Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘qigan fikrlaydi, o‘qimagan qornini o‘ylaydi

Hayot qiziq. Yashayversang, ko‘raverar ekansan. Birini ko‘rib, achinasan, ikkinchisini ko‘rib, nafrating oshadi, ajablanasan.

Do‘kondan kitob olmoqchi bo‘ldim. Yoqqan kitoblardan birini olib, varaqlab tursam, bir kishi sotuvchidan “Boburnoma”ni so‘radi. Sotuvchi kitobni olib berdi.

- Necha pul turadi? - so‘radi xaridor.

Xaridorning puli yetmadi shekilli:

- Ukajon, mana, bu pulni oling, yetmaganini qarzga yozib qo‘ying. Ertaga ishga ketishimda berib ketaman.

- Xo‘p, mayli, aka, - sotuvchi rozi bo‘ldi.

Xaridimni qilib, ko‘chaga chiqa turib, boyagi kishi bilan suhbatlashgim keldi. Shu payt yo‘ldan o‘tayotgan bashang kiyingan bir kishi hamsuhbatim bilan salom-alik qildi. U esa olgan kitobini maqtay ketdi. Tanishiga esa bu gaplar yoqmadi shekilli, “Kitob olguncha, o‘zingga qarasang bo‘lmaydimi?” dedi. Suhbatdoshimni yoqlagan bo‘lib, buyuk rus yozuvchisi M.Gorkiy onasining non uchun bergan puliga kitob sotib olib, oilasining bir kunini ochlikda o‘tkazishiga sababchi bo‘lgan voqeasini aytib berdim. “Kitobga qiziqqan odam o‘ziga qaramasa-qaramaydiki, kitob oladi”, deya qo‘shib ham qo‘ydim. Haligi kishi qo‘lini siltab, jo‘nab ketdi.

Biz garchi noqulay ahvolda qolsak-da, undan xafa bo‘lmadik. Chunki xayolimizda kitob edi.

- Ajab dunyo ekanda-a, kambag‘alni mutolaaga “sherik” qilib, mol-mulk bermagan. Boyvachchaga mol-dunyo berib, o‘qish va uqishdan mosuvo qilib qo‘yibdi. Shunga aytsa kerak-da, o‘qigan fikrlaydi, o‘qimagan qornini o‘ylaydi.

Chori QO‘NG‘IROV,

mehnat faxriysi, maorif a’lochisi.