Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘FA: Abdujamol Isroilov uch o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi, Ivan Yevich ikki o‘yinga chetlatildi, Ibrohim Yo‘ldoshevga nisbatan jarima qo‘llanildi

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Tartib-intizom qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda so‘nggi turlar doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlardagi intizomiy ishlar ko‘rib chiqildi.

Superliga 4-turi doirasidagi “Bunyodkor” — “Dinamo” uchrashuvida “Dinamo” jamoasi futbolchisi Abdujamol Isroilov uchrashuvning 64-daqiqasida raqib o‘yinchisining yuziga boshi bilan zarba bergani va tajovuzkor xatti-harakati uchun qizil kartochka bilan jazolangan.

Yig‘ilishda bu holat chuqur o‘rganilgan va Abdujamol Isroilovga nisbatan 3 ta o‘yinga chetlashtirish (diskvalifikatsiya) va moliyaviy jarima intizom chorasi qo‘llanilgan.

“Dinamo” jamoasi yordamchi murabbiyi Ivan Yevich uchrashuv yakunlangach hakamlar brigadasi sha’niga haqoratli so‘zlar ishlatgani uchun qizil kartochka bilan jazolangan.

Shu bois, Ivan Yevichga nisbatan 2 ta o‘yinga chetlashtirish (diskvalifikatsiya) va moliyaviy jarima intizom chorasi qo‘llanildi.

“Dinamo” jamoasi futbolchisi Ibrohim Yo‘ldoshev uchrashuv yakuniga yetgach reklama konstruksiyasiga zarba berib, unga shikast yetkazgan.

Shu sababli Ibrohim Yo‘ldoshevga nisbatan moliyaviy jarima intizom chorasi qo‘llanildi, - deyiladi O‘FA xabarida.