Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand tumanida ommaviy sport turlari qanday rivojlantiriladi?

Bugungi kunda Samarqand tumani xalq ta’limi bo‘limi tasarrufida 54 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi mavjud. Ular tasarrufida 149 ta sport maydoni, 45 ta sport zali faoliyat ko‘rsatmoqda.

Xo‘sh ulardagi ahvol qoniqarlimi? Tuman hokimligi tomonidan o‘rganishlar jarayonida ma’lum bo‘ldiki, mavjud sport zallarining 37 tasi sport jihozlari bilan ta’minlangan. Qolganlari ta’mirtalab ahvolda.

Tuman yoshlarini jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan qamrab olish 32,6 foizni tashkil etmoqda.

O‘rganish davomida sportning inson salomatligidagi ahamiyati yetarlicha targ‘ib etilmayotgani, iqtidorli sportchilarni saralash, tayyorlash tizimi, muassasalarning moddiy-texnik bazasini zamon talablariga moslashtirish masalalarida muammolar borligi aniqlandi.

Misol uchun, bugungi kunda mavjud 11 ming 999 ta sport jihozlaridan 4792 tasi yaroqli. Umuman maktablarda sport jihozlariga bo‘lgan ehtiyoj 8239 tani tashkil etadi.

2018-2019 o‘quv yilida umumiy o‘rta ta’lim maktablari viloyat xalq ta’limi boshqarmasi hamda bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan sport jihozlari bilan ta’minlanmagan. Maktablarda jismoniy tarbiya o‘qituvchilari tomonidan 96 ta sport to‘garaklari tashkil qilingan. Ularda 11 ming 285 nafar o‘quvchi muntazam sport mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanmoqda.

Olimpiya sport turlari bo‘yicha iqtidorli yoshlarni saralash va sportchilarni tayyorlash borasida stol tennisi, kurash (yunon-rim, dzyudo, erkin kurash), boks kabi sport turlariga e’tibor qaratilgan. Afsuski, og‘ir atletika, banminton, voleybol, basketbol kabi sport turlarining rivojlanishi ortda qolmoqda.

Bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun tuman hokimligi tomonidan taqvim–nazorat rejasi ishlab chiqildi. Shu asosda umumta’lim maktablarida sportga bo‘lgan e’tibor muntazam o‘rganilib, amaliy yordam ko‘rsatiladi. Sport musobaqalarini tashkil etishda mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda.

Bundan tashqari, 2019-2021 yillarda 5, 25, 27, 29, 32, 35, 42, 49, 50, 51, 54-umumiy o‘rta ta’lim maktablarida davlat Dasturi asosida sport zallari qurilishi rejalashtirildi.

Samarqand tumani hokimligi axborot xizmati.