Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari ayollarni eshitdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari R.Mahmudova Kattaqo‘rg‘on shahrida sayyor qabul o‘tkazdi.

Sayyor qabulda asosan Kattaqo‘rg‘on shahri va Kattaqo‘rg‘on tumanida “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar, tadbirkor ayollarning muammolari tinglandi.

Shaharning Do‘stlik mahallasida yashovchi S.Sohibova turmush o‘rtog‘i xorijga ishlash uchun ketib, qaytib kelmayotgani, o‘zi ro‘zg‘or ta’minoti va farzandlari ta’lim-tarbiyasida qiynalayotganini bildirib, erini chet eldan qaytarishda yordam so‘radi. Bu masala bilan ichki ishlar bo‘limi shug‘ullanadigan bo‘ldi.

Shu mahallada yashovchi Z.Xalilova esa jazoni ijro etish muassasasida jazoni o‘tab qaytgan o‘g‘lini ishga joylashtirish masalasida murojaat qildi. Ishsiz fuqaro bandligini ta’minlash shahar hokimligi zimmasiga yuklandi.

Haydarchaman va Bahoriston mahallalarida yashovchi G.Qahhorova, M.Kamolova, P.Baxtiyorovaning oilaviy kelishmovchiliklar masalasida murojaati shahar hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi tomonidan joyida o‘rganilib, ijobiy hal etishga kelishildi.

Sud idoralari faoliyati bilan bog‘liq masalalar shu yerning o‘zida mutasaddilar ishtirokida hal etildi. Qabul davomida R.Mahmudova 27 nafar xotin-qiz muammolarini eshitdi. Qayd etilgan masalalarni hal etish yuzasidan aniq muddat va mas’ullar belgilandi.

Samarqand viloyati sudi jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limining ma’lum qilishicha, sayyor qabuldan so‘ng R.Mahmudova Kattaqo‘rg‘on shahridagi mahallalarda yashovchi “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”da ro‘yxatga olingan bir guruh xotin-qizlarning xonadoniga borib, ularga tikuv mashinasi hamda bayram sovg‘alari ulashdi.