Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining Davlat grantlari ajratish bo‘yicha 1-tanlovi

Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi ijrosini ta’minlashda NNTlar loyihalarini qo‘llab-quvvatlash” mavzuida Davlat grantlari ajratish uchun 1-tanlovni e’lon qiladi.

Tanlovga nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining quyidagi maqsadlarni nazarda tutuvchi ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalari qabul qilinadi:

Yoshlarni giyohvandlik, axloqsizlik va boshqa zararli ta’sirlardan himoya qilishda ta’lim muassasasi, oila va mahalla institutlari bilan ijtimoiy hamkorlikni kuchaytirish;

Oila institutini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashda ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish;

Aholining ehtiyojmand qatlamlari, ayollar va nogironlar bandligini ta’minlash maqsadida ijtimoiy korxonalarni shakllantirish;

Xotin-qizlar va yoshlarni iqtisodiy, moliyaviy va biznes sohasidagi ko‘nikmalarini yuksaltirish orqali tadbirkorlikning turli sohalariga keng jalb qilish;

“Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi” tamoyilini hayotga joriy etish orqali aholini tadbirkorlikka keng jalb etish, oilaviy tadbirkorlik va kasanachilik, hunarmandchilikni rag‘batlantirish borasida targ‘ibot ishlarini olib borish;

Aholi muammolarini aniqlash va hal etish bo‘yicha “Mahalla – sektor – tuman” tamoyili asosida samarali hamkorlik tizimini joriy etish, mahallaning xalq bilan davlat o‘rtasida ishonchli “ko‘prik” bo‘lishini ta’minlashga ko‘maklashish;

“Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” g‘oyasi asosida aholi orasida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkillashtirish;

“Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiya tizimidan boshlanadi” degan g‘oya asosida yosh avlodni jismoniy va ma’naviy sog‘lom, vatanparvar yoshlar bo‘lib ulg‘ayishiga ko‘maklashish;

“Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat” g‘oyasini hayotga tatbiq etish, notinch va muammoli oilalarga manzilli ko‘maklashish;

Norasmiy mehnat migratsiyasini oldini olishda, mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lmagan ishchi kuchi bandligini ta’minlashga ko‘maklashish;

“Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini shakllantirish, mahalliy va xorijiy OAVlarida keng yoritish.

Davlat granti ajratish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

  1. Tashkilot rahbari tomonidan imzolangan va muhr bilan tasdiqlangan kuzatuv xati;
  2. Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining rasmiy www.fundngo.uz veb saytida t.me/group_jamoat_fondi telegram kanalida joylashtirilgan shaklda to‘ldirilgan davlat granti loyihasi uchun ariza;
  3. Oxirgi o‘zgartish va qo‘shimchalar bilan davlat ro‘yxatidan o‘tgan NNTlar va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining Ustavi (Nizomi) nusxasi;
  4. Tashkilotning davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi;
  5. Agar loyihani amalga oshirish litsenziyalanadigan faoliyatni talab qilsa, unda litsenziyaning nusxasi;
  6. Manfaatdor davlat va jamoat tashkilotlarining tavsiya hamda qo‘llab-quvvatlash xatlari.

Bitta loyiha uchun ajratiladigan grant miqdori – 40 million so‘mgacha.

Hujjatlar 2021 yil 26 martidan 30 apreligacha qabul qilinadi.

Hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNTlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi nomiga “O‘zbekiston pochtasi” orqali yuboriladigan muhrlangan konvertlarda (A4 formatda) quyidagi manzil bo‘yicha qabul qilinadi: 100035, Toshkent shahri, Bunyodkor ko‘chasi, 1-uy.

Hujjatlarni taqdim etish shartlari va namunalari bilan Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining rasmiy www.fundngo.uz veb saytida va t.me/group_jamoat_fondi telegram kanalida tanishish mumkin.

Ma’lumot uchun telefonlar: (0-371) 239-26-76, 239-26-86.