Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Nurobodda ilgari ming nafarga ham yetmagan “Adolatchi”lar ayni paytda 2 mingdan ko‘proq

Nurobod tumanidagi 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Adolat” SDP Nurobod tumani kengashining besh yillik hisobot-saylov konferensiyasida bu haqda aytib o‘tildi.

Partiya tuman kengashi raisi N.Botirova olib borgan yig‘ilishda keyingi yillarda partiya tuzilmalari va deputatlik guruhi faoliyatida keskin o‘zgarish yasalgani aholi o‘rtasida qiziqish va e’tiborning ortishi, sohalar taraqqiyoti bilan bog‘liq hamda fuqarolarni o‘ylantirayotgan masalalarni hal etishda faol safdoshlarimizning tashabbuskorligi tobora ko‘proq namoyon bo‘layotgani ta’kidlandi.

Qayd etilganidek, o‘tgan davr mobaynida partiyaning Nurobod tumani kengashi tomonidan yoshlar, xotin-qizlar bandligini ta’minlash, aholining huquqiy savodxonligini yuksaltirish borasida qator loyihalar amalga oshirildi. Aholi xonadonlarida yuzma-yuz muloqotlar, uchrashuvlar o‘tkazildi. Mahalliy kengash deputatlari, mutasaddi tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan uchrashuvlarda ko‘tarilgan masalalarning yechimini topish, deputatlar faoliyatini hokimiyat vakillik organida ko‘rib chiqiladigan muhim masalalarga qaratish orqali dasturiy vazifalar hayotga tatbiq etildi.

Natijada 2015 yilda tumanda partiya a’zolari soni 810 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bugunga kelib ularning soni 2210 nafardan oshdi.

Bahs-munozaralar ruhida o‘tgan konferensiyada partiya ishida har jihatdan ibrat ko‘rsatayotgan, tashabbuskor 5 nafar safdoshlarimiz viloyat kengashining navbatdagi konferensiyasiga delegat etib saylandi.

Manzura DAVRONOVA,
xalq deputatlari Nurobod tumani kengashi deputati.