Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Oliy ta’lim muassasalari o‘zlariga biriktirilgan maktablar bilan ishladimi?

Urgut tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ta’lim jarayoniga yangicha yondashuv, o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalari hamda oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichini yaxshilash maqsadida Samarqand davlat universiteti, Samarqand davlat tibbiyot instituti, Samarqand davlat arxitektura va qurilish instituti, “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti, Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali biriktirilgan.

Joriy yilning 5-6 may kunlari Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi viloyat hududiy bo‘limi, Samarqand viloyati kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi xodimlaridan iborat tuzilgan ishchi guruhi maktablarga biriktirilgan oliy ta’lim muassasalari faoliyatini o‘rgandi.

Tumandagi 1-sektorda 36 ta umumta’lim maktabi bo‘lib, ularga Samarqand davlat tibbiyot instituti biriktirilgan. O‘tgan besh oy davomida institutning tajribali professor-o‘qituvchilari maktablarga har haftada belgilangan kunlarda kelib, mavjud holat bilan yaqindan tanishgan, har bir maktab bilan ikki tomonlama memorandumlar imzolangan.

Urgut tumani hokimi B.Jabborov va Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori, professor J.Rizayev hamkorligida “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, institut tomonidan 17 ta maktabga 60 dona kompyuter berilgan.

Shuningdek, institutning stomatologiya fakulteti tashabbusi bilan biriktirilgan maktablarning barchasida “Sog‘lom turmush tarzi” bo‘yicha o‘quvchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.

Bitiruvchi sinf o‘quvchilarining qiziqishi va qobiliyatidan kelib chiqib o‘tkazilgan so‘rovnomalar asosida tumandagi 118- va 29-umumta’lim maktablarining 9-11 sinf o‘quvchilariga institut o‘qituvchilari tomonidan biologiya, kimyo, fizika fanlaridan uch oydan buyon qo‘shimcha darslar tashkil etilgan. O‘quvchilarning olgan bilimlarini sarhisob qilib borish uchun har oyda nazorat testlari olib kelinmoqda.

Samarqand davlat arxitektura va qurilish instituti mas’ul bo‘lgan 2-sektor hududida joylashgan 37 ta maktab o‘rganilganda, maktablarga biriktirilgan mas’ullar tomonidan mutaxassis o‘qituvchilarni o‘qitish metodikasi va mutaxassislik fanlaridan qo‘shimcha adabiyotlar bilan ta’minlash vazifasi berilgan bo‘lsa-da, sektordagi 11 ta maktabda shu kunga qadar hech qanday ishlar amalga oshirilmagan.

7 ta maktabga AKT vositalaridan foydalanish hamda fanlarga oid internet tarmog‘idagi saytlarga kirib ma’lumotlar olish uchun ko‘rsatma va topshiriqlar berish borasida uslubiy yordam ko‘rsatilmagan.

Shuningdek, 18 ta maktabda hamkorlikda ta’lim sifatini ko‘tarish va yil davomida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar rejalashtirilmagan. Mas’ullar nomigagina maktablarga borib, hisobot uchun ma’lumot to‘plash bilan cheklangan, xolos.

Maktab bitiruvchilarini kasbga yo‘naltirish ishlari sohalar kesimida tuman hokimligi, bandlik bo‘limi, mavjud korxona va tashkilotlar, tijorat banklari, tadbirkorlar hamda mahalliy deputatlar ishtirokida bitiruvchilar bandligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish yuzasidan qat’iy topshiriqlar berilishiga qaramasdan ushbu masalalarga 15 ta maktabda umuman e’tibor qaratilmagan.

37 ta maktabning birortasida OTM mas’ullari tomonidan maktablar o‘rtasida kichik fan olimpiadalari tashkil etilmagan.

