Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘qituvchilar uchun STEAM laboratoriya o‘z faoliyatini boshladi 

Samarqand viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazida STEAM laboratoriya ochildi. 83 million so‘m sarflangan ushbu laboratoriya zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. 

Malaka oshirishga kelgan o‘qituvchilar STEAM laboratoriyada o‘quvchilarga innovatsion dars o‘tish tajribasini oshiradi.

Xo‘sh, o‘zi STEAM laboratoriya nima degani?  

STEAM atamasi AQShda ilk bor maktab dasturiga kiritilgan bo‘lib, o‘quvchilarning ilmiy-texnika yo‘nalishlarida kompetensiyalarini rivojlantirishga qaratilgan. STEAM - ta’limi bolaning rivojlanishini tashqi olam bilan bevosita bog‘laydi. Ma’lumki, tabiiy fanlar atrofimizdagi olam bilan bevosita bog‘liq, texnologiya kundalik hayotimizda doimiy qo‘llaniladi, muhandislik esa uylar, yo‘llar, ko‘priklar va mashina mexanizmlarda o‘z aksini topgan, biror bir kasb, kundalik mashg‘ulotlarimiz ozmi-ko‘pmi matematika bilan bog‘langandir.

Shunga ko‘ra, dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida bunday yondashuvga katta ahamiyat berilmoqda. Jumladan, Yevropaning 10 dan ortiq mamlakatlari (Avstriya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Niderlandiya, Norvegiya, Buyuk britaniya, Italiya, Irlandiya, Ispaniya va boshqalar) milliy strategiya va tashabbuslarida bu hisobga olingan.

Turli xil baholashlarga ko‘ra, hozirgi kunda talabgor eng ko‘p bo‘lgan 10 mutaxassisdan 9 tasida aynan STEAM bilimlari zarur bo‘ladi. Bunday kasblarga: muhandis-kimyogar, neft bo‘yicha muhandislar, kompyuter tizimlari analitiklari, muhandis-mexaniklar, muhandis-quruvchilar, robototexniklar, yadro meditsinasi kiradi.

STEAM dasturlari 7-14 yoshdagi o‘quvchilarning muttasil ravishda o‘tkaziladigan mashg‘ulotlarga qiziqishlarini orttiradi. Masalan, fizika darslarida yerning tortish kuchi o‘rganilganda, doskada formulalarni yozib tushuntirilsa, STEAM to‘garaklarida raketalar, samolyotlar, parashyutlar qurib, ishga tushirib o‘z bilimlarini mustahkamlaydilar.

O‘quvchilar o‘zlari ko‘rmagan yoki eshitmagan atamalarni har doim ham tez anglab yetmaydi. Masalan, temperatura ortishi bilan bosimning yoki hajmning ortishi. STEAM mashg‘ulotlarida ular qiziqarli eksperimentlar o‘tkazganlarida bu atamalarni osongina tushunib olishlari mumkin.

Markazda ochilgan laboratoriya hali ushbu yo‘nalishdagi ishlarning debochasidir. Kelajakda STEAM laboratoriya yanada kengaytirilishi rejalashtirilgan.

Samarqand viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi axborot xizmati.