Nafrat tili yoki o‘yin ortidagi bahslar, haqoratlar

El-klassiko

Futbolga qiziqmagan odam buni tushunmaydi. El-klassiko nima, qaysi jamoalarning o‘zaro qarama-qarshiligi, kim yaxshi o‘ynadi, kim gol urdi va kim g‘alaba qozondi, ularga farqi yo‘q.

Kecha yo‘lovchi taksida shunday tortishuv bo‘ldi:

Mashina uzoq manzilni ko‘zlab yo‘lga tushishi bilan orqa o‘rindiqdagi yigitlardan biri o‘zicha g‘o‘drandi: “Uyga borib hamma ishlarimni tez-tez bitirsam, bugun el-klassiko bor”. U aynan “el-klassiko” degan jumlani baralla aytib yubordi va o‘zi ham xijolatomuz atrofga alanglab qo‘ydi. 

Bunga hech kim hayron qolmasa-da, oldinda o‘tirgan yoshi kattaroq yo‘lovchi hamsuhbat kutib turgan ekanmi, uni savolga tutdi:

- Nima u el-klassiko?

Orqadagi yigitning avval yuzi qizardi, so‘ng ko‘kardi, boyagi xijolatchiligidan asar ham qolmadi. Keyin birdan tutoqib ketdi:

- Yeydigan narsa!...

So‘ng biroz yumshab, izohladi:

- Futbol haqida gapiryapman, aka, futbol. “Barselona” bilan “Real” o‘ynaydi.

- Ha, - dedi suhbatga tortmoqchi bo‘lgan kishining tersligidan hayron bo‘lib turgan oldi o‘rindiqdagi. Keyin uning biroz yuvosh tortganini ko‘rib suhbatni u istagan mavzuda davom ettirmoqchi bo‘ldi.

- Bu, uka, “Barselona” bilan “Bunyodkor”ning o‘yini qachon?..

U keyingi gapga og‘iz juftlab ulgurmay, orqa kuragidan qattiq musht tushdi.

Orqa o‘rindiqdagi endi “quturib” ketdi. U qolganlarning hay-haylashiga qaramay, oldi o‘rindiqdagini turtkilar va tinmay javrardi:

- Sen nima, meni ustimdan kulyapsanmi? Men “Barselona” desam, sen “Bunyodkor” deysan. Qanaqa “Bunyodkor”? Mana senga “Bunyodkor”, mana...

Uning qo‘li ham, og‘zi ham tinmasdi. Shofyor mashinani chetga olib to‘xtashga majbur bo‘ldi. Futbol jinnisi mashina to‘xtagunicha ancha hovuridan tushdi. Ammo endi oldi o‘rindiqdagi orqadan yegan musht zarbining alamidanmi, tusha-tusha uning yoqasidan oldi:

- Menga “Barselona”ng ham, “Real”ing ham, sen ham bir tiyin, tushundingmi? Ammo endi mendan qutulib bo‘bsan, hozir, shu yerning o‘zida seni bir yoqli qilaman.

Ular chinakamiga yoqalashardi. Ikki o‘rtada bisotida bor qo‘pol so‘z –so‘kish, haqoratning hammasi bir-bir aytildi. Qolganlar tezroq manzilga yetaylik, deb ikkalasini bir amallab mashinaga o‘tqazmoqchi bo‘ldi.

“Men bu futbol jinnisi bilan ketmayman”, dedi oldindagi. “Men futbolni “f” harfini ham tushunmaydigan axmoq bilan bir mashinada yurmayman”, dedi ikkinchisi va ikkalasi ikki tomonga qarab ketdi. Qolganlar esa hayron qolaverdi.

 

Janjalning sababi futbolmi?

Yo‘q!

El-klassiko, dunyoning eng yuqori saviyadagi chempionatlari va albatta milliy terma jamoamizning o‘yinlarini ko‘raman. Ammo shuni tushunamanki, bu futbol ko‘rmaydigan odamni, uni futbolga qiziqmagani uchun ayblashga va uning yoqasidan olishga izn bermaydi.

