Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Oliy ta’lim muassasalariga qabul imtihonlarini onlayn kuzatish imkoni yaratildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq respublika oliy ta’lim muassasalariga qabul imtihonlarni o‘tkazish jarayonini yanada shaffof, ochiq va adolatli o‘tkazish maqsadida internet tarmog‘i orqali jarayonlarni jonli efirga uzatish vazifasi belgilangan.

Shu munosabat bilan, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tegishli idoralar bilan birgalikda OTMlarning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish uchun test va ijodiy (kasbiy) imtihonlari, magistratura (klinik ordinatura) bosqichiga qabul imtihon jarayonlarini imtihon.edu.uz platformasi orqali onlayn namoyish etish yo‘lga qo‘yildi.

Unda respublikaning turli hududlarida ochiq va yopiq inshootlarda bo‘lib o‘tayotgan test jarayonlari, ijodiy imtihonlar va suhbatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib borish mumkin. 

Shuningdek, mazkur platforma orqali respublikadagi yoki xorijdagi OTMdan respublikadagi davlat OTMga o‘qishni ko‘chirish istagini bildirgan talabalardan olinadigan imtihonlar hamda xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olishda talabgorlardan olinadigan test sinovlari ham efirga uzatilib boriladi.