Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“O‘qig‘uvchi ma’zur tutsin, eshitg‘uvchi taarruz maqomidin o‘tsun”

Zahiriddin Muhammad Boburga shuhrat keltirgan shoh asari "Boburnoma"dir. Asar nodir tarixiy manba, shuningdek, adabiyotshunoslik, tilshunoslik, tabiatshunoslik, san’atshunoslik, jamiyatshunoslik, minerologiya, joy nomlari, tibbiyot kabi ilm-fanning turli sohalarini qamrab oluvchi qomusiy kitob ham. Tasvirning g‘oyat keng qamrovliligi, asar muallifining bilim va qiziqish doirasining beqiyosligi, voqea-hodisalarning rostgo‘ylik bilan halol tasvirlangani "Boburnoma"ning bu qadar ko‘p tillar (fors, ingliz, fransuz, nemis, golland, turk, rus, yapon, ispan va hokazo)ga tarjima qilinishi, qayta-qayta nashr etilishi, jahon bo‘ylab shuhrat topishiga sababchi bo‘ldi.

Bobur o‘zining "Boburnoma" asari bilan turkiy adabiyotda realistik nasrni boshlab berdi, sodda, xalqona uslubga asos soldi deyish mumkin. Asarni tafakkur ko‘zi bilan mutolaa qilgan kishi "Bobur Mirzo - insonlar ichida eng rostgo‘yi" ekanligiga so‘zsiz amin bo‘ladi. Muallif o‘z asarlari mavzusini asosan hayotdan olgan. Bobur merosining hayratlanarli darajada hayotiyligi, tuyg‘ularining tabiiy va samimiyligi shundan. Bir so‘z bilan aytganda, haqiqat, rostgo‘ylik, adolat shoirning, xususan, "Boburnoma"ning bosh mezoni. Bu haqda muallif shunday yozadi: "Bu bilganlardan g‘araz shikoyat emas, rost hikoyatdurkim, bitibturmen. Bu mastur bo‘lg‘onlardin maqsud o‘zning ta’rifi emas, bayoni voqeai bu edikim, tahrir etibturmen. Chun bu tarixda andoq iltizom qilibturkim, har so‘zning rosti bitilgan va har ishning bayoni voqeini tahrir etilgay. Lojaram ota-og‘adir har yaxshiliq va yamonliqkim, shoye edi, taqrir qildim va qarindosh va begonadin har ayb va hunarkim bayoni voqe edi, tahrir ayladim. O‘qig‘uvchi ma’zur tutsin, eshitg‘uvchi taarruz maqomidin o‘tsun".

Bobur tarixiy voqealar, tarixiy siymolar, tabiat hodisalari haqida qanchalik haqqoniyat bilan fikr bildirsa, o‘z shaxsiyatidagi nomarg‘ub xususiyatlar haqida ham shunchalar mardonalik balan so‘z yuritadi. Fe’l-atvoridagi juz’iy va ulug‘ aybu nuqsonlarni yashirmaydi, iztiroblari, ruhning ichki, og‘riqli ziddiyatlarini pinhon tutmaydi. Jumladan, Bobur Andijonni ikkinchi marta qo‘ldan chiqargani haqida yozar ekan, o‘zining xato va kamchiliklarini quyidagi jumlalar orqali ro‘y-rost aytadi: "Mulkgirlikda va malakatdorlikta agarchi ba’zi ishlar zohirda ma’qul va muvajjah ko‘rinur, vale har ishning zimnida yuz ming mulohaza vojib va lozimdur. Ushbu bir bemulohaza hukm qilg‘onimizdin ne miqdor sho‘r va fitnalar qo‘pti. Axir Andijondin ikkinchi navbat chiqg‘onimizg‘a sabab ushbu betaamul hukm qilg‘onimiz bo‘ldi". Bu parchadan biz muallifning o‘z xatosidan saboq chiqarganini anglaymiz. Bu kabi saboq va ibratlar faqat Bobur uchungina emas, balki kelajak avlod uchun ham muhim ahamiyatga molik.

Bobur adolatni barqarorlashtirish maqsadida ba’zan qattiq chora- tadbirlar ko‘radi. Jumladan, Bobur Saydimali Dorbonning bir navkarini zabt etilgan yurtda birovning bir ko‘za yog‘ini zo‘ravonlik bilan tortib olgani uchun kaltaklatib o‘ldirtiradi. Natijada "El bu siyosattin tamom bosildilar". "Boburnoma" muallifi temuriylarning aysh-ishratga berilganini, hayotga yengil qarashlarini, hatto o‘zining ba’zi joylarda kalladan minoralar yasaganini so‘zlaydi.

