Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Onlayn darslar orqali o‘qituvchilar malakasini oshirish yo‘lga qo‘yildi

Bugun xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish yo‘nalishida eskicha yondashuvlardan voz kechib, bu boradagi sifat va samaradorlikni yana mustahkamlash talab etilmoqda. Ushbu yo‘nalishda axborot texnologiyalarini ko‘proq faoliyatga tatbiq etish orqali ortiqcha naqd va vaqt sarfini kamaytirishga erishish, shu bilan birga, ta’lim sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Samarqand viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi hamda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi hamkorligida hududiy markaz professor-o‘qituvchilarining ilk bor onlayn dars mashg‘ulotlari tashkil etilgani fikrimizni tasdiqlaydi.

Onlayn dars mashg‘ulotida hududiy markazning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, guruhi tinglovchilari, tuman va shahar studiyalarida maktab direktorlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari qatnashdi.

Unda hududiy markazning ijtimoiy-iqtisodiy fanlar metodikasi kafedrasi dotsenti Komil Haydarov “O‘zbekistonda ta’lim – davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida” mavzusida ma’ruza o‘qidi. Ikkinchi juftlikda Mo‘tabar Fayziyeva “Ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarini tashkil etishda buyuk allomalar va mutafakkirlar ilmiy asarlarining o‘rni” mavzusida dars mashg‘ulotlari o‘tdi. Uchinchi juftlikda esa xalq ta’limi xodimlari o‘rtasida o‘zaro fikr, tajriba almashildi va o‘tilgan mavzular doirasidagi dolzarb muammolar muhokama etildi.

Darhaqiqat, xuddi shu tartibda kelgusida onlayn ochiq dars mashg‘ulotlari belgilangan jadval asosida ingliz tili, boshlang‘ich sinf, matematika, geografiya, texnologiya fanlari o‘qituvchilari uchun ham tashkil etiladi.

Onlayn darslar mobaynida xalq ta’limi xodimlarining Xalqaro baholash dasturlari bo‘yicha malaka va tajribalarini oshirish, bu boradagi bilimlarini mustahkamlashga ham alohida e’tibor qaratiladi.

Samarqand viloyati XTXQTUMO hududiy markazi axborot xizmati.