Institutga biriktirilgan maktab kutubxonalarida o‘quvchilarning “Shaxsiy varaqasi” yuritilishini tahlil qilish hamda kutubxonaning kitob fondini o‘rganish va uni bosqichma-bosqich boyitib borish yuzasidan hech qanday amaliy ishlar olib borilmagan.

Maktablarda ta’lim tizimiga doir respublikamiz va xorijiy davlatlardagi pedagoglarning ilg‘or ish tajribalari yoritilgan saytlardan foydalanish darajasini oshirib borishni tashkil qilish yuzasidan maktablarda biron bir ish amalga oshirilmagan.

2-sektor hududidagi 9 ta maktabda 27 nafar mutaxassisga ehtiyoj bo‘lsa-da, ularning o‘rnini malakali mutaxassislar va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchi kurs talabalarini jalb qilgan holda qoplash choralarini ko‘rilmagan.

Maktablardagi o‘qituvchilar sifat tarkibi, toifalariga qarab o‘qituvchilar o‘z ustida ishlashlari uchun haftalik, oylik, choraklik, yillik vazifalar belgilab berilish holati oliy ta’lim muassasasidan biriktirilgan mas’ullar tomonidan bugungi kunga qadar nazoratdan chetda qolgan.

Shu bilan birga tumandagi 143-, 145-, 150-maktablar Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filialiga biriktirilgan bo‘lib, o‘tgan vaqt davomida ta’lim sifatini oshirish va mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan birorta ham ish amalga oshirilmagan.

“Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti mas’ul bo‘lgan 2-sektor hududida joylashgan 12 ta maktab o‘rganilganda, maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilaridan har oyda bir marta o‘tkaziladigan nazorat ishlari 2020 yilning dekabr oyida ona tili, ingliz tili, rus tili, matematika, biologiya fanlaridan o‘tkazilgan, lekin natijalar e’lon qilinmagan. Shundan so‘ng maktablar bilan aloqalar uzilgan, o‘tgan 4 oy davomida institut ma’muriyati yoki biriktirilgan mas’ullar biror marotaba maktablarga kelmagan. 

Samarqand davlat universitetiga 3-sektordagi 32 ta maktab biriktirilgan bo‘lib, bugungi kunda bir qator samarali ishlar amalga oshirilgan.

O‘qituvchilarining salohiyati va dars samaradorligini aniqlash maqsadida ular dars beradigan sinf o‘quvchilaridan o‘quv darsliklari asosida sinovlar o‘tkazilgan. Jumladan, ona tili va adabiyoti, biologiya, matematika, kimyo va boshqa fanlaridan 5 martadan test sinovlari o‘tkazilib, samaradorlik e’lon qilingan.

Biriktirilgan maktablarga universitet tomonidan 9200 ga yaqin turli nomdagi ilmiy, badiiy kitob jamlanmalari yetkazib berilgan.

Shuningdek, universitet fondidan joriy yilning mart, aprel oylarida 15 ta kompyuter jamlanmalari ehtiyoji mavjud 3-, 66-, 70-maktablarga berilgan. Shu bilan birga o‘quvchi-qizlarni bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish va kasbiy qiziqishlarini e’tiborga olgan holda 66-, 70-maktablarga bittadan tikuv mashinasi berilgan.

Maktabning yuqori sinf o‘quvchilari uchun ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shimcha o‘quv kurslari tashkil qilingan. 10-11-sinf o‘quvchilarining tanlagan ta’lim yo‘nalishlariga doir oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish test sinovlari DTM bazasi orqali belgilangan fanlar bo‘yicha sinovlar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Hali oldimizda oliy ta’lim muassasalari, umumiy o‘rta ta’lim maktablari hamda hamkor tashkilotlar bilan amalga oshiriladigan ishlarimiz va muammolarimiz talaygina. Masalan, mutaxassis fanlardan yetishmaydigan o‘qituvchilar muammosi joriy o‘quv yilining sentyabr oyida o‘rganilganda tumandagi 53 ta maktabda 23 ta fandan 145 nafar o‘qituvchiga ehtiyoj borligi aniqlangan.

