Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Odam savdosidan jabrlanganlarning 80 foizi ayollar

Xalqaro terrorizm va din niqobi ostidagi zoʻravonlik, narkotik moddalar bilan shugʻullanayotgan jinoiy  uyushmalar faoliyatidan tashqari yana bir illat  borki, bu – odam savdosi. Uyushgan jinoyatchilik, xususan, odam savdosining har qanday koʻrinishiga qarshi kurashish milliy qonunchiligimizda mustahkamlab qoʻyilgan.

Har yili dunyo boʻyicha taxminan 2 million 700 ming kishi odam savdosi kabi ogʻir jinoyatning qurboniga aylanmoqda. Jabrlanganlarning 80 foizini ayollar yoki yosh bolalar tashkil etayotgani insoniyat uchun global musibat sanaladi.

Respublikamizda ham oxirgi uch yil davomida huquqni muhofaza qilish organlariga mingdan ortiq fuqarolar tomonidan odam savdosi qurboni boʻlganligi haqida arizalar kelib tushgan. Ushbu murojaatlar asosida 700 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Jumladan, jinoyat ishlari boʻyicha viloyat sudi va tuman (shahar) sudlari tomonidan 2018 yilning 11 oyi davomida 17 nafar shaxsga nisbatan 10 ta jinoyat ishi koʻrib chiqildi.

Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, fuqarolarni fohishalik bilan shugʻullantirish maqsadida turli aldov yoʻllari bilan Birlashgan Arab Amirliklari, Qozogʻiston, Rossiya, Turkiya, Hindiston, Isroil, Janubiy Koreya, Yaponiya davlatlariga olib chiqib ketish holatlari kuzatilmoqda.

Bu illatning ildiziga bolta urish uchun farzandlarimizning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, mahalla, ayniqsa, taʼlim muassasalarida targʻibot ishlarini olib borish, milliy qonunchiligimizni ular ongiga singdirishga masʼuliyat bilan yondashish lozim.

U.VAXABOVA, jinoyat ishlari boʻyicha viloyat sudining sudya katta yordamchisi.