Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Narpayda yangi ip yigiruv sexi, 350 ta yangi ish o‘rni

Yaqinda Narpay tumani markazi Oqtosh shahridagi sobiq “Zirabuloq” tajriba-sinov zavodi hududida “Maroqand sifat” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ip-yigiruv sexi ishga tushirildi. Fabrika binosini qurish va uskunalar bilan jihozlash uchun 55 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.

- Xitoy davlatidan keltirilgan uskunalar yordamida bir kunda 15 tonna ip kalava tayyorlanmoqda, - deydi sex ish yurituvchisi Firdavs Jumayev. – Fabrikamizda 350 nafarga yaqin ishchi-xodim 3 navbatda faoliyat olib boryapti. Mahsulotimiz hozircha ichki bozorga sotilayotgan bo‘lsa, kelgusida chetga eksport qilish rejamiz ham bor. Shu kunlarda Pokiston, Eron, Turkiya va Tojikiston davlatlari bilan shartnomalar imzolanyapti.

Sexga, asosan, tumandagi “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turuvchi fuqarolar ishga joylashtirildi.

- O‘zim ham, turmush o‘rtog‘im ham ishsiz edik, - deydi korxona laboranti Madina Chorsha’mova. – Shu fabrika ishga tushgach, ikkimiz ham ishli bo‘ldik. Bir kunda 8 soat ishlaymiz. Har bir navbatda bir mahaldan issiq ovqat beriladi. Oylik ham yaxshi: 1,5 million so‘m atrofida.

Yangi tashkil etilgan sexning yangi kelgan ishchilariga pokistonlik mutaxassislar yaqindan ko‘maklashmoqda.

- “Maroqand sifat” mas’uliyati cheklangan jamiyati qoshida tashkil etilgan mazkur fabrikada ishchilarga uskunalardan qanday foydalanish kerakligini o‘rgatyapmiz, - deydi pokistonlik mutaxassis Sanaullo Chouri. – Ishchilar faoliyat boshlaganiga hali ko‘p bo‘lmasa-da, ancha qo‘llari kelishib qoldi. O‘zbek yoshlarining o‘rganish qobiliyati yaxshi ekan. Qaysidir ishni bir marta bajarib ko‘rsatsangiz, darrov o‘rganib olisharkan.

Kelgusida korxonada yigirilayotgan ip-kalavadan shu yerning o‘zida mato tayyorlash ham yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

To‘lqin Siddiqov,

Baxtiyor Mustanov.