Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Obeliks”ning ijodiy guruhi Samarqandda

Kecha mashhur fransuz aktyori Jerar Depardening tasvirga olish guruhi Samarqand shahriga tashrif buyurdi. Bu haqda Samarqand viloyati turizmni rivojlantirish departamenti matbuot xizmati xabar berdi.

Guruh tashrifidan ko‘zlangan asosiy maqsad viloyatning diqqatga sazovor joylari bilan tanishish, Fransiya telekanallarida namoyish etilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston haqidagi hujjatli filmni suratga olish ishlarini davom ettirishdan iborat. Mehmonlar Amir Temur maqbarasi, Registon maydoni, Bibixonim masjidi, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, Xo‘ja Doniyor maqbarasi, “Chor Chinor” bog‘i, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini tomosha qildi.

Tasvirga olish guruhi O‘zbekistonning o‘ziga xos madaniyati, urf-odatlarini fransuz tomoshabinlariga namoyish etishni reja qilgan. Shuningdek, filmda Islomning ma’rifat masalalarida tutgan o‘rni va mohiyatiga alohida e’tibor qaratiladi. Mazkur loyiha Samarqand brendini Yevropa mamlakatlarida yanada ommalashtirish, uning boy tarixi, madaniyati, betakror tabiati va mehmondo‘st xalqi bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qiladi. Tashrif davom etmoqda.