Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Oliy Majlis Senati Raisining AQSh Kongressi Xotin-qizlar kokusi vakillari bilan onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

2021 yil 23 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayevaning AQSh Kongressi Xotin-qizlar kokusi vakillari bilan onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda Oliy Majlis Senati a’zolari, O‘zbekiston Respublikasining AQShdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi J.Vaxabov, Puerto-Rikoning Kongressdagi vakili, AQSh Vakillar palatasining transport va infratuzilma, ilm-fan hamda texnologiyalar va tabiiy resurslar bo‘yicha qo‘mitalari a’zosi J. Gonsales-Kolon, Vakillar palatasining sud ish yurituvi, milliy xavfsizlik va byudjet masalalari bo‘yicha qo‘mitalari a’zosi Sh.Jekson Li, Vakillar palatasining tashqi ishlar, byudjet va ta’lim hamda mehnat masalalari bo‘yicha qo‘mitalari a’zosi I. Omar ishtirok etdi.

Muloqot davomida so‘nggi yillarda ikki tomonlama parlamentlararo hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani ta’kidlandi. Tomonlar O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarni kengaytirish va chuqurlashtirish, tajriba almashish masalalarini muhokama qildilar. Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning AQShga tarixiy tashrifi tufayli parlament a’zolarining ikki tomonlama muloqoti faollashdi.

Tomonlar O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, moliyaviy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollariga, davlatlar o‘rtasidagi parlamentlararo o‘zaro aloqalarni rivojlantirishga yuqori baho berildi.

Amerika tomoniga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

Kongressvumenlar fikricha, O‘zbekistonda xotin-qizlarning mamlakatning ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy hayotida to‘liq hamda teng ishtirok etishi uchun qulay sharoitlar yaratilgan.

AQSh tomoni Markaziy Osiyo mamlakatlari ayol rahbarlari bilan muloqotni yo‘lga qo‘yishda O‘zbekistonning yetakchi rolini olqishladi. Bu xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoya qilish sohasida mintaqaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi.

Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.