Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Napoleon mebellarini Samarqandga kim olib kelgan?

Uzoq yillar davomida Samarqand tumanidagi Fotima Qosimova nomli sobiq kolxoz hududida Fransiya imperatori Napoleonga tegishli XVIII asr mebellar to‘plami saqlanadigan muzey bor edi.

1946  yilda jamoa xo‘jaligiga Ismoil Ibrohimov rahbarlik qilgan. O‘sha yillarda bu xo‘jalik asosan quritilgan meva va uzum yetishtirish bilan shug‘ullangan va o‘z vino zavodiga ega bo‘lgan. Ba’zida quritilgan mevalar Rossiyaga yuborilib turgan.

Kunlarning birida xo‘jalikning Aron Kaplan ismli ta’minotchisi quritilgan mevalar evaziga Samarqandga mebel olib keldi. Aytishlariga qaraganda, u kishi bu mebellarning to‘liq qiymatini tushunmagan holda ularni sotib olgan. Qishloq aholisi esa boshqaruvga kelganda undan oddiy mebel sifatida foydalanganligi sababli kursilardagi Xitoy ipaklari kirlanib qolgan. Faqat 1956 yilga kelib Fotima Qosimova davrida ushbu eksponat ko‘rinishini yo‘qotmasligi uchun alohida xonaga ko‘chirilgan.

“1946 yilda dadam rahbarlik qilgan Kaganovich nomli jamoa xo‘jaligi “millioner” kolxozi sifatida mamlakatda mashhur bo‘lgan, - deb eslaydi Xadicha Ismoilova. - Sobiq SSSRda bu  kabi xo‘jalikdan atigi to‘rttasi bo‘lardi. Xo‘jalik namunali bo‘lgani sababli uni chet ellik mehmonlarga ko‘rsatib turishgan. O‘sha paytda otam qo‘l ostida juda uddaburon ta’minotchi Aron Moiseyevich Kaplan ishlagan. U otamga mehmonlar oldida uyatli bo‘lib qolmaslik uchun munosib mebel sotib olish kerakligini aytgan. Otam rozi bo‘lgan va Aron Kaplan bir necha vagon piyoz va quritilgan mevalar bilan Leningradga jo‘nab ketgan.

Urushdan keyingi hayot hali ham og‘ir bo‘lgan davrlar edi. Leningradda akademik Belinkovning bevasi yaxshi mebel jamlanmasini sotayotganini bilib olgan Kaplan u bilan uchrashdi, biroq Belinkova uning mebellarini tashqi ishlar vaziri Molotov o‘z kabineti uchun sotib olmoqchi ekanligini aytgan. Mebel Kaplanga juda ma’qul kelgani sababli Aron Moiseyevich ayolga uzil-kesil foydali bitim taklif qildi: “Mana bu yerda 90 ming naqd pul bor, men mebelni olib ketaman”.

Ayol ikkilana boshladi: axir u boshqa odamlar bilan kelishib qo‘ygandi, biroq Kaplan baribir bu ziyoli ayolni fikrini o‘zgartira oldi...”.

Mebel Rossiyaga qanday kelib qolgan?

1812 yilgi urush paytida rus qo‘shinlari Parijga kirganda imperator Aleksandr I Parijni qo‘lga kiritgan urush xotirasi sifatida saroydan mebelni Rossiyaga olib kelgan.

U qo‘ldan qo‘lga o‘tib oxir-oqibat akademik Belinkov bevasidan sotib olindi va Samarqanddagi jamoa xo‘jaligida joylashtirildi.

Bugungi kunda bu noyob eksponat Samarqand o‘lkashunoslik muzeyida saqlanmoqda.

samtur.uz cayti ma’lumotlari asosida Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.