Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Oqdaryodagi maktabda o‘quvchilardan pul yig‘ilgani haqida yolg‘on axborot tarqatilgan

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi 38-umumta’lim maktabi o‘quvchilaridan pul yig‘ilganligi to‘g‘risida e’lon qilingan ma’lumot yuzasidan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi.

Umumta’lim maktablarida o‘quvchilar yoki ularning ota-onalaridan turli maqsadlarda pul yig‘ish holatlari uchrayotganligi to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlar orqali turli fikrlar bildirilmoqda. Ayni shunday noxush holatlarning oldini olish maqsadida viloyat xalq ta’limi boshqarmasining ishonch telefonlari hamda boshqarma boshlig‘ining telegram messenjeridagi raqamlari ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilindi.

Bunday sa’y-harakatlar albatta, o‘z samarasini bermoqda. Bu borada muammo borki, biz ayni shunday ishga qo‘l urdik. Biroq murojaatlar, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali e’lon qilinayotgan ba’zi ma’lumotlar asossiz, noxolis ekanligi ham ma’lum bo‘lmoqda.

Joriy yilning 14 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlardan birida “Oqdaryo tumanidagi 38-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 11-sinf o‘quvchilaridan banner uchun 30 ming so‘mdan pul yig‘ilayotganligi” to‘g‘risida ma’lumot tarqaldi. Shu kunning o‘zida Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi rahbar xodimlari, bo‘lim boshliqlari, Oqdaryo tumani xalq ta’limi bo‘limi vakillari mazkur maktabda bo‘lib, ijtimoiy tarmoq orqali ko‘tarilgan muammo yuzasidan o‘rganish ishlarini olib bordi. O‘quvchi va o‘qituvchilar o‘rtasida anonim so‘rovnomalar o‘tkazildi. Ulardan ma’lum bo‘lishicha, maktabda hech qanday pul yig‘ish holati yuz bermagan. Kelgusida ham bu kabi salbiy holatlarga yo‘l qo‘yilmasligi uchun 38-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori hamda o‘qituvchilardan kafolat xatlari olindi. Bugun ushbu maktabda ta’lim-tarbiya olayotgan 83 nafar 11-sinf o‘quvchilarining sinf rahbarlari bilan alohida suhbat o‘tkazilib, qat’iy tushuntirish ishlari olib borildi.

Shu o‘rinda yana bir gap. Bundan avval ham Oqdaryo tumanidagi xuddi shu maktabda o‘qituvchilarning majburiy mehnatga jalb qilingani to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda ma’lumot tarqatilgandi. Tegishli tartibda olib borilgan o‘rganishlar ushbu masala bo‘yicha ham yolg‘on axborot berilgani o‘z isbotini topgandi. Qiziq, bunday safsatabozlikdan kimga naf?

Ta’lim muassasalarida noqonuniy pul yig‘ish holatlarining oldini olish, bunday salbiy xatti-harakatlarga birgalikda qarshi kurashishda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi keng jamoatchilik hamda ota-onalarni hamkorlikka chaqiradi. Fuqarolarimiz viloyat umumta’lim muassasalarida shunday holatlarga duch kelganda boshqarmaning 66-233-93-60 raqamli Ishonch telefoni yoki 99-778-55-01 telegram raqami orqali murojaat qilishlari mumkinligini ma’lum qilamiz.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.