Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Oliy ma’lumotli hamshiralar qachon o‘z maqomiga ega bo‘ladi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 6 dekabrdagi qaroriga muvofiq oliy ma’lumotli tibbiyot hamshirasi maqomi joriy etildi. 2007-2008 o‘quv yilidan boshlab barcha tibbiyot oliygohlarida oliy ma’lumotli tibbiyot hamshiralari tayyorlash uch yillik bo‘limlari ochildi.

Qarordan asosiy maqsad o‘rta bo‘g‘in tibbiyot xodimlari saviyasini yuksaltirish, ularning malakasini oshirishni rag‘batlantirishdan iborat edi. Xususan, oliy ma’lumotga ega tibbiyot hamshiralariga tarif stavkasining 10 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov belgilangan.

Aslida ushbu qaror jarrohlik, reabilitatsiya, shoshilinch tibbiy yordam, tug‘ruq bo‘limlarida oliy ma’lumotli tibbiy hamshiralar ishlashini nazarda tutgan. Shuningdek, bu bo‘limda tahsil olganlar tibbiyot kollejlarida dars berishlari mumkinligi belgilab qo‘yilgan.

Endi maqsadga ko‘chsak. Ushbu maqolaning yozilishiga 2-3 nafar hamshiraning tahririyatga kelib mulohaza bildirishi sabab bo‘ldi.

- Biz boshqa fakultet talabalari qatori kontrakt puli to‘lab o‘qidik, - deydi ism-sharifini, manzilini sir tutishimizni so‘ragan hamshira ayollar. – Rektorga rahmat, darsimizni shunday joylashtirib berdiki, kechki smenadagilar ishini ham davom ettirishdi, bizni o‘sha davrlarda paxta terimiga ham jalb etishmadi.

- Xo‘sh, buning nimasi yomon?

- Kursdoshlarimizdan biror kishi ham haligacha bosh hamshiralikka tayinlanmadi. Bizdan oldin va keyin bitirganlarda ham ahvol shu. Qarorda belgilangan qo‘shimcha haq to‘lanmaydi. Yashirib nima qilamiz, hammamiz oddiy odamlarning farzandlari, kontrakt to‘lovlarini bir amallab amalga oshirganmiz.

- Rahbariyatga murojaat qilmadingizmi?

- Eh-he, qancha aytdik, befoyda, qayta talab qilaversak, bir amallab ishlab turgan shtatimizni ham qisqartirishadi. Ana, bir o‘rganib ko‘ring, ishga olmagani bir tomonu, oliy ma’lumotli hamshiralarning qanchasini ishdan bo‘shatishgan.

- Ehtimol, ularning malaka saviyasi, mahorati yetishmagandir yoki xato qilgandir?

- Mumkin, ammo o‘zingiz o‘ylang, o‘qishga kirganlarning ko‘pchiligi 3-5 yilgacha ish stajiga ega, tag‘in ishlab turib o‘qigan, yana qanaqa malaka haqida gap bo‘lishi mumkin? Diplomni olganimizdan keyin ham bizga kollej ma’lumotidagi hamshiralar sifatida muomalada, munosabatda bo‘lishadi.

Mana, siz ham «Kimga murojaat qildingiz?», deb so‘rayapsiz. Ayting-chi, Prezident qarori ijrosi bilan kim shug‘ullanishi kerak, rahbarlar emasmi? Biz aniq bilamiz, ushbu qaror bo‘yicha hech kim hech kimga hisob bergan emas. Agar holat tahlil qilinganida, hisob berilganida oliy ma’lumotli hamshiralarni rag‘batlantirish yoki aksincha, agar bu shtat o‘zini oqlamagan bo‘lsa, institutlarda shu bo‘limni butunlay tugatish haqida bir fikrga kelishardi. Ishonmasangiz, ana, istagan shifoxona yoki viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbarlaridan yozma ravishda so‘rab ko‘ring, aniq javob ololmaysiz.

Keling, aziz mushtariy, bu gal sal boshqacharoq yo‘l tutaylik. Ushbu maqola viloyat, tuman sog‘liqni saqlash idoralari, ixtisoslashgan shifoxonalar rahbarlari uchun savol tarzida bo‘la qolsin. Ularning javoblari, fikr va takliflari asosida mavzuni davom ettiramiz.

***

Ushbu maqola shu yil 16 fevral kuni Zarnews.uz veb-saytiga qo‘yildi,  “Zarafshon” gazetasining 16 fevraldagi  20-sonida bosildi. Hech kimdan javob bo‘lavermagach, avval xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi sessiyasida ishtirok etgan Vazir o‘rinbosari E.Bositxonovaga aytildi, keyin Sog‘liqni saqlash vaziri A.Shodmonovning telegrammiga yuborildi. 12 may - Xalqaro hamshiralar kuni bahona ushbu masalaga munosabat bildirilar, degan maqsadda respublikaning ayrim ijtimoiy tarmoqlariga ham jo‘natdik. Biroq hanuz jimlik.

Shu bois ushbu maqolani takror tarzda e’tiboringizga havola qilishni lozim topdik. Yozing, ko‘tarilgan masalaga Sizning fikringiz qanday?

Farmon TOShEV.