Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Noqonuniy qurilishlar qachon barham topadi?

Telegram kanalimizda “Samarqand shahrida noqonuniy qurilishlar barham topdimi?” degan savol bilan so‘rovnoma o‘tkazilgan edi.

2045 kishi ovoz bergan so‘rovnomada ishtirokchilarning 5 foizi bugungi kunda Samarqand shahridagi noqonuniy qurilishlar to‘liq tugagan, deb javob bergan. 19 foiz respondent “bor, lekin keskin kamaygan” degan bo‘lsa, ularning 31 foizi “Noqonuniy qurilishlar hali ko‘p”, degan javobni belgilagan.

Biroq ming nafarga yaqin, ya’ni 45 foiz so‘ralganlarning fikri boshqalarnikidan farq qiladi. Ular “Bunday qurilishlar tugamaydi” degan javobda to‘xtalgan.

So‘rov yuzasidan kanal o‘quvchilari qoldirgan sharhlarni o‘qisangiz, Samarqand shahridan tashqari Past Darg‘om, Urgut, Narpay, Jomboy tumanlarida ham noqonuniy qurilishlar davom etayotganini ko‘rishingiz mumkin.

Viloyat qurilish bosh boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga qaraganda, bugungi kunda viloyatimizda shaharsozlik qoidalariga zid bo‘lgan 746 ta noqonuniy qurilish bor. Birgina Samarqand shahrida 167 ta turli bino va imorat o‘zboshimchalik bilan tiklanmoqda. Shahar arxitektura va qurilish bo‘limi tomonidan 101 ta, yer tuzish va kadastr bo‘limi mutaxassislari tomonidan 66 ta noqonuniy uy-joy aniqlangan. Shahar hokimligi qoshida tashkil etilgan ishchi komissiya tomonidan yilning birinchi choragida 158 ta noqonuniy qurilish uchun turli choralar ko‘rilgan, 14 ta huquqbuzarlik joyida bartaraf etilgan.

- Viloyatimizda shaharsozlik an’analariga zid, noqonuniy qurilayotgan qurilishlar bor, - deydi viloyat qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i Laziz Hamidov. – Jumladan, mutaxassislarimiz tomonidan Samarqand tumanida 150 ta, Urgutda 80 ta, Nurobodda 73 ta, Past Darg‘omda 48 ta turli bino va inshootlar aniqlandi. Hozirda hududiy komissiyalar tomonidan viloyat bo‘yicha 385 ta noqonuniy qurilish egalariga ogohlantirish xatlari berilib, chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga taqdimnomalar kiritildi. 94 ta ob’yektdagi kamchiliklar joyida bartaraf etildi.

Samarqand shahar hokimining 2015 yil 26 fevraldagi qarori asosida Rudakiy va Orzu ko‘chalaridagi fuqarolarga tegishli turar va noturarjoy binolarini qonunda belgilangan tartibda ko‘chirish sharti bilan ruxsat berilgan. Biroq keyinchalik shahar hokimi qaroriga qo‘shimchalar kiritilgan holda turarjoy binosi qurilishi davom ettirilmoqda. Bugungi kunda mazkur qurilish ishlarida bir qator kamchilik va nuqsonlar borligi, quruvchilar tomonidan ishlar sifatsiz olib borilayotganligi sababli, ushbu binodan uy sotib olgan fuqarolar o‘z noroziliklarini bildirmoqda.

Shahar hokimining qarori bilan fuqaro G.Rahmatullayevaga tegishli, Mahmud Koshg‘ariy ko‘chasi 29-uy binolarini mehmonxona sifatida qayta qurishga ruxsat berilgan. Biroq qurilish ishlari loyiha hujjatlaridan chetga chiqqanligi, shaharsozlik talablari buzilgan holda qurilish-montaj ishlari olib borilayotganligi aniqlandi.

Narpay ko‘chasida 113, 115 va 119-manzillarda joylashgan fuqarolarga tegishli bino va inshootlar o‘rnidan “Selxoztexnika” MChJ tomonidan ko‘p qavatli turarjoy binosi qurilishiga ruxsat berilgan, biroq qurilish ishlari tugallanmasdan hamda o‘rnatilgan tartibda foydalanishga qabul qilinmasdan fuqarolar ko‘chib o‘tib yashamoqda.

Noqonuniy qurilishlar bo‘yicha viloyat qurilish bosh boshqarmasi hamda Samarqand shahar qurilish bo‘limi tomonidan ogohlantirish xatlari berilib, chora ko‘rish bo‘yicha shahar hokimligi yer komissiyasiga taqdimnomalar kiritilmoqda.

Shaharsozlik talablari va qurilish me’yorlari bajarilishi hamda sifat darajasini ta’minlash maqsadida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimiga 2284 ta qurilish ob’yektlari kiritildi. Ushbu ob’yektlarga biriktirilgan buyurtmachi, loyihachi va qurilish nazorati inspeksiyasining inspektorlari planshetlar orqali GPSlarga ulangan. Monitoringlar ushbu tizim doirasida onlayn rejimida amalga oshirilmoqda. Bu esa o‘z navbatida, tekshirish jarayonlarining shaffofligini ta’minlashga hamda tizimda korrupsiya holatlarining oldini olishga xizmat qilmoqda.

Nazarimizda, ko‘rilayotgan chora-tadbirlar kutilgan samarani bermayapti. Mahallalarda hamon noqonuniy tarzda ko‘p qavatli uylar qurilishi davom etmoqda.

Savol tug‘iladi - bu qurilishlarga kim ruxsat beryapti? Loyihalarni qaysi tashkilot tasdiqlayapti? Hech qanday ruxsatsiz, noqonuniy qurilish amalga oshirilayotgan bo‘lsa, buni mahalla raisi, profilaktika inspektorlari bilmaydimi? Qurilish nazorat inspeksiyasining onlayn monitoringlari-chi? Bu qachon o‘z samarasini beradi?

Bu kabi savollarga viloyatdagi qurilishga mas’ul tashkilotlar va mutasaddilar nima deb javob berishadi? Kutamiz.

Dilmurod To‘xtayev.