Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

NNTlar jamiyatdagi muammolar yechimida qanday o‘ringa ega?

Samarqand shahridagi Do‘stlik va nodavlat notijorat tashkilotlari uyida ilk yig‘ilish - O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining hududiy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyatdagi NNTlar, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari ishtirok etdi.

Dastlab O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari N.Mahmudov ishtirokchilarga sohadagi yangiliklar xususida ma’lumot berdi. Ta’kidlandiki, o‘tgan yillar davomida NNTlarga grant olish, loyiha yakunlari bo‘yicha hisobotlar tayyorlash va taqdim etish masalalari bo‘yicha doimiy ko‘mak berilmoqda. Shu yil viloyat NNTlari uchun ajoyib sovg‘a – «Do‘stlik uyi» barcha shart-sharoitlari bilan foydalanish topshirildi. Unda nodavlat tashkilotlar faoliyat olib borishi uchun xonalar, kovorking markazi, kutubxona, muzey, faollar zali va boshqa qulayliklar mavjud.

- Shu yil mahalliy byudjetdan nodavlat notijorat tashkilotlari uchun 1 milliard so‘m miqdorida grant tanlovlari e’lon qilindi, - deydi viloyat hokimining o‘rinbosari D.Mamadqulov. – Turli yo‘nalishlar bo‘yicha e’lon qilingan tanlovda har bir NNT o‘z yo‘nalishi bo‘yicha ishtirok etib, jamiyatdagi muammolarning yechimiga hissa qo‘shishi mumkin. Shuningdek, respublika miqyosida ham shunday tanlovda qatnashish imkoni bor. Bularning barchasi nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun yaxshi imkoniyatdir.

Anjumanda respublika hisobot-saylov konferensiyasiga delegatlar saylandi, shuningdek, grant tanlovlarida ishtirok etish bo‘yicha amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatildi.

Gulruh Mo‘minova.