Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

NNTlar davlat granti mablag‘larini maqsadli ishlatyaptimi?

Xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi nodavlat-notijorat tashkilotlarini, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan NNT, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2021 yilda 33 loyihaga 995 million so‘m, 2022 yilda 17 loyiha va 11 ta milliy madaniy markazga 1 milliard 264 million so‘m mablag‘ ajratilgan.

Ushbu davlat garanti va davlat subsidiyasi mablag‘larini maqsadli va samarali ishlatish yuzasidan xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyasi ishchi guruhi hamda OAV vakillari tomonidan joylarda monitoring o‘tkazildi.

Dastlab Urgut tumani va Samarqand shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyati o‘rganildi.

2021 yilda Urgut tumanidagi Ipakli mahallasiga “Ipak ota” ziyoratgohi asosida kashta tikish amaliy san’atning qadimiy sohalarini mahalla xotin-qizlari orqali rivojlantirish” loyihasi uchun 30 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Mahalla raisi Hazrat Haydarovning aytishicha, ushbu mablag‘ga 7 ta tikuv mashinasi va kerakli jihozlar xarid qilinib, mahalladagi ijtimoiy "daftar"larda turadigan va ishsiz xotin-qizlarga kashtado‘zlik va kiyim-kechak tikish o‘rgatib kelinmoqda.

Tumanning Sovg‘on mahallasida “Mahalla va yoshlar kutubxonasi” nomli elektron hamda turli adabiyotlarni o‘zida jamlagan badiiy kutubxona tashkil etish loyihasi 50 million so‘m grant yutib olgan.

- O‘tgan yili kutubxona tashkil qilish loyihamiz uchun 50 million so‘m grant mablag‘i ajratildi va mahalla markazida ko‘rkamgina kutubxona ochdik, - deydi Sovg‘on mahallasi yoshlar yetakchisi Aziz Boymahmatov. – Kutubxonaga kerakli adabiyotlar, televizor, kompyuter va stol-stullar olib keldik. Hozir bu yerda mahalla yoshlarining bo‘sh vaqti mazmunli o‘tyapti.

Bundan tashqari, tumanning Sariqtepa mahallasida 30 million so‘m grant g‘olibi bo‘lgan, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarning bandligini ta’minlash bo‘yicha “Dil ba yoru, dast ba kor” loyihasi hamda Mustaqillik mahallasida 50 million so‘mlik grant mablag‘i hisobiga “Yangi O‘zbekistonda munosib hayot” nomli nogironligi bo‘lgan shaxslar va og‘ir ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarni hayotga moslashtirish markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, davlat granti mablag‘laridan samarali foydalanilgan.

Monitoring davomida 2021 yilda grant tanlovida g‘olib bo‘lib, 31 million so‘mni qo‘lga kiritgan SOS O‘zbekiston bolalar mahallasi Samarqand filialida “Termo-issiqxona va jonli burchakni tashkil qilish” loyihasi ham ko‘zdan kechirildi.

- Loyihaning asosiy maqsadi ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarni tabiatni sevishga, hayvonlarni boqishga o‘rgatish va mustaqil hayotga tayyorlash, - deydi SOS bolalar mahallasi Samarqand filiali direktori Dilrabo Davronova. – Ayni paytda bu yerda 70 nafar bola tarbiyalanmoqda. Grant va homiylik mablag‘lari hisobidan mahalla hududida issiqxona tashkil etildi. Qo‘y, mol, quyon va tovuqlar boqish yo‘lga qo‘yilib, har bir oilaga bo‘lib berildi. Bu bolalarda qiziqish bilan birga, kelajakda shunday kasb bilan shug‘ullanishga ham o‘rgatilmoqda.

Keyingi manzil 50 million so‘mlik grant mablag‘i g‘oliblari, Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi hamda Pensionerlar uyushmasining viloyat kengashi bo‘ldi.

Kengash raisi Bekzod Rahimovning ta’kidlashicha, ajratilgan mablag‘ “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni haydovchilikka o‘qitish, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga yo‘naltirilgan va joriy yilda 423 nafar ijtimoiy "daftar"dagi yoshlar grant mablag‘lari hisobidan o‘qitilgan. Shuningdek, yoshlarning ijtimoiy-huquqiy ko‘nikmalarini oshirish maqsadida seminar-treninglar tashkil etilgan.

 - “Sog‘lom kelajak” loyihasi uchun 50 million so‘m grant mablag‘i ajratilgan, - deydi Pensionerlar uyushmasining viloyat kengashi raisi Hoshim Vafoyev. - Grant mablag‘lari hisobidan Samarqand shahri Do‘stlik ko‘chasidagi tashlandiq joyni obodonlashtirib, nuroniylar choyxonasiga aylantirdik. Shuningdek, bu yerda nuroniylarning shug‘ullanishi uchun ham sharoit yaratilib, maskan zamonaviy sport jihozlari bilan ta’mirlandi.

Jamoat komissiyasi ishchi guruhining joylarda monitoring tekshiruvlari davom etmoqda.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.