Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Oiladagi notinchlik o‘quvchi qizning jinoyat sodir etishiga sabab bo‘ldi

Hamid aka va Oysara (ism-shariflar o‘zgartirilgan) opaning uyida kunora janjal. Ularning qizi Nargiz hali voyaga yetmagan, endigina 17 yoshga to‘ldi. Tumandagi maktablardan birida o‘qiydi. U bu janjallardan to‘ygan.

O‘sha kuni (2019 yil 1 aprel) kechasi ukasi va singlisi bilan televizor ko‘rib o‘tirishgandi. Otasi Hamid aka arzimagan sabab bilan onasini haqorat qilib, ura boshladi. Qo‘llari bilan bo‘ynidan bo‘g‘di. Uka va singil yig‘lab yubordi. Qiz ukalarini yotoqxonaga olib o‘tdi. Chiqib otasiga achchiq-achchiq gaplar aytdi.

- Qanaqa odamsiz o‘zi, nimaga onamni urasiz. O‘zlari kasal bo‘lsalar, davolatish o‘rniga doim urasiz!?

Ota beparvo ishini davom ettirardi.

Nargiz oshxonaga kirib, yog‘och dastali pichoqni ko‘tarib chiqdi. “Qo‘yinglar-ye”, deb otasiga yaqinlashdi, otasi uni irg‘itib yubordi. Qiz qaytib kelib, pichoq bilan otasining bel sohasiga ikki marta urdi.

Yerga qon sachradi.

- Nima qilib qo‘yding? - dedi ota baqrayib.

Onasi qizini qo‘lidan tortib tashqariga olib chiqib ketdi.

Ota ham ularning orqasidan chiqdi. Qo‘shnisi G‘ulom akaning uyiga borib, tez tibbiy yordam chaqirishni iltimos qildi. Oradan bir oz vaqt o‘tib, tez yordam keldi va otasini shifoxonaga olib ketishdi.

Sud hujjatlaridan: “H.B.ning tanasiga bel sohasi chap tomoni, chap qorin orti sohasiga kiruvchi, paranefral to‘qima va chap buyrakni shikastlovchi sanchma-kesma yarasi, chap paranefral soha yumshoq to‘qimalariga qon quyilishi, chap yelka tashqi yuzasi yuqori uchligi sanchma-kesma yarasi ko‘rinishidagi hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir shikast yetkazilgan”.

Ushbu jarohatlar natijasida H.B. Qamashi tumani tibbiyot birlashmasida 8 kun davolandi. Ammo natija bo‘lmadi, o‘sha yerda vafot etdi...

Nimaga shu voqea bo‘ldi? Axir, hammasi boshqacha bo‘lishi mumkin ediku!

Oiladagi ma’naviy muhit voyaga yetmagan qizni jinoyatga yetakladi. Oynisa opaning aytishicha, u eri Hamid bilan 2000 yilda sha’riy nikoh asosida turmush qurgan. Bunga qadar Hamid ikki bor uylanib, oilasidan ajrashgan. Ular qonuniy nikohdan o‘tmasdan yashagan. Turmushi davomida 3 nafar farzand tug‘ilgan. Nargiz birinchi farzand.

Hamid Oysarani turmush qurganidan buyon urib, qiynab kelgan. Bu bo‘yicha bir-necha marta mahallaga va ichki ishlar organiga murojaat qilgan. Mayda huquqbuzarlik ishi sudda ham ko‘rilgan. Bu oila mahallada “janjalkash oila” sifatida ro‘yxatga olingan.

Oiladagi salbiy muhit yaxshilik keltirmadi. Bu o‘rinda otaning o‘rni alohida ajralib turadi. Ota xotiniga, farzandlariga qanchalik mehribon bo‘lsa, oila shunchalik totuv, barqaror bo‘ladi. Nargizlarning oilasida shu narsa yetishmadi. Oqibatda...

Ushbu jinoyat ishi ochiq sud majlisida ko‘rib chiqildi. Guvohlar, jabrlanuvchining qonuniy vakili so‘zlari, taraflarning muzokaralari tinglandi.

Sud voyaga yetmagan Nargiz Bozorovaga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topdi va Jinoyat kodeksining 57,841-moddasini qo‘llab, 2 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinladi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 563-moddasiga asosan sudlanuvchi voyaga yetmagan qizga nisbatan jamoat tarbiyachisi tayinlash majburiyati Qamashi tumanidagi o‘zi yashab turgan mahalla raisi zimmasiga yuklatildi.

Fayoza QAMBAROVA,

jinoyat ishlari bo‘yicha Qamashi tumani sudi raisi.