O‘zgarishni o‘zimizdan boshlasakchi?
Olimlar kelajakda O‘zbekistonni suv tanqisligi, qurg‘oqchilik muammosi qiynashini bashorat qilyapti. Orol dengiz, qurib bo‘lganiga ancha bo‘ldi, endi uning o‘rnida paydo bo‘lgan tuz va qumlar shamol bilan uchib kelayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Mutaxassislar yer osti suvlarining ham ancha pasayib ketganini aytishmoqda. Xo‘sh, suv tanqisligi muammosining kelib chiqishiga sabab nima?
Avvallari keksalarimiz “Dengiz oldida yashasang ham suvni teja”, der edi. Biz bugun ichimlik suvida tomorqamizni sug‘oryapmiz, hovlimizga suv sepyapmiz, mashina yuvyapmiz va hokazo. Suvga bo‘lgan munosabatimiz shunchalar yomonki, ba’zida qo‘l yuvish uchun jo‘mrakni boricha ochib, uni behudaga isrof qilyapmiz.
- Ikki kun shaharda ichimlik suvini o‘chirishganida, usiz hech ish qilolmasligimni bildim, - deydi tanishlarimdan biri. – Suv bor payti uni istaganimcha ochib, me’yoridan ortiq ishlatar ekanman. O‘zimning loqaydligimdan uyalib ketdim. Suvning borida qadriga yetish kerak ekan.
Ba’zida suv quvurlarini ta’mirlash uchun shaharda bir-ikki kunga suvni o‘chirishsa, odamlar suvning har bir tomchisini isrof qilmasdan ishlatadi. Ichimlik suvi berilgach, ko‘pchilik yana suvni tejashni unutadi.
Aslida har bir tabiat in’omini isrof qilmasdan ishlatish oilada o‘rgatilishi kerak. Bolalikda olingan ko‘nikma insonga hayoti davomida qo‘l keladi.
Yevropa davlatlari maktablarida bolalarga suvni tejash, uning har bir tomchisini qadrlash haqida darslar o‘tilar ekan. Shuning uchun ular ekin yerlarida allaqachon tomchilatib, yomg‘irlatib sug‘orishni yo‘lga qo‘ygan. Hatto ekinzorlar “Aqlli qishloq xo‘jaligi” texnologiyasi asosida, masofadan turib boshqariladi. Qachon yer suvsizlansa, qurilmaga bu haqda xabar keladi. Fermer masofadan sug‘orish haqida buyruq beradi. Bizda esa haligacha paxta, bug‘doy va boshqa ekin maydonlari eski usulda – suvni ariqlarda oqizib sug‘oriladi.
Yurtimizga suv tanqisligi muammosi xavf solayotgan bir paytda na ichimlik suvini, na oqova suvlarni tejashni o‘ylayapmiz. Hatto suvni tejashni bolalarimizga ham o‘rgatayotganimiz yo‘q.
Nafaqat suvni qadrsiz qildik, balki tabiatga ham yomon munosabatda bo‘ldik. Qanchadan-qancha daraxtlarni kesdik, yashil tabiatni payhon qildik. Qishloq odamlari tomorqasiga mevali daraxt ko‘chatlari ekmay qo‘ydi. Ilgari odamlar uyining atrofiga tol, terak kabi manzarali daraxtlar ekishardi. Ko‘chadan o‘tayotganlar soya-salqin havodan ko‘ngli ko‘tarilib, daraxtlarni ekkan odamning otasiga rahmat aytib ketardi. Endi esa odamlar hovlisiga manzarali daraxtlar ekishni istamayapti. Sababi, kuz faslida ularning bargini supurib tozalash qiyin emish.
Atrof-muhitni iflos qilish bo‘yicha ham mamlakatlar reytingini tuzib chiqishsa, birinchi o‘rinni olsak kerak. Haligacha bo‘shagan yelim idish, ovqat qoldig‘i, qog‘oz, ishlatilgan salfetka kabi chiqindilarni ba’zi odamlar istalgan joyga tashlab ketadi. Shaharniku, mayli, har kuni obodonlashtirish xodimlari supurib-sidirib, chiqindidan tozalaydi. Dam olish uchun tog‘li hududlarga borsangiz, ta’bingiz xira bo‘ladi. Sababi, bugun har bir archa daraxtining tagiga chiqindi tashlangan, toza joy topish qiyin. O‘tgan yil Zomin tog‘iga dam olishga borganimda bunga guvoh bo‘lgandim. Odamlar o‘zlari bilan toqqa olib chiqqan yeguliklarining qoldig‘ini pastga olib tushmaydi, qayerda o‘tirgan bo‘lsa, shu yerga tashlab ketaveradi. Shu sababli tog‘li hududlar ham chiqindilarga to‘lib bo‘ldi.
Yoshligimiz daqishloq joylardagi xonadonlardan chiqindi chiqmasdi. Hozir qishloqlarga ham chiqindi tashish mashinalari keladigan bo‘ldi.
- Hozirgilarga hayronman, nimani chiqindiga tashlashni boshlaydi, – deydi onam. – Po‘choqlarni mollarga, ovqat qoldiqlarini mushuk va tovuqlarga, suyaklarni itga beraman. Yoqiladigan narsalarni tandirni qizdirishda yoqib yuboraman. Hatto mol go‘ngini o‘g‘it sifatida yerga ishlataman. Deyarli hech narsa chiqitga chiqmaydi.
Bugun qishloqlarda hamma ham bunday tutumli ro‘zg‘or qilmaydi. Shuning uchun ham chiqindi mashinalariga ehtiyoj tug‘ilmoqda.
O‘zimiz ona tabiatga shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lyapmiz. Ammo toza, soya-salqin, zilol suvli joylarda yashashni, dam olishni istaymiz. Xorijning kurort joylarini orzu qilamiz. Aslida o‘zimizda ham bahavo joylar bo‘lgan. Hozir ham bunday joylarni tashkil qilsak bo‘ladi. Faqat buning uchun o‘zimizni o‘zgartirishimiz kerak. Odamlar o‘zgarishni avvalo, o‘zidan boshlasa, bizga berilgan har bir ne’matning qadriga yetilsa, nur ustiga a’lo nur bo‘ladi.
Qaniydi, tilimiz bilan dilimiz bir bo‘lsayu, shu o‘qiganlarimizga bugundan amal qilsak. Ishxonada ham, uyda ham suvni tejasak, tabiatni asrab-avaylasak, chiqindilarni belgilangan joyga tashlasak va bundan bolalarimiz o‘rnak olsa degandim. Buning uchun ko‘p harakat qilish yoki ko‘p kitob o‘qish shart emas. Faqat farosatli bo‘lish kerak, xolos...
Xurshida ERNAZAROVA.