Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Nuroniylar jamoatchilik Kengashiga yangi rais tayinlandi

Viloyat hokimligida shu munosabat bilan tashkil etilgan yig‘ilishda viloyat hokimi E.Turdimov, Respublika Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, viloyatdagi davlat idoralari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, “Nuroniylar jamoatchilik kengashi” keksalar va faxriylarning boshini qovushtiradigan, ularni yoshlarimizning ta’lim-tarbiyasiga, umuman, jamiyat hayotiga faol jalb qiladigan tashkilot hisoblanadi. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmalari boshliqlarining tegishli o‘rinbosarlari ushbu kengashlar raislari etib belgilangan. Bundan tashqari, ular – Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining viloyat hokimliklari huzuridagi mintaqaviy bo‘linmalari raislari hisoblanadi.

- Bu lavozimda ishlaydigan kishiga juda katta mas’uliyat yuklatilgan, - dedi viloyat hokimi E.Turdimov. – Albatta bu borada davlat va jamoat arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekiston Qahramoni Hasan Norbekovich Normurodov hech bir muammoga o‘rin qoldirmagan. Afsuski, u kishi shu yil 24 aprel kuni 82 yoshida vafot etdi.

Hasan Normurodov ishlarini davom ettirish uchun u kishining o‘rniga, ya’ni mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga Saidahmad Usmonov nomzodini lozim deb topdik.

Ta’kidlanganidek, S.Usmonov uzoq yillar ta’lim tizimida turli lavozimlarda muvaffaqiyatli faoliyat olib borgan. 2019-2020 yillarda viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga rahbarlik qilgan. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining buyrug‘i bilan Saidahmad Usmonov Samarqand viloyati mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Yig‘ilishda so‘z olganlar S.Usmonovga mas’uliyatli, lekin sharafli ishda ulkan muvaffaqiyatlar tiladi. O‘zbekiston Qaxramoni Hasan Normurodov ishini davom ettirishi, u kishiga munosib izdosh bo‘lishiga ishonch bildirishdi.