Bugungi kunda 10-maktabga ingliz tili va informatika fanlaridan 4 nafar, 74-maktabga kimyo fanidan 1 nafar, 30-maktabga kimyo, informatika, rus tili va ingliz tili fanlaridan 5 nafar, 32-maktabga texnologiya, tarix, ingliz tili fanlaridan 3 nafar, 8-maktabga ingliz tili fanidan 3 nafar, 69-maktabga kimyo, ingliz tili, matematika, geografiya fanlaridan 4 nafar o‘qituvchiga bo‘lgan ehtiyoj pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarining 4-kurs talabalari hisobidan qoplangan.

Lekin bu masala o‘quv yili yakuniga sanoqli kunlar qolganiga qaramasdan boshqa maktablarda muammoligicha turibdi. Jumladan, bugungi kunda 3-sektordagi 13 ta maktabda jami 11 ta fandan o‘qituvchilarga bo‘lgan ehtiyojlar qoplanmagan. Natijada bu fanlardan nomutaxassis yoki oshirilgan dars stavkasi hisobidan darslar o‘qituvchilarga bo‘lib berilgan.

Ushbu sektordagi qolgan 12 ta maktab “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetiga biriktirilgan bo‘lib, ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari va maktab direktorlari tomonidan ushbu maktablardagi fanlardan o‘qituvchilarga bo‘lgan ehtiyoj muammosi bartaraf etilmagan. Natijada 58-maktabda tasviriy san’at, 78-maktabda rus tili, ingliz tili, 131-maktabda biologiya, fizika, rus tili fanidan darslar o‘tilishi safatsiz va nomutaxassis o‘qituvchilarga taqsimlangan holda o‘tilmoqda.

4-sektorda ham 23 ta maktabdan 10 tasida fanlardan o‘qituvchilarga ehtiyoj mavjud. Tumandagi qolgan 1-2-sektorlarda joylashgan maktablarda ham o‘qituvchilarga bo‘lgan ehtiyojlar to‘liq qoplanmagan va mavjud muammolar bartaraf etilmagan.

Ikkinchi masala - bitiruvchilarning OTMlariga kirish ko‘rsatkichini yaxshilash va ularga shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha Samarqand davlat universiteti, Samarqand davlat tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilari tomonidan o‘quvchilardan nazorat testlari olingan xolos. Qolgan 2-, 3-, 4-sektordagi maktablarga biriktirilgan Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali, Samarqand davlat arxitektura va qurilish instituti, “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti tomonidan nazorat testlari o‘tkazilmagan va tahlil qilinmagan.

Fanlardan olingan nazorat test natijalari esa qoniqarsiz, ya’ni o‘quvchilarni o‘rtacha o‘zlashtirish darajasi umumta’lim fanlaridan 30 foizni ham tashkil etmagan. Ushbu holatlarni bartaraf etish yuzasidan maktab direktorlari va maktab o‘qituvchilari tomonidan birorta ham ko‘zga ko‘rinarli ishlar amalga oshirilmagan.

Bundan tashqari, maktab bitiruvchilarining OTMga kirish istagida bo‘lganlarini maktab direktoridan tortib, barcha o‘qituvchilarga biriktirish muddati 2021 yanvar oyida amalga oshirilishi belgilangan bo‘lsa-da, o‘rganilgan 100 dan ortiq maktablarni birortasida ushbu ishlar amalga oshirilmagan.

Iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Iqtidorli o‘quvchilar” telegram kanallarini maktablar bilan hamkorlikda tashkil etish, OTM va maktab o‘quvchilari hamda o‘qituvchilarini a’zo qilgan holda haftalik savol-javob materiallarini yuklab borish, ularni rag‘batlantirish ishlari e’tibordan chetda qolgan.

G‘ayrat Boboxolov,

Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi Samarqand viloyati hududiy bo‘limi boshlig‘i.