Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Nohaq ishdan olingan bog‘cha xodimi vazifasiga tiklandi

Kattaqo‘rg‘on shahar adliya bo‘limiga N.Siddiqova va Yu.Diyarovalar murojaat qilib, buzilgan huquqlarini tiklab berilishida qonuniy yordam so‘ragan.

Aniqlanishicha, N.Siddiqova 18-maktabgacha ta’lim tashkilotida 2010 yil mart oyidan buyon tarbiyachi lavozimida ishlab kelayotgan bo‘lgan. Maktabgacha ta’lim tashkilotining 2019 yil 22 noyabrdagi 88-buyrug‘iga ko‘ra, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi Mehnat kodeksining 100-moddasi, 2-qismi, 3-bandiga asosan bekor qilingan.

O‘rganishlarga ko‘ra, N.Siddiqova bilan mehnat shartnomasi bekor qilinishida bir qator qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgan. Jumladan, N.Siddiqova mehnat shartnomasi bekor qilinishi haqida ish beruvchi tomonidan ogohlantirilmagan.

Mehnat kodeksining 102-moddasi, 5-qismiga ko‘ra, mehnat shartnomasi xodim aybli xatti-harakatlar sodir etganligi munosabati bilan bekor qilingan hollarda (100-modda, ikkinchi qismi 3 va 4-bandlari) ish beruvchi xodimni mehnatga oid munosabatlarning bekor qilinishi to‘g‘risida kamida uch kun oldin xabardor qiladi yoki unga shunga mutanosib kompensatsiya to‘laydi.

Shuningdek, mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi buyruq N.Siddiqovaning yashash manziliga 2019 yil 25 noyabrda, ya’ni buyruq qabul qilingandan 3 kundan keyin pochta aloqa bo‘limi orqali yuborilgan. Mehnat daftarchasi esa bugungi kunga qadar berilmagan.

Vaholanki, Mehnat kodeksining 108-moddasiga muvofiq, mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni ish beruvchi xodimga uning mehnat daftarchasini va mehnat shartnomasining bekor qilinishi haqidagi buyruqning nusxasini berishi shart.

Mehnat kodeksining 101-moddasiga ko‘ra, basharti jamoa kelishuvi yoki jamoa shartnomasida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish uchun kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlar boshqa vakillik organining oldindan roziligini olish nazarda tutilgan bo‘lsa, shartnomani bunday rozilikni olmay turib bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

18-maktabgacha ta’lim tashkilotining 2019-2021 yillarga mo‘ljallangan jamoa shartnomasining 20-bandiga asosan xodimlarning mehnat shartnomasini kasaba uyushmasi qo‘mitasining oldindan roziligini olmay turib, ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Tashkilot kasaba uyushmasi qo‘mitasining 2019 yil 12 noyabrdagi yig‘ilish qarorida N.Siddiqova 2019 yil 6 noyabrda qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yganligi sababli u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish ma’qullangan.

Lekin kasaba uyushma qo‘mitasi raisi vazifasini bajargan D.Djalolovaning bergan tushuntirish xatida ko‘rsatilgan sanada majlis o‘tkazilmaganligi, mudira M.Yakubova farzandi tug‘ilganligi uchun suyunchi puliga tayyorlangan hujjat “hisobchimiz so‘rayapti, tezda imzo qo‘y” deb aytgani uchun hujjatlar bilan tanishmasdan, imzo qo‘yib berganligini bayon etgan.

Qolaversa, 2019 yil 12 noyabrda o‘tkazilgan kasaba uyushmasi qo‘mitasining majlis qarorida ham 18-MTT mudirasi tomonidan berilgan taqdimnoma muhokamaga qo‘yilmagan. Bu holatlar esa kasaba uyushmasi qo‘mitasiga bunday mazmundagi taqdimnoma berilmaganligi, 2019 yil 12 noyabrda kasaba uyushmasi qo‘mitasining majlisi o‘tkazilmaganligi va N.Siddiqova bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishda kasaba uyushmasi qo‘mitasining oldindan roziligi olinmaganligini tasdiqlaydi.

Shu sababli Kattaqo‘rg‘on shahar adliya bo‘limi tomonidan sudga ariza kiritildi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining 2020 yil 12 fevraldagi hal qiluv qarori bilan ariza qanoatlantirilib, 18- maktabgacha ta’lim tashkilotining 2019 yil 22 noyabrdagi 88-son buyrug‘i g‘ayriqonuniy deb topilib bekor qilindi va N.Siddiqova lavozimiga tiklandi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining 2020 yil 12 fevraldagi hal qiluv qarori Yu.Diyarova ham yordamchi tarbiyachi lavozimiga tiklangan.

A.MAMATOV,

Kattaqo‘rg‘on shahar adliya bo‘limi boshlig‘i.

A.TILAVOV,

Kattaqo‘rg‘on shahar adliya bo‘limi bosh maslahatchisi.