Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Noturar ob’yektlar uchun mol-mulk va yer solig‘i to‘lash tartibini bilasizmi?

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga asosan imorat, bino va inshootlar, uy-joylar, kvartiralar, dala hovli, garajlar va boshqa imoratlar, joylar va yer uchastkalari hamda shu ob’yektlarning har birini qiymati va yer maydonlariga doir ma’lumotlar soliq hisoblash ob’yekti hisoblanadi.

Mol-mulk va yer solig‘i ob’yektlari uchun soliqlar har yili 1 yanvarga bo‘lgan holatiga ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ tomonidan beriladigan tegishli ma’lumotlar va qonunchilik bilan belgilangan stavkalar asosida hisoblab chiqariladi.

Soliq solish ob’yektlari jismoniy shaxslar tomonidan tadbirkorlik faoliyati uchun foydalanilgan yoxud ular yuridik shaxsga yoki yakka tartibdagi tadbirkorga ijaraga berilgan taqdirda, shuningdek jismoniy shaxslarning mulkida bo‘lgan yashash uchun mo‘ljallanmagan joylar bo‘yicha jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq yuridik shaxslar uchun belgilangan stavka bo‘yicha to‘lanadi.

Tadbirkorlik faoliyatida foydalaniladigan yoxud uylar, dala hovli imoratlari, yakka tartibdagi garajlar va boshqa imoratlar, inshootlar, joylar yuridik shaxsga yoki yakka tartibdagi tadbirkorga ijaraga berilganda yer uchastkalari uchun yer solig‘i jismoniy shaxslardan yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini to‘lash uchun belgilangan stavkalar bo‘yicha undiriladi hamda ularga ushbu Kodeksning 290-moddasida nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq etilmaydi.

Shu bilan birga, jismoniy shaxs yoki oilaviy korxona turar joydan va yer uchastkasidan unda joylashgan uyda istiqomat qilish bilan bir vaqtda tovarlar ishlab chiqarish (ishlar bajarish, xizmatlar ko‘rsatish) uchun foydalangan taqdirda, mol-mulk va yer soliqlari jismoniy shaxslar uchun belgilangan stavka bo‘yicha to‘lanadi.

- Joriy yilning 1 avgust holatiga Kattaqo‘rg‘on tumanida 675 ta noturar ob’yektlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan, - deydi tuman DSI bo‘lim boshlig‘i Ilhom Egamov. - 2019 yil uchun hisoblangan noturar ob’yektlarga mol-mulk va yer soliqlarni muddatida undirish maqsadida 526 ta noturar ob’yektlardan bugungi kunda 723.6 mln.so‘m soliq undirilishi ta’minlandi.

Hisoblangan soliq jismoniy shaxslar tomonidan soliq davri uchun hisobot yilining 15 oktyabriga qadar to‘lanadi. Har bir fuqaro o‘ziga tegishli mol-mulk ob’yektlari va yer uchastkalari uchun hisoblangan soliqni to‘lov muddatidan oldin to‘lashi mumkin.

Viloyat davlat soliq boshqarmasi Axborot xizmati.