Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Onasi yordamida qizlarni Dubayga fohishalikka yubormoqchi bo‘lgan o‘g‘il ozodlikdan mahrum etildi

Odam savdosi eng jirkanch jinoyatlardan hisoblanadi. Ushbu jinoyatni ona o‘z o‘g‘li bilan sodir qilgan bo‘lsa-chi? “Nahotki, ona farzandining, yolg‘iz o‘g‘lining kelajagini o‘ylamadi yoki el-yurtdan uyalmadi?” degan o‘y keladi xayolga.

Sudlanuvchi U.A. otasi kimligini ham bilmaydi. Onasi ko‘p yillardan buyon Birlashgan Arab amirliklarining Dubay shahrida yashaydi. U.A. o‘z holicha yashab, o‘ziga o‘xshagan do‘stlari bilan o‘g‘irlik va boqinchilik jinoyati sodir etgani uchun sud tomonidan tegishli jazo tayinlanib, 2016 yilda “Amnistiya akti”ga asosan jazoni o‘tashdan ozod qilingan.

U.A ozodlikka chiqqach, uni nazorat qiladigan odam bo‘lmaganligi, biror-bir foydali mehnat bilan shug‘ullanmagani bois onasi tomonidan yuborilayotgan pullarga kunini spirtli ichimlik iste’mol qilib, yengil tabiatli qizlar bilan o‘tkaza boshlaydi.

U Dubay shahrida yashab kelayotgan onasi M.F. bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, 2019 yil sentyabr oyi boshlarida fuqarolar Yu.D. va S.M. bilan tanishib, ulardan foydalanish maqsadida aldab, Dubay shahrida fohishalik qilib, katta pul ishlab topishlari mumkinligini, ularga yordam berganligi uchun onasi F.Matkarimovaga fohishalik yo‘li bilan 5000 AQSh dollari ishlab berishlari lozimligini, shundan so‘ng fohishalik qilib o‘zlari uchun ko‘p miqdorda pul mablag‘lari ishlab topishlarini aytadi. Ularni qiziqtirib, ishonchiga kirgan holda onasi tomonidan yuborilgan BAAda bo‘lishlik to‘g‘risidagi viza hujjatlar va “Toshkent-Dubay” yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptani Yu.D. va S.M.larga berib, ularni Dubay shahriga yubormoqchi bo‘lgan vaqtda Samarqand shahar IIB xodimlari tomonidan U.A. ushlangan.

Sud tomonidan U.A. muqaddam jinoyat sodir qilgan, jazo o‘tab chiqqan bo‘lsa-da, o‘ziga kerakli xulosa qilmasdan, yana bir bor qasddan jinoyatga qo‘l urganligini inobatga olinib, tegishli tartibda ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shohruh MIRZAAHMEDOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi.