Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Oliy Majlis Senati Raisi o‘rinbosari saylandi

Xabar berilganidek, bugun Oliy Majlis Senatining sakkizinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tmoqda.

Yalpi majlis kun tartibidan o‘rin olgan bir qator tashkiliy masalalar, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi o‘rinbosarini saylash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Ma’lumki, Senat Raisi o‘rinbosarlaridan biri Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakili bo‘lishiga oid konstitutsion norma mavjud. Shu bois, senator Murat Kallibekovich Kamalovni Senat Raisi o‘rinbosari lavozimiga saylash to‘g‘risida taklif, Prezidentimiz tomonidan taqdimnoma kiritilgan.

Murat Kamalov 1955 yilda Nukus shahrida tug‘ilgan. Oliy ma’lumotga ega huquqshunos sifatida ko‘p yillar mas’uliyatli lavozimlarda faoliyat yuritgan.

Joriy yil sentyabr oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining deputati etib, 2 oktyabr kuni Jo‘qorg‘i Kengesning davlatimiz rahbari ishtirokida o‘tgan navbatdan tashqari sakkizinchi sessiyasida Jo‘qorg‘i Kenges Raisi etib saylangan.

Majlisda senatorlar tomonidan M.Kamalov nomzodi bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati axborot xizmati xabariga ko‘ra, qonun talablariga muvofiq yashirin ovoz berish orqali 72 ta ovoz  bilan senator Murat Kallibekovich Kamalov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi o‘rinbosari etib saylandi.