Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Odamlarni 645 million so‘mga chuv tushirgan “hokimning onasi, opasi” qo‘lga olindi

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Xo‘jayli tumanida o‘zini “hokimning onasiman, opasiman” deb odamlarni 645 million so‘mga “uxlatgan” ayol qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda Xo‘jayli tumani hokimligi axborot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, M.T. muqaddam 5 marotaba firibgarlik jinoyatlarini sodir etib, sudlanganiga qaramasdan, 2018 yil dekabrdan 2019 yil avgustga qadar fuqaro S.J. bilan tanishib, o‘zini “Xo‘jayli tumani hokimining opasiman. Barcha muammolaringizni o‘zim hal qilaman, yer olib beraman hamda Nukus shahri Markaziy bozoridagi buzilgan 9 ta do‘koningizning pullarini undirib beraman” deb, aldov yo‘li bilan uning ishonchiga kirib, jami 645 million so‘m naqd pulni qo‘lga kiritgan va shu kunga qadar qaytarib bermay kelgan.

M.T. mobil telefoni orqali o‘z ovozini o‘zgartirib gaplashgan. Ya’ni, “hokimning onasiman, opasiman” degan xiyla-nayranglari bilan odamlarni aldagan.

Hozirgi vaqtda Xo‘jayli tumani IIB tergovchilari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik yo‘li bilan juda ko‘p miqdorda zarar yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, M.T. tegishli tartibda qamoqqa olingan.