Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Olmoslar loyda erimaydi: Viktor Gyugodan hayot va sevgi haqida iqtiboslar

Fransuz yozuvchisi, fransuz romantizmining asosiy namoyandalaridan biri, siyosiy va jamoat arbobi Viktor Gyugo ko‘p qirrali shaxs bo‘lgan.

U tarixga qiziqardi va o‘z o‘quvchilarini ham unga qiziqtirardi.  Yozuvchi va dramaturg 13 ta pesa, 9 ta roman, ko‘plab she’r va hikoyalar yozgan.

Romanlarida qiziqarli syujetlar, yorqin personajlardan tashqari, ezgulik va yovuzlik, muhabbat va nafrat, hayot va o‘lim tabiati haqida ko‘p gapiradi. Uning kitoblaridan ko‘plab savollarga javob topish mumkin, chunki ularda bayon etilgan fikrlar bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan:

• Hayotda eng katta baxtga erishish  bu  -  biz kim va qanaqa bo‘lishimiz va o‘zligimizcha qolishimizdan qat’iy nazar, kimningdir bizni sevishini bilib yashashdir.

• Biz yig‘lab tug‘ilamiz, ingrab jon beramiz. Hayotda faqat kulib yashashgina qoladi, xolos.

• Taqdir hech qachon oldin boshqa eshikni ochmasdan, bir eshikni yopmaydi.

• Nikohdagi chinakam tengsizlik – bu qalblar tengsizligidir.

• Aql olgan narsasidan, yurak bergan narsasidan boyiydi.

• Hech kim birovning harakatlarini bu harakatlardan eng kam daxldor bo‘lgan kishi kabi ehtiyotkorlik bilan kuzatmaydi.

• O‘lim fojia emas, yashamaslik dahshatdir.

• Boylarning jannati faqirlarning do‘zaxidan yaratilgan...

• Falokatda vahimaga tushmaslik kerak, aksincha muammoning yuziga tik qarash lozim; bu - agar u ahmoq bo‘lmasa, har bir kishining burchi. 

• Olmoslar loyda erimaydi.

• Yomon fikrlash qalb xudkushligidir.

• Dushmanning pichoq zarbalariga befarq bo‘lish mumkin, lekin yaqin kishilarning hatto igna sanchishi og‘riqlidir.

• Qirq yosh – yoshlikning qariy boshlashi, ellik yosh esa – keksalikning yoshligi.

• Ayollar izzatda bo‘lsa, xudolar ham rozi bo‘ladi, ayollar xor bo‘ladigan joyda xudojo‘ylikka chaqirish ham befoyda.

• Avliyo bo‘lish – istisnolik, adolatli bo‘lish qoidadir. Xato qiling, yiqiling, gunoh qiling, lekin adolatli bo‘ling.

• Insonning barcha xatti-harakatlariga turlicha munosabatda bo‘lish mumkin: biri qoralangani ortidan ikkinchisi dafna gulchambari bilan tojlanadi.

• Agar inson sevgi nimalagini ayta olsa, bilingki, u hech qachon sevmagan.

• Inson yuzi doim uning ichki dunyosini aks ettiradi, fikrlar tusdan mahrum etilgan, deb o‘ylash mubolag‘adir.

• Har bir kishi uch xil  - o‘ziga tegishli deb o‘ylagani, o‘ziga nisbat berilgani va nihoyat o‘zida bo‘lgan haqiqiy fe’l-atvorga ega.

• Muloyimlik va mehr-muhabbatdan xoli hayot jonsiz chiyillagan va g‘ijirlagan mexanizmdan boshqa narsa emas.

 

B.Muhammadiyeva tayyorladi.