Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi “Jamiyatda yuksak ma’naviyatni va qonun ustuvorligini ta’minlashga ko‘maklashish” mavzusida Davlat grantlari ajratish uchun tanlov E’LON QILADI:

Tanlovga nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining quyidagi maqsadlarni nazarda tutgan ijtimoiy ahamiyatga molik loyiha buyurtmanomalari qabul qilinadi:

- O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining asosiy qoidalari, tamoyillari va maqsadlarini ochib berishga, qonun me’yorlari haqida bilimlar targ‘ibotiga qaratilgan maxsus nashrlar, maqolalarni tayyorlash va chop etish;

- aholi o‘rtasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilishga, aholining huquqiy madaniyatini oshirishga ko‘maklashish;

- davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlashda NNT faolligini oshirish, jamiyatda huquqiy madaniyatni shakllantirish, huquqiy ongni yuksaltirishga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash;

- qonunlarning insonlar hayotiga real ta’sir darajasi va aholi bilan muloqotning yangi usullarini, qonunlarning ijtimoiy munosabatlarni bevosita tartibga solishdagi roli va ahamiyatini yuksaltirishda ijtimoiy sheriklikning innovatsion usullarini joriy etish;

- sifatli ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirishga, aholining turmush darajasini yaxshilashga, mahallalar obodligini ta’minlashga ko‘maklashish;

- aholining ma’naviy-axloqiy, psixologik bilimlarini oshirish, oilada ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni ta’minlashni qo‘llab-quvvatlash;

- keksa avlod vakillariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yoshi ulug‘ insonlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish, yoshlar tomonidan ularning hayotiy tajribalarini o‘rganish, keksalarni hurmat qilishga, e’zozlash, g‘amxo‘rlik ko‘rsatish tuyg‘usini shakllantirishga ko‘maklashish;

- nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini, erkinliklarini, qonuniy manfaatlarini amalga oshirishda teng sharoitlar yaratish, hayot sifatini yaxshilash, mehnat faoliyatiga moslashtirishga yordam ko‘rsatish;

- yoshlarning xuquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga, fidoyilik tuyg‘ularini qaror toptirishga ko‘maklashish;

- ayollar, bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlashda davlat organlari bilan ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish;

- voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga shart-sharoitlar yaratishga ko‘maklashish;

- odam savdosi, noqonuniy mehnat migratsiyasidan jabr ko‘rgan aholiga tizimli profilaktik targ‘ibot, tashviqot va reabilitatsiya chora- tadbirlarini amalga oshirishda jamoatchilik nazoratini ta’minlash;

Davlat granti tanlovida ishtirok etish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

  1. Tashkilot rahbari tomonidan imzolangan va muhr bilan tasdiqlangan kuzatuv xati.
  2. www.fundngo.uz veb-saytida joylashtirilgan shaklda to‘ldirilgan davlat granti loyihasi uchun ariza.
  3. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan Ustav (Nizomi) hamda guvohnomaning muhr bilan tasdiqlangan nusxasi.
  4. Agar loyihani amalga oshirish litsenziyalanadigan faoliyatni talab qilsa, unda litsenziyaning nusxasi taqdim etiladi.
  5. Manfaatdor davlat va yirik jamoat tashkilotlari bilan tuzilgan ijtimoiy sheriklik qo‘shma rejalari ilova qilinishi mumkin.

Bitta loyiha uchun davlat granti miqdori – 30 million so‘mgacha.

Hujjatlar 2019 yil 23 avgustdan 25 sentyabrgacha qabul qilinadi.

Hujjatlar “Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi” nomiga: 100163, Toshkent shahri, Islom Karimov ko‘chasi, 43-uy manziliga “O‘zbekiston pochtasi” orqali muhrlangan konvertda (A4 formatda) yuborilishi shart.

Hujjatlar namunalari bilan Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining www.fundngo.uz rasmiy veb-saytida tanishish mumkin.

Ma’lumot uchun telefonlar: (0-371) 239-26-76, 239-26-86.