Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Niyatni yaxshi qilaylik

To‘g‘risi, keyingi kunlarda bo‘layotgan gap-so‘zlarni eshitib, odamlarning o‘zini tutishini ko‘rib, chidab turolmadim. Ko‘nglimdan kechayotganlarni yozishga majbur bo‘ldim.

Gap shundaki, mamlakatimizda koronavirus qayd etilishi bilan hukumat tomonidan aholini bu pandemiyadan asrash yuzasidan barcha zarur choralar ko‘rilmoqda. Aviareyslar to‘xtatilmoqda, chegaralarda nazorat kuchaytirildi. Barcha ta’lim muassasalarida 16 martdan ta’til e’lon qilindi.

Hatto, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi barcha musulmonlarni janoza namozlarini vafot etganning yaqin qarindoshlari ishtirokida xonadonlarda o‘qishni, masjidlarda namoz vaqtini bildirish uchun azon aytilsa-da, jamoat bo‘lib namoz o‘qimay turishni, karantin davrida masjidlar va tahoratxonalarda sog‘liqni saqlash vazirligi tavsiyalari asosida davriy dezinfeksiya ishlari o‘tkazilishini so‘ramoqda.

Ana shunday sinovli damlarda, ya’ni hamjihat bo‘lib, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashimiz lozim bo‘lgan bir pallada, odamlarning faqat o‘zim bo‘lay, menda bo‘lsin degan egaistik harakat bilan bozor va do‘konlardagi oziq-ovqat talashishi, ertaga ocharchilik bo‘layotgandek ochko‘zlik qilishi meni hayratga soldi.

Odamlar zaxira qilish uchun haddan ziyod narsalarni kuchlari yetgancha xarid qilishga urinmoqda. Nima emish, ertaga bu mahsulotlar taqchilligi, narxi ko‘tarilib ketishi ro‘y berishi mumkin ekan. Bunday sharoitda qalbimizda iymon bo‘lsa, u butun bo‘lsa, nima uchun hammaga kelgan “to‘yda” faqat men bo‘lishim kerak, degan aqida bilan yashayapmiz? Qani insof, diyonat, bir-birimizga birodarlik? Musulmon musulmonga birodar va do‘st bo‘lishi kerakku?! Agar taqchillik bo‘lsa, “faqat mening qornim to‘q bo‘lsa bas, qolgani nima bo‘lsa bo‘laversin”, demoqchimi ular?

Ertaga qimmatlashib ketadi, degan xavotir bilan birovlar ko‘proq mahsulot sotib olsa, bunday paytdan foydalanish kerak, deb noinsof sotuvchi narxni oshirsa, do‘konlarini yopib qo‘ysa, bu iymonli kishining ishi bo‘ladimi? Agar mahsulot kam bo‘lib qolgan taqdirda ham boshqalarni ham o‘ylab, tejamliroq bo‘lishimiz, kamroq xarid qilishimiz kerak emasmi?

Noinsof tadbirkorlarga juda achindim. Ular ozgina foyda qilaman, deb dini, diyonatini pulga almashtirib, kelib turgan barakaga ham bolta urayotganligini nahotki, bilmasa? Tadbirkorlik – kasb. U halol bo‘lgandagina foyda keltiradi, birovning hojatini chiqarganligi uchun ham savob, ham foyda oladi. Ammo g‘irromlikdan foyda olib bo‘lmaydi, olganda ham uning barakasi bo‘lmaydi yoki buyurmaydi.

Azizlar, o‘zimizga bir qaraylik: biz kimmiz, nima qilyapmiz? Kelayotgan balolar, ofatlar odatda odamlarning niyatiga va fe’liga yarasha bo‘ladi. Fe’limiz ketmasin, niyatimiz qaytmasin!

Mamayunus PARDAYeV,

SamISI professori.