Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Nurobodlik yoshlarning muammolariga yechim topilyapti(mi?)

Nurobod tumanida “Yoshlar daftari”ni shakllantirish maqsadida o‘tkazilgan xatlov natijasiga ko‘ra, 26 727 nafar yoshning 4 649 nafarini turli xil muammolar qiynab kelayotgani aniqlangan. Hozirda “Yoshlar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan yigit-qizlar muammolariga yechim topish maqsadida zarur choralar ko‘rilyapti. Asosan, ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlashga e’tibor qaratilmoqda.

- Ro‘yxatga kiritilgan yoshlarning 1643 nafari ishsiz edi, - deydi tuman hokimining o‘rinbosari Navro‘zbek Jaloliddinov. – Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 776 nafar yigit-qizning bandligi ta’minlandi. Qolganlarini ham ishli qilish uchun tumandagi barcha korxona va tashkilot rahbarlari mas’ul qilib biriktirilgan. Asosan, tadbirkorlik, hunarmandlik, “Har bir yoshga - 1 gektar” loyihasi doirasida yer ajratish, doimiy va mavsumiy ishlarga jalb etish orqali ularning bandligini ta’minlashga erishilmoqda.

Ulusda ishsiz yoshlar nega ko‘p?

Tumanda eng ko‘p muammoli yoshlar Ulus mahallasida aniqlangan. O‘tkazilgan xatlovda 182 nafar yigit-qiz ishsizligi tufayli “Yoshlar daftari”ga kiritilgan.

- Yashirmadik, tortinmadik, qancha farzandlarimiz ishsiz bo‘lsa barini daftarga kiritdik va bu yaxshi natija beryapti, - deydi mahalla raisi O‘ktam Ulug‘ov. – Ro‘yxatdagi yoshlardan 27 nafariga fermer xo‘jaliklari dalasidan har biriga 50 sotixdan yer ajratildi. Bu yerga ekiladigan urug‘ va ko‘chatlar bilan ta’minlash uchun homiylar topishga ko‘maklashildi. 22 nafariga imtiyozli kreditlar ajratildi. 30 nafariga o‘zini o‘zi band qilishi uchun subsidiya asosida payvandlash, karcher va boshqa turdagi uskunalar olib berildi. 10 nafar xotin-qiz tikuv mashinasi oldi.

- Kollejni bitirgandan beri ishlash uchun xorijga borib kelib yurardim, - deydi To‘ychi Eshmurodov. - Bu yil 50 sotix yer ajratildi. 25 sotixiga kartoshka urug‘ini qadadim. Nasib etsa 5-6 tonna hosil olishni rejalashtirib turibman. Yerning qolgan qismiga makkajo‘xori va pomidor ekdim. Hozir ularning ham rivojlanishi yaxshi.

- Ishsizligim tufayli “Yoshlar daftari” ro‘yxatiga kiritilganman, - deydi yana bir uluslik yigit Sayilxon O‘rolov. - Temirni payvandlash qo‘limdan kelardi, ammo uskunalarim yo‘q edi. Shu masalada sektor rahbariga murojaat qilgandim, subsidiya asosida kerakli uskunalar olib berildi. Ustaxona ochib, yonimga “Yoshlar daftari”da turgan yigitlardan 4 nafarini shogirdlikka oldim va ishni boshlab yubordim. Asosan, darvoza, panjara, so‘ri, voyish va arg‘imchoqlar yasayapmiz. Kelgusida faoliyatimizni kengaytirish istagidamiz.

Uzoq yillardan beri bo‘sh turgan xona sexga aylantirildi

Tumanning Xalqobod mahallasida bir paytlar xo‘jalik idorasi bo‘lgan eski ammo, foydalanishga yaroqli bo‘lgan binoda fuqarolar yig‘ini faoliyat ko‘rsatadi. Binodagi 6 ta xona bo‘sh turgan edi. Bugun ulardan birida kichik tikuv sexi ochildi.

- Ishsiz edim, “Yoshlar daftari”ga kiritildim, - deydi shu mahallada yashovchi Manzura Orzuqulova. – Mahallamizdagi yosh xotin-qizlarning bandligini ta’minlash uchun Yoshlar jamg‘armasi hisobidan 5 ta zamonaviy tikuv mashinasi berildi. Mahalla binosidan joy ajratildi. Biz birlashib kooperativ tashkil qildik. Bugungi kunda ayollar, erkaklar va bolalar kiyimlarini tikyapmiz.

Binodagi boshqa bo‘sh turgan xonalar ham hunarmandchilik va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yoshlarga berilishi rejalashtirilgan.

Yoshlar tadbirkorlikka o‘qitilyapti, ammo...

Tumanda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan, ammo yetarli bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lmagan yoshlar uchun o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda.

- Ishsiz yoshlarimizdan 114 nafari Savdo-sanoat palatasi tuman bo‘limi qoshida tashkil etilgan kurslarda tadbirkorlikka o‘qitilib, sertifikatlar berildi, - deydi tuman tadbirkorlikka ko‘maklashish markazi rahbari Muzaffar Qilichev. – Ularga dars jarayonlarida tuman hokimligi mutaxassislari, yoshlar ishlari agentligi, bank, soliq hamda markazimiz xodimlari tomonidan tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun zarur ko‘rsatmalar berildi. O‘quv kursini tamomlagan 20 nafar yosh bankdan imtiyozli kredit olib, tadbirkorlik faoliyatini boshladi. 20 nafariga kredit rasmiylashtirish jarayoni ketmoqda.