"Boburnoma"ni yozishda xolislikka qat’iy amal qilgan Bobur faoliyatiga biz ham xolis baho bermog‘imiz lozim. U yashagan davr, vaziyat, ijtimoiy muhitni yaxshi anglamog‘imiz zarur. Bu jihatdan boburshunos olim Uilyam Erskinning quyidagi fikrlari ahamiyatlidir: "Boburnoma"da ba’zan beshafqat qatl etish manzaralari uchrab turadi. Lekin buning sababini ayrim bir shaxsning faoliyatidan emas, balki o‘sha tarixiy muhitdan qidirish zarur".

Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Buyuk tafakkur sohibi, ulkan saltanat egasi bo‘lgan Boburning qalamini qanday kuch mudom rostgo‘ylik, haqiqat sari undadi? Axir zamondoshlar va kelajak avlod nigohida o‘zining tarixiy mumtoz siymosiga soya solishi mumkin bo‘lgan noxush holatlardan ko‘z yumish muallif uchun unchalar qiyin emas edi-ku?! Bu savollarga birgina javob - bu ham bo‘lsa, Zahiriddin Muhammad Boburning ma’rifati, fazilati, kamoloti, tarbiya va madaniyatining yuksakligidir.

Bobur o‘zining barcha asarlarini, jumladan, "Boburnoma"ni ham sharqona an’anaviy kalom "Mehribon va Rahimli Alloh" nomi bilan boshlab, har bir so‘zni muqaddas va mo‘’tabar tutadi. Tabiiyki, Bobur yoshlik chog‘laridan munavvar muhitda voyaga yetdi, davrning mazkur udumiga qat’iy rioya qildi. To‘g‘rilik, rostgo‘ylik, odillik unga ulug‘ ajdodlari, birinchi navbatda, padari buzrukvori Umarshayx Mirzodan meros bo‘lib o‘tgan edi. Otasining "baland himmatliq", "pokiza e’tiqodliq kishi" ekanligini ta’kidlab, "Bisyor saxovati bor edi. Xulqi dag‘i bor erdi, xushxulq va xarrof va shirinzabor kishi erdi, shujo‘ va mardona kishi erdi", deya yozadi. Bu jumlalardan ma’lum bo‘ladiki, Bobur tabiatidagi ko‘p fazilatlar otamerosdir. Hatto adolatda ham Bobur padariga havas qiladi: "Adolati bu martabada edikim, Xitoy karvoni keladurganda Andijonning sharqiy tarafidag‘i tog‘larning tubida ming uy (qoramol)luq karvonni andoq qor bosdikim, ikki kishi qutuldi. Xabar topib, muhosillar yuborib, karvonning jami jihotini zabt qildi. Harchandekim, vorisi hozir yo‘q erdi. bovujudi ehtiyot saqlab, bir-ikki yildin so‘ngra Samarqand va Xurosondin vorislarini tilab kelturub, mollarni solim topshirdi".

Bobur Mirzo ana shunday insonning farzandi edi. Rostgo‘ylik, haqiqat, adolat insonni Yaratganga yaqinlashtiradi. Shuning uchun bo‘lsa kerakki, Bobur bir necha bor Yaratgannning inoyati, piru ustozlar madadi bilan xastaliklardan, dushman qutqusidan omon qoladi. Unga mansub barcha fazilatlar zamirida mustahkam iymon tuyg‘usi mujassam. Yaratgan qudratiga ishonch, uning hukmi va adolatiga bo‘ysunish, Uning qasosidan hayiqish - bularning barchasi buyuk jahongirning har bir so‘zini taftish ostiga olib, uni haddan ziyod xunrezliklar qilishdan, shariat ahkomlari va davrning axloqiy qoidalarini buzishdan saqladi.

Boburning jaholatga ma’rifat bilan javob berish tamoyiliga qat’iy amal qilgani ham "Boburnoma"da yaqqol namoyon bo‘ladi. Ukalari Jahongir Mirzo, Nosir Mirzolarning xiyonati, amakivachchasi Mirzoxon va pochchasi Muhammad Husayn Mirzoning mahramxonasiga so‘roqsiz kirishidek nomaqbul ishlarini kechirgan muruvvatli Bobur Xisravshohdek “xaromnamak” kishini ham kechirib, ularni hamisha hamjihatlikka, totuvlikka da’vat etib kelgani insoniylikning yuksak namunasi sifatida har qanday insonni hayratga soladi, kitobxonni ezgulikka chorlaydi.

Bularning barchasi Boburning zamondoshlari va kelajak avlodga sabog‘i, ibratidir.

Gulsanam XOLIQULOVA,

SamDU doktoranti.