Futbolga qiziqqan odam borki shu sport turini yoritib boradigan saytlarni ham kuzatib boradi. Eng “og‘zi botir” kuzatuvchilar shu yerda jamlangan. “Real” va “Barselona” o‘yini haqida gap ketdi deguncha, futbol qolib, izohlarda bir-birini ayblashga, hatto ota-onadan kelib haqoratlashga kirishib ketadi. Masalan, futbol yulduzi Lionel Messi haqida ma’lumot ketsa, “ronaldu”chilar Ronaldu haqida gapira boshlaydi va “messichi”larni  haqoratlashga tushadi yoki aksincha. Vaholanki, bugun bu futbol yulduzlarining ikkisi ham dunyoning ikki burchagida, bir-biri bilan raqib bo‘lmaydigan jamoalarda to‘p tepadi. Bunday yasama raqobatni endi har ikkala klubning boshqa o‘yinchilari bilan davom ettiradi. Real o‘yinchisi Vinisius bilan “Barselona” o‘yinchisi Rafinya yoki Karvaxal bilan Yamal o‘rtasidagi o‘yin ichidagi tortishuvlarni ko‘tarib, katta janjallar yasaydi. Aslida esa bitta milliy terma jamoada o‘ynab, boshqa terma jamoaga gol ursa, birgalikda nishonlaydigan bu o‘yinchilar ular uchun jon olib, jon berayotgan bu izohchilarning hayotda bor yoki yo‘qligidan bexabar, birgalikda choy ichib o‘tirishgan chiqar.

O‘zi shusiz ham ijtimoiy tarmoqning o‘zbek sigmenti haqoratga to‘lib toshgan bir paytda futbol janjali haqorat va nafrat chegaralarini unutib qo‘yayapti. Aytayotgan gapiga javobgar bo‘lmaslik, panada turib “klaviatura polvoni”ligi ehtimol bunga yo‘l ochayotgandir. Istagan mavzuda gap ochishingiz bilan izohda kimningdir so‘kingani mavzu muallifining shaxsini yerga uradi, boshqalarning dilini xira qiladi.

Afsuslanarlisi, bunday haqorat va og‘zibuzuqlik bugun ilmiy va ijtimoiy-siyosiy munozaralarga ham ko‘chdi.

 Sog‘lom bahs

Sog‘lom bahsga kim kirisha oladi? Albatta, shu mavzuda bilimi, hech bo‘lmaganda yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lgan kishi, nazarimda. Faqat tomoshabinlik, bahsning asl mazmunini tushunmaslik nosog‘lom bahslarni yuzaga keltiradi. Sog‘lom bahs sog‘lom fikrlovchi jamiyatlarda yuzaga keladi. Oldinga siljimaslik, o‘zidan bir qadam bo‘lsa-da ilg‘or kishini tan olmaslik hammani va hamma narsani inkor qiluvchi jamiyatga aylanayotganimiz shundan bo‘lsa kerak.

Bugungi ilmiy bahslarda ham shunday holatni kuzatish mumkin. Ijtimoiy tarmoqda biror soha mutaxassisi bo‘lgan millatdoshimiz odamlar uchun foydali bo‘lgan muhim bir mavzuni olib chiqib gapira boshlasa, bu jabhada hech bir bilimi bo‘lmagan “ijtimoiy tarmoq faoli” uning shaxsini haqoratlay boshlaydi. Uni har safar holi-joniga qo‘ymay, bu ishni takrorlayveradi, uni ham quyushqondan chiqarishga urinadi. Gohida maqsadiga yetgach, “bularning olimlari ham so‘kong‘ich” qabilidagi ta’na-dashnomlar bilan butun millatni ayblashga o‘tadi.

So‘kinish islomda katta beodoblik va gunoh hisoblanadi, deyilgan ulug‘ olim Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning odob haqidagi kitoblarida. U ijtimoiy aloqalarning buzilishiga olib keladigan badxulqlikdir. O‘zaro muomalada birinchi bo‘lib so‘kkan odam katta ma’naviy jinoyat qilgan, oradagi izzat-hurmat, o‘zaro tushunish pardasini yirtgan, yomonlikka yo‘l ochgan bo‘ladi. So‘kinishni o‘ziga odat qilgan kishi nafaqat qarshisidagi odamni, balki o‘zining mo‘’tabar onasini, opa-singillarini haqorat qilgan bo‘ladi. Imom Buxoriy Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Katta gunohlarning kattasi insonning o‘z ota-onasini la’natlamog‘idir”, dedilar. “Ey Allohning Rasuli, qanday qilib odam o‘z ota-onasini la’natlaydi?” deb so‘raldi. U zot: “Bir odam birovning otasini so‘ksa, u ham buning otasini so‘kadi, onasini so‘ksa, onasini so‘kadi”, dedilar.

Xo‘roz o‘z katagida qichqiradi

Milliy terma jamoamiz, qolaversa, nomdor jamoalarda o‘ynayotgan Eldor, Abbos va Abduqodir kabi futbolchilarimiz sabab xalqaro futbol saytlari va top klublarning sahifalarida o‘zbek futboli haqida gapirila boshlandi. Futbolchilarimizni hamma e’tirof qilyapti, ularni yaxshi o‘ynaganda olqishlayapti, o‘yini chiqmay qolgan paytlarda ruhan dalda bo‘lyapti. O‘sha jamoa muxlislari ham, futbol mutaxassislari ham, hatto uning transferiga katta mablag‘ to‘lagan klub mas’ullari-yu, bugun dunyoning eng nomdor murabbiyi Pep Gvardiola ham. Ammo...

... Ammo yana shu muammo. Bizning har sohada yetuk bo‘lgan “divanniy mutaxassis”larimiz o‘z o‘rnida. Husanov zaxirada o‘tiribdi, murabbiy uni tushirmadi, tushganda yaxshi o‘ynamayapti, gol urolmadi kabi ta’na-dashnomlar bilan “olqishlab” turadi. Vaholanki, bu jamoada unga o‘xshagan 30 nafar futbolchi bor, o‘yinda esa 11 futbolchi o‘ynaydi, futbolchi almashtirishning chegarasi bor, o‘yinchining eng yaxshi holatini murabbiy biladi va hammaga imkoniyat beradi, raqibga qarab o‘yin taktikasini tuzadi va hokazo.

Bizning futbol “mutaxassis”lari esa Pepga jamoani boshqarishni o‘rgatgani-o‘rgatgan. Aslida bir voqelikda har kimning o‘z o‘rni bor. Futbolda murabbiy futbol quradi, futbolchi o‘ynaydi, tomoshabin muxlislik qiladi. Xalqaro sharhlarda qoyillatib futbol o‘ynab qo‘ygan ekspertlarning ikki og‘iz fikrini eshitib, ularning kamtarligiga qoyil qolasiz. Hech bir keskinlik yo‘q, biror o‘yinchi haqida xulosalarga shoshilmaydi. Eng nomdor klublarning o‘yinlarini stadiondan turib tomosha qiladigan muxlislarning futbol haqidagi bilimiga tan berasiz. Xuddi biror top klubning murabbiyidek. Eldor Rimgacha, Abduqodir Manchestergacha boribdiki, demak shunday buyuk jamoalarni qurgan klub egalari ularda qandaydir iste’dodni payqagan va undan o‘z o‘rnida foydalandi va foydalanyapti.

Jahon futbolida futbolchilarimiz o‘ynayotgan ekan bundan bir vatandosh sifatida faqat xursand bo‘lishimiz kerak. Agar u zaxirada ko‘proq o‘tirib qolayotgan bo‘lsa ham. Axir “Manchester Siti”dek top klubning zaxira o‘rindig‘ida o‘tirishgacha bo‘lgan yo‘l bor, unga munosiblik bor va futbolda o‘z daqiqalarini kutish falsafasi bor.

Darvoqe, xalqimizda xo‘roz o‘z katagida qichqiradi, degan purma’no maqol bor. Xalqaro futbolda so‘kinish va haqoratlar ketmaydi. Buning uchun juda katta, ehtimol, siz va biz tasavvur qilolmaydigan miqdordagi jarimalar va ta’qiqlar bor. Nafrat tilingiz bilan jahon chempionatida birinchi marta ishtirok etadigan milliy termamiz va top klublarda o‘ynayotgan yurtdoshlarimizga pand berib qo‘ymang.

Sulaymon Mardiyev.