Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Navoiy va Samarqand viloyatlarida Shiroq haqida teleserial hamda Mahmudxo‘ja Behbudiy faoliyatiga oid badiiy film suratga olinadi

“O‘zbekkino” milliy agentligi va Samarqand viloyati hokimligi tomonidan o‘zbek xalqining buyuk siymolariga bag‘ishlangan filmlarni suratga olish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ulardan biri sahroda shoh Doro boshchiligidagi fors bosqinchilarining katta qismini donoligi va jasorati bilan yenggan sak qabilasiga mansub cho‘pon Shiroq haqidagi serial hisoblanadi.

Keyingi loyiha taniqli ma’rifatparvar, jadidchilik harakatining taniqli namoyandalaridan biri, atoqli yozuvchi, dramaturg Mahmudxo‘ja Behbudiy haqida badiiy film yaratishdan iborat. Ta’kidlash joizki, bu yil O‘zbekistonda Mahmudxo‘ja Behbudiyning 145 yilligi keng nishonlanadi.

Ushbu kelishuv haqida so‘z yuritar ekan, “O‘zbekkino” rahbari Firdavs Abduxoliqov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida milliy qahramonlar xotirasini abadiylashtirish muhimligi to‘g‘risidagi tashabbusi hayotga tatbiq etilayotganini ta’kidladi.

- Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimovdan mamlakatimiz rahbariyatining buyuk tarixiy shaxslar xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalarini amalga oshirish, shu qatorda Ikkinchi jahon urushi paytida Germaniyaning Amersfort nemis konslagerida asirga olingan o‘zbeklarning jasorati va mardligi haqida film yaratishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatgan tashabbusi uchun minnatdormiz, - dedi Firdavs Abduxoliqov. - Mamlakatimizning har bir mintaqasi mutasaddilari nafaqat tariximizdagi buyuk  shaxslar nomi bilan faxrlanishi, balki ularning nomlarini abadiylashtirishga harakat qilishi kerak. Ushbu loyihalar, shuningdek, kino sanoati xodimlarini ish bilan ta’minlashda, muhimi, jarayonga yosh kinoijodkorlarni jalb qilishda muhim ahamiyatga ega. Ular ham o‘z navbatida xorij kinoijodkorlari bilan birgalikda tarixiy filmlarni yaratish bo‘yicha katta tajriba orttiradi.

Mahmudxo‘ja Behbudiy haqidagi filmni Samarqandda shu yilning oxirigacha suratga olish rejalashtirilgan.

Tomonlar Shiroq haqidagi teleserialni suratga olishda maslahatchi sifatida chet ellik rejissyorlarni taklif qilishga qaror qilishdi. Navoiy viloyatida filmni suratga olish masalasi ham muhokama qilinmoqda. Ushbu viloyat hududida filmda Shiroqning dushmanlarni adashtirishiga mos keladigan sahrolar bor. Shu munosabat bilan "O‘zbekkino" va Samarqand viloyati hokimligi ushbu loyihada ishtirok etish uchun Navoiy viloyati hokimligi vakillarini taklif qilishmoqchi.

Shiroq  haqidagi teleserialning ssenariysi yozuvchi va kinodramaturg, 20 dan ortiq serial va badiiy filmlar ssenariysini yozgan Nazar Xoliqulovga (Nazar Eshonqul) tegishli. "O‘zbekkino" rahbariyati yuqoridagi filmlarning rejissyorlarini tanlov asosida tanlab olishni rejalashtirmoqda.

“O‘zbekkino” milliy agentligi axborot xizmati.