Bugungi kunda markazda yana 25 nafar yigit-qiz tadbirkorlikka o‘qitilyapti. Bu yaxshi, albatta. Ammo kursni tamomlab, maxsus sertifikatga ega bo‘layotgan yoshlarga kredit ajratishda muammo yuzaga kelmasmikan?! Ularning aksariyati kursni bitirib, bankdan kredit olish va tadbirkorlikni boshlash istagida bo‘lsa...

- Ishsiz edim, Yoshlar ishlari agentligi vakillarining taklifi bilan tadbirkorlikka ko‘maklashish markazida o‘qidim, - deydi Sharq yulduzi mahallasida yashovchi Asadbek Azamatov. – Sertifikat olsam, ishlarim oson kechadi, deb o‘ylagandim. Bu orada “Asadbek pavlovniya bog‘i” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil qildim. Endi ko‘chat olish uchun pul kerak paytida kredit so‘rash uchun “Agrobank” tuman filialiga bordim. “Resurs yo‘q”, degan javobni oldim. Xalq banki tuman filialida ham navbatda turganlar ko‘pligini eshitib, qo‘shni Past Darg‘om tumanidagi “Mikrokreditbank”  filialiga borishga majbur bo‘ldim. Ammo u yerdayam ishlarim bitishi oson kechmayapti.

Bank xodimlarining yoshlarga munosabati qanday?

Shu savolga javob va yoshlarga ajratilayotgan kreditlar bo‘yicha ma’lumot olish uchun tumandagi banklarda faoliyat olib borayotgan mas’ullar bilan suhbatlashmoqchi bo‘ldik. “Agrobank” tuman filialiga borganimizda boshqaruvchi ishda yo‘q ekan. Boshqa mas’ullar esa boshliq bo‘lmasa va viloyatdagi “kattalari”dan ruxsat so‘ramasa bizga intervyu berolmasligini, ular bilan bog‘lana olmayotganini aytishdi.

Xalq banki tuman filialida ham boshqaruvchi yo‘q ekan, ammo mas’ul shaxslar ma’lumot va intervyu berishdi.

- Birinchi yarim yillikda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlarning 94 nafariga kredit ajratilishi rejalashtirilgan, - deydi Xalq banki tuman filiali yuridik shaxslarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi bosh mutaxassisi Bobur Temirov. – Shu yilning 18 may holatiga ko‘ra 65 nafar yoshga 1 milliard 663 million 249 ming so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi.

O‘zini o‘zi band qilish muammoga qay darajada yechim bo‘ladi?

Tumanda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlarning asosiy muammosi ishsizlik. Bandligi ta’minlanganlar ro‘yxatida turgan nurobodlik yoshlar bilan uchrashib, ayrimlari bilan telefon orqali bog‘lanib, masalaga yechim topish choralari ko‘rilayotganiga guvoh bo‘ldik. Ammo bu borada qilinishi lozim bo‘lgan ishlar talaygina, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham yo‘q emas ekan. Masalan, Jom qishlog‘ida yashovchi Zulayho To‘raboyeva qog‘ozda ishlilar ro‘yxatida turibdi. Aslida esa...

- Mahalla faollaridan nolimayman, ko‘p yordam qildi, - deydi u. – Avval “Temir daftar”ga kiritildim. Moddiy yordamlar, oziq-ovqat mahsulotlari berib turishdi. Keyin bu “daftar”dan chiqarishib, “Yoshlar daftari”ga kiritishdi. Bu ro‘yxatga kiritilganimdan keyin bir martalik 490 ming so‘m miqdorida moddiy yordam berishdi. Ishsizman, ishlashga imkonim ham yo‘q. Sababi, kichik farzandim kasal. Xarobagina bir xonalik uyda 3 farzandimiz bilan yashaymiz. Turmush o‘rtog‘imning to‘rt muchasi sog‘. U yozda qo‘lidan kelgancha mardikorlik qilib pul topib keladi. Qishda esa bekor. Bolalarimga nafaqa puli o‘tgan yilning dekabr oyida to‘xtatilgan edi. Yana chiqarish uchun xo‘jayinim ishli bo‘lishi shart ekanligi, o‘zini o‘zi band qilishi va buning uchun 247 ming so‘m to‘lovni amalga oshirishimiz zarurligi aytildi. Yoshlar jamg‘armasidan berilgan bir martalik moddiy yordamning yarmidan ko‘pi shunga sarflandi. Ammo, mana, ikki oy vaqt o‘tdiki nafaqadan darak yo‘q.

Bu bir misol. Tumanning olis qishloqlarida ana shunday ishsiz, imkonsiz, xuquqiy maslahatlarga muhtoj yoshlar boshqa topilmasligiga kim kafolat beradi?!

To‘lqin Siddiqov,

Baxtiyor Mustanov.