Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Oqdaryoda tabiiy gaz tarmog‘iga o‘g‘rincha ulangan korxona aniqlandi

Majburiy ijro byurosi Oqdaryo tumani bo‘limi xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda «BARAKA-NUR» oilaviy korxonasi rahbari O‘tkir Azizov Dahbed mahallasida kafe, oshxona va novvoyxona tashkil qilgan va tabiiy gaz tarmog‘iga hisoblagichdan tashqari, ko‘z bilan aniqlab bo‘lmaydigan darajada yer ostidan diametri 25 millimetr bo‘lgan polietelen quvur orqali ulanib olgan.

Ushbu noqonuniy ulanma orqali 2 dona novvoy tandiri, 2 dona «PG-4» rusumli gaz plitasi, 1 dona somsapazlik tandiri, 1 dona mangal, 1 dona isitish pechi hamda 2 dona “Konvektor” pechlaridan foydalanib kelgan.

Aniqlangan holat bo‘yicha tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilib, korxona tabiiy gaz tarmog‘idan uzib qo‘yildi.

Ta’minotchi korxona bergan xulosaga ko‘ra, «BARAKA-NUR» oilaviy korxonasi rahbari O‘.Azizov tomonidan davlat manfaatlariga 24 million 270 ming so‘m miqdorda zarar yetkazilgan.

Hozirgi kunda ushbu noqonuniy harakat yuzasidan tergovga qadar tekshirish ishlari olib borilmoqda.

Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi.