Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Navoiy shahrida “Nexia” rusumli avtomobil yonib ketdi

2019 yilning 26 sentyabr kuni soat 12:34da Navoiy shahri Tinchlik qo‘rg‘onining Sadriddin Ayniy ko‘chasida turgan “Temir yo‘l transporti boshqarmasi” MChJga qarashli “Nexia” rusumli avtomobilda yong‘in bo‘layotgani haqidagi xabar yong‘in-qutqaruv xizmatiga kelib tushgan.

O‘zbekiston Respublikasi FVV YoXBB OAV bilan hamkorlik qilish bo‘linmasi ma’lumotiga ko‘ra, xabar asosida voqea joyiga ikkita yong‘in o‘chirish bo‘linmalari jalb etilgan. Bo‘linmalar chaqirilgan manzilga uch daqiqada yetib borgan va yong‘in soat 12:39 da qurshab olinib, soat 12:42 da to‘liq bartaraf etilgan. Hodisa oqibatida “Nexia” avtomobili to‘liq yongan.

Hodisaning kelib chiqish sababi yuzasidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilganda avtomobilda harakatlanib ketayotgan haydovchi yoqilg‘i hidini sezib, avtomobilni yo‘l chetida to‘xtatgani va qaytadan o‘t oldirgan vaqtida alanga yuzaga kelgani hamda yong‘in o‘chirish bo‘linmalari yetib kelgan vaqtda avtomobilga o‘rnatilgan 65 litr sig‘imdagi propan gaz balloni yong‘in oqibatida yorilgani ma’lum bo‘lgan.

Tan jarohati olganlar va halok bo‘lganlar yo‘q. Yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.