘tkazdi Samandar aka. – Biz to‘yni kamchiqim, qurbimizga yarasha qilmoqchi edik-ku”.

Ha, pandemiya chekinib, ko‘kragimizga ozgina shamol tekkan edi, eski “dard”imiz qo‘zidi. To‘y, keraksiz ma’rakalar, dabdababozlik vasvasasi yana avj oldi. Ijtimoiy tarmoqlar puldan sarpo kiyganlar, davraga pul sochib, o‘zini ko‘z-ko‘z qilayotganlar videosi bilan to‘ldi. Yana isrofgarchilik, yana behayolik, yana farosatsizlik boshlandi. Nahotki murakkab davr bizga shaxs yoki jamiyat sifatida “ulg‘ayishimiz”ga yetmadi, pandemiya, uning ortidan kelgan qimmatchilik ko‘zimizni ochmadi? Kechagina, cheklovlar amalda bo‘lgan vaqtda 30 kishilik to‘y qilishga rozi bo‘lib turganlar bugun yana hunar ko‘rsatyapti-ku?!

Yozayotganlarimizdan maqsad yana eski gaplarni qaytarish emas. Puli, uni topishga ketgan umriga achinmagan inson birovning nasihatini qadrlarmidi. Maqsad barchamiz har kuni ko‘rayotgan, bilgan va eng yomoni, befarq qarayotgan ayrim haqiqatlar yuzidagi pardani ochishdir.

Masalan, biz shu vaqtgacha katta to‘ylar haqida gapirganda faqat to‘y egalarini aybdor qildik. Aslida ham shundaymi? Kuzatuvlarimdan xulosa qilib aytishim mumkinki, bugun to‘y harakatiga tushganlarning ko‘pchiligi avval boshida uni kamchiqim, faqat yaqinlari davrasida o‘tkazishga harakat qilishyapti. Hatto ularning “Karantin tartibi yana bir oyga qaytsa edi, to‘yimni kamxarjgina qilib o‘tkazib olardim”, deganlarini eshitdim. Demak, dabdabali to‘ylarning ortida bir yoki ikki kishi emas, balki ko‘pchilik, ta’bir joiz bo‘lsa, jamiyatning o‘zi turibdi.

Qanday qilib deysizmi? Marhamat, to‘yga taklifnoma olganimizda nimani xayoldan o‘tkazishimizni o‘ylab ko‘raylik. Ziyofat, maishat, o‘yin-kulguni o‘ylaymiz, shundaymi? To‘y boshlagan birodarimizning vaziyati bilan bir chaqalik ishimiz yo‘q. Bu yolg‘on deydiganlar oxirgi marotaba kimga to‘y uchun beminnat yordam berdi yoki to‘yni ixchamlashtirish taklifini aytdi? Hech bo‘lmasa, “Meni va oilamni to‘yga aytmasang ham xafa bo‘lmayman, imkoniyatingdan kelib chiqib dasturxon yoz”, degan mard chiqdimi oramizdan? Bizda hammasi teskari-ku. Boshqa ko‘chada turuvchi tanishimiz to‘y qilsa ham mabodo bizni aytishni unutsa, g‘iybatini boshlaymiz. To‘ylarni qisqartirish haqida soatlab vaz o‘qiymiz-u, o‘zimizga kelganda nafsimizni tiya olmaymiz. “Yegan og‘iz uyalar”, degan maqol bor. Ertaga siz ham to‘y qilasiz.

Bu bilan to‘ylarga bormang, davraga qo‘shilmang, demoqchi emasmiz. Boring, faqat insof bilan, talab qilib emas. Qolaversa, “Bir vaqtlar oshini yeganman, to‘yimga aytmasam bo‘lmaydi”, degan vajlarning ham davri o‘tdi. Jamiyatimiz bo‘yniga ilingan bu muttahamlik zanjiridan qutulish vaqti keldi, nazarimda.

Oxirgi xulosa o‘zingizdan.

Samandar aka masalasiga kelsak, bu o‘ylab topilgan voqea emas. O‘sha to‘y juda dabdabali o‘tdi, 400 nafarga yaqin odamga joy qilinib, dasturxonlar sarxil noz-ne’matlarga to‘ldirildi. To‘y egasidan boshqa hamma xursand edi o‘shanda. Eng yomoni shundan keyin boshlandi. Ko‘p o‘tmay, kuyovbola kelinchagini uyda qoldirib, chetga, qarzlarini to‘lash uchun pul topishga ketdi. Kelin esa bu taqdirga ko‘nmadi, onasinikiga qaytdi. Hozir Samandar aka ham kasal holiga qaramay, o‘g‘lining oldiga ketgan. Ikkovlon to‘y qilish uchun yana pul yig‘yapti.

Asqar BAROTOV.