Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Oilaviy janjal sabab 30 yoshli yigit o‘z joniga qasd qilishga urindi

O‘zbekiston Respublikasi IIV Transportda XTBB alohida otryadi  XPB xodimi, kapitan A.Xatamovga 1967 yilda tug‘ilgan, Angren shahrida yashovchi  X.S. ismli ayol va 1963 yilda tug‘ilgan N.U. ismli fuqarolar murojaat qildi.

Ular murojaatda o‘g‘li, 1990 yilda tug‘ilgan P.N., turmush o‘rtog‘i bilan bo‘lgan oilaviy janjal sababli hozirda o‘zini “O‘zbekko‘mir” AJ ko‘mir saralash parki hududidan oqib o‘tuvchi suv kanaliga tashlamoqchi ekanligini aytib yordam so‘rashgan.

Shundan so‘ng voqea joyiga zudlik bilan otryad guruh komandirlari, katta serjant F.Hosilov, serjant U.Supiyev, safdor xodimlar A.To‘laboyev, Sh.Normaxmatov, Sh.Qurbonovlar yetib borishgan. Shu vaqt fuqaro N.P. o‘zini ushbu kanalga tashlagan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV Transportda XTBB axborot xizmati xabar berishicha, xodimlarimizning hushyorligi va fidoyiligi sabab fuqaro zudlik bilan qutqarib olingan va dastlabki yordam ko‘rsatilgan. Shundan so‘ng mazkur fuqaro va uning ota-onasi ishtirokida dastlabki surishtiruv va tushuntirish ishlari olib borilib, soat 22:00 da Jigariston MFY raisi M.Boborahimova ishtirokida ota-onasiga sog‘-salomat topshirildi.

Ichki ishlar organlari xodimlarining tinch aholi fuqarolariga ko‘rsatgan beg‘araz yordami, fuqarolarning har qanday murojaatlari bo‘yicha kechiktirib bo‘lmas tezkor profilaktik choralarini ko‘rsatishda o‘z jonbozliklarini ayamaganliklari uchun kapitan A.Xatamov boshchiligidagi katta serjant F.Hosilov, serjant U.Supiyev, safdor xodimlar A.To‘laboyev, Sh.Normaxmatov, Sh.Qurbonovlar namunali xizmatlari uchun IIV Transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasi tomonidan rag‘batlantiriladigan bo‘